Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buyuk allomalardan «fokuschi» yasamaylik

Buyuk allomalardan «fokuschi» yasamaylik

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Shunchalik avliyomisan? Havoda muallaq turgan «alloma»ning Imom al-Buxoriy ekanligini qayerdan bilasan? Peshanasiga yozib qo‘yibdimi, deb iddao qilmang. Har holda tarixdan xabari bor yurtdoshimning ko‘z oldiga orqa fonda Buxoro minorasi, qo‘lida Tafsiri Irfon (Qur’on sharhi), qo‘lida hassa tutgan oppoq sallali, oppoq soqolli allomaning ko‘rinishida Nasriddin afandi emas, aynan Imom Al-Buxoriy siymosi namoyon bo‘lishi aniq.  

Ochig‘i, turizm sanoatida allaqachon eskilikka aylangan, ensani qotiradigan ko‘cha masxarabozlari —eskilik «innovatsiya»sidan «uchar darvesh» yasadik. 

Ha endi darrov tanqid qilmaylik, harakat bor dedik. Keyin oddiy darveshdan allomalarga o‘tdik.

Shaxsiy manfaatimiz kunduzi avtomobil chiroqlarini yoqishga qarshi kurashdigu, islom ma’rifati, buyuk tariximiz hurmati «Chelovek pauk»ka aylantirilgan buyuk allomalar targ‘iboti borasida lom-mim demadik. Bu tendensiya borgan sari ommalashib boraverdi. O‘tgan yillarda boshlagan bu «uchar allomalar» targ‘iboti 2019-yilga kelib yanada ommalashdi.

Yaqinda Surxondaryoda o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik festivalida sayyohlar «hurmati» uchun yana Al-Buxoriy eksponati hassada turib berdi.   

Maqsad nima? Xorijiy sayyohlarni hayratlantirishmi?

«Kichik haj» sayyohlik shiori bilan O‘zbekistonga kelayotgan va xalqaro M-37 yo‘li chetida biohojatxona topolmay, saksovullarni «sug‘orayotgan» janubi-sharqiy osiyoliklar uchun avval qulay sharoitlar yaratib qo‘yaylik. Ularni «muallaq allomalar» bilan emas, cho‘l o‘rtasida issiq suv, sovuq suv bilan hayratlantiraylik.

Qozog‘istondagi «Oltin odam» tarixiy eksponatining ko‘chma namoyishi dunyo bo‘ylab milliarlab foyda, sayyohlarni ergashtirib kelayotganidan ibrat olaylik. «Oltin odam» tarixiy yodgorligi ehtimol millionlab tarixchilar uchun qiziqdir, ammo Xastimomdagi Qur’oni Karimning Hazrati Usmon Mushafi qariyb 1,5 milliard musulmonlar uchun orzu.

Biz 2025-yilgacha O‘zbekistonda sayohlar sonini 9 millionga yetkazishni mo‘ljalladik. Hech bo‘lmaganda, 2020 yilning o‘zida 10 million musulmon sayyoh Qur’ondagi xalifa Usmonning muborak qonlarini ko‘rib hayratlansin. 

Diniy qadamjolardan birida yurtboshimiz Shavkat Miromonovichning «Odamlarimiz Al-Buxoriy ziyoratiga borishadi. Ammo aksariyati nima uchun borayotganini bilmaydi. To‘g‘ri duo qilishni bilmaydi» degan fikrini tahlil qilaylik. Bugun muqaddas qadamjolardan ruhiy taskin emas, qo‘lida pichoq bilan tovuq ko‘tarib «kushxona»ga chopayotgan, qabrlardan najot so‘rab Allohning qahriga uchrayotgan ba’zi yurtdoshlarimiz, jazavaga tushayotgan tilanchilardan uyalaylik. 

Xabaringiz bor, BMT minbarida O‘zbekiston tomonidan Imom al-Buxoriy nomi yangradi. Ushbu nom bilan 23 ta arab davlati ham faxrlanishini, ular Qur’on tilida gaplashsada, ayrimlari Muhammad alayhissalom dafn etilgan yurtda yashashsa-da, ammo Qur’ondan keyingi muqaddas kitob muallifiga beshik bo‘lgan O‘zbekistonga havas qilishini o‘ylaylik.

Bir paytlar Al-Buxoriyning paxta dalasidagi xaroba maqbarasidan ranjigan, maqbarani o‘z yurtiga olib ketish evaziga maqbara og‘irligiga teng oltin va’da qilib yig‘lagan Indoneziya prezidenti iymoni hurmati «kichik haj» deya kelayotgan indoneziyalik, malayziyalik, singapurliklar oldida xijolat bo‘lmaylik.

Xulosa o‘rnida. Rivoyatda kelishicha, imom Buxoriy bir kishida hadis borligini eshitib, uzoq yo‘l yurib, uni topib borganlar. Qarasalar, u kishi qochib ketgan hayvonni tutib olish uchun kiyimining etagini ko‘tarib, hayvonga unda yem bor qilib ko‘rsatib turgan ekan. Imom Buxoriy: «Hayvonni aldashga jur’at qilgan odamdan hadis qabul qilib bo‘lmaydi», deb ortlariga qaytgan ekanlar.

Mana shunday ulug‘ zot kiygan yaktagi ichidan o‘tkazilgan temirda muallaq turib «tomosha ko‘rsatishi» mumkinmi?

Nasib etsa, 2020-yilda «Islom madaniyatining poytaxti» unvoni beriladigan Buxoroi Sharifda buyuk muhaddis alloma Imom Buxoriydek zotni kamsitib kalaka qilmaylik, islom ma’rifati, buyuk tariximizga tuhmat qilib qo‘ymaylik.

                                                                                     Jonibek Shuhratov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring