Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda qatorasiga 3 kun tungi reydlar o‘tkazildi — IIV (foto)

Buxoroda qatorasiga 3 kun tungi reydlar o‘tkazildi — IIV (foto)

Buxoro viloyati IIB, Milliy gvardiya, Mahalla, Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 9-11 mart kunlari tungi vaqtlarda Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, viloyatning barcha tumanlari hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tungi klub, kafe bar, restoran, chilimxona va boshqa ko‘ngilochar joylarda tungi reydlar o‘tkazildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tungi vaqtlarda sodir etiladigan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish, ayniqsa tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Xodimlar 2 ta guruhga bo‘lingan holda xizmat olib borishdi. Guruh xodimlari uchun alohida avtobus ajratildi.

Olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida jami 330 nafar shaxslar ichki ishlar bo‘limlariga olib kelindi. E’tiborlisi, ularning 100 dan ortig‘ini qizlar tashkil qildi.

Tungi ko‘ngilochar joylarda yurgan yosh o‘g‘il-qizlar bilan Yoshlar ittiqofi va psixolog xodimlar tomonidan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, oilaviy yashash sharoitlari, nima sababdan bemahalda (tungi soatlarda) bunday joylarda yurganliklari o‘rganildi. Xodimlar tomonidan ularning barmoq izlari olinib, viloyat hududida sodir etilib, ochilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqador yoki yo‘qligi, qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatlaridan tekshirildi.

Tungi klub va boshqa ko‘ngilochar joylar egalari hamda mas’ullariga voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb etmaslik, tungi vaqtlarda voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida tushuntirilib, ogohlantirish ishlari olib borildi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-2-moddasida ko‘rsatilgan 4 ta (voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish) huquqbuzarlik hamda 5 ta foxishalik bilan shug‘ullanish holatlari aniqlandi.

Bu kabi tadbirlar davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda fuqarolar, ayniqsa o‘smir yoshdagi farzand o‘stirayotgan ota-onalarga murojaat qilib qolamiz!

Hurmatli ota-onalar! Farzandingizning taqdiriga befarq bo‘lmang, ularning qayerda, kim bilan va nima ish qilib yurganliklarini surishtirishni kanda qilmang, aks holda oqibati yaxshilikka olib bormaydi!

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring