Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda an’anaviy «Ipak va ziravorlar» festivali karvoni yurishi yomg‘ir bilan boshlandi (foto)  

Buxoroda an’anaviy «Ipak va ziravorlar» festivali karvoni yurishi yomg‘ir bilan boshlandi (foto)  

Foto:«Xabar.uz»

Xalqaro an’anaviy «Ipak va ziravorlar» festivalining o‘ziga xos serviqor tantanali karvoni yurishi sharros yomg‘ir ostida «Ark» qo‘rg‘onidan «Labi Hovuz»  qadar davom etdi. Xalqimizning boy madaniy merosi, an’analarini o‘zida aks ettirgan folklor jamoalarning chiqishlari, xalq amaliy san’ati ustalarining hunarmandchilik mahsulotlari, ipak matolar jozibasi, betakror liboslar ko‘rki minglab tomoshabinlar qalbiga zavq ulashdi.

Foto:«Xabar.uz»

Festivalning tantanali ochilish marosimi Labi Hovuz majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda 50 dan ortiq davlatlardan mehmonlar, shuningdek, 35 elchixona vakillari, xalqaro tashkilot hamda  10 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi. Ochilish marosimi Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov tabrik so‘zi bilan ochildi. Unda festivalning nufuzi yildan-yilga oshib, qamrovi kengayotganligi ta’kidlandi.

Foto:«Xabar.uz»

-Festival karvoni yurishini birinchi marta ko‘rayapman. Sayohatimning aynan festival kunlariga to‘g‘ri kelib qolgani men uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Judayam zavqli ekan. Hatto, yomg‘irning sharros quyishi ham hech kimni tashvishlantirmadi. Qaytaga festivalga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Ayniqsa, yomg‘irdan so‘ng Buxoro osmoni bo‘ylab kamalakning kamondek yoyilgani hayratlarimizni oshirdi, -dedi Qozog‘istonning Ostona shahridan kelgan Yelena Prisyajina.

200 dan ortiq savdo yarmarkalari, tajribali va mohir ustalar mehnati bilan yaratilgan betakror san’at asarlari, shifobaxsh o‘simliklari ko‘rgazma-yarmarkalari tashkil etilgan. O‘tmish ustalari jilo bergan zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, kandakorlik buyumlari, to‘qilgan ipak gilamlar, zarrinqalam xattotlar va musavvirlar yaratgan qo‘lyozma kitoblar va miniatyuralar dunyodagi eng mashhur muzeylarning noyob eksponatlarini yana bir karra dunyoga namoyish etishdek ezgu maqsad ko‘zlangan.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring