Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bular shunchaki avtobus emas... (foto)

Bular shunchaki avtobus emas... (foto)

Foto: MTV matbuot xizmati

Bugun, 4-oktyabr kuni mobil va modulli maktabgacha ta’lim muassasalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ular oddiy MTTlarni qurish imkonsiz bo‘lgan chekka qishloq joylari, tog‘li hududlar va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari uchun mo‘ljallangan.

Maktabgacha ta’limning muqobil shakllari taqdimotida MTV tomonidan 16 ta qayta jihozlangan avtobuslar, bolalar maydonchalari bo‘lgan ikkita avtoturargoh va 2 ta modulli MTT taqdim etildi.

Isuzu HC 40 rusumli avtobuslar asosida harakatlanadigan MTTlar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi. Ko‘chma guruhlarda bo‘lish muddati 3 soatdan oshmaydi, maksimal soni 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 16 nafar bola bo‘ladi. Darslarni barcha tarbiyalanuvchilar uchun qiziqarli qilish maqsadida, MTV mutaxassislari turli yoshdagi guruhlar uchun maxsus dastur ishlab chiqdilar, o‘qituvchilar esa tegishli tayyorgarlikdan o‘tdilar.

O‘quv-tarbiyaviy jarayon ikki smenada, majburiy ovqatlanishsiz, lekin yengil tamaddini isitish imkoniyati bilan amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlarning katta qismi ochiq havoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yo‘nalishning har bir nuqtasida chodir, to‘siqlar, o‘rindiqlar, tepaliklar, arg‘imchoqlar, o‘yin uychalari va qum maydonchasi bilan jihozlangan avtoturargoh bo‘ladi.

«Ko‘chma va modulli bolalar bog‘chalarining tashkil etilishi mintaqalardagi maktabgacha tarbiya tashkilotlarining kuchli yetishmasligidan ifodalanadigan muhim qadamdir. Maktabgacha ta’lim vazirligining ikki yillik faoliyati davomida, respublika miqyosida 120ta yangi davlat MTTlar ochildi, ammo bu yetarli emas. Agar Toshkentda biz 80,6 foiz maktabgacha ta’lim bilan qamrab olgan bo‘lsak, poytaxt va yirik shaharlardan tashqarida bu ko‘rsatkichlar ancha past. MTMga bormaydigan bolalar foizi 90 foizini tashkil etadigan hududlar mavjud.  Qurilish — uzoq vaqt talab qiladigan va qimmatga tushadigan jarayon bo‘lib, ba’zi joylarda elektr va kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, bolalarning yetarlicha bo‘lmasligi sababli bu jarayon hozircha imkonsiz. Bundan tashqari, ta’lim hozirdanoq talab etiladi, axir maktabgacha yoshdagi bolada aqliy faollikka bo‘lgan ehtiyoj keskin ortadi.

Rekord darajadagi qisqa vaqtda joriy etilishidan tashqari, maktabgacha ta’limning muqobil shakllari kamroq xarajat talab qilishi bilan ham ajralib turadi. Uzoq va chekka hududlarda juda oz sonni tashkil etuvchi bolalar uchun oddiy MTTni qurishdan ko‘ra, 7ta modulli yoki 7 harakatlanuvchan (avtobuslar yordamida) MTTlarni joriy etish o‘sha hududlarda yashovchi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan tezroq qamrashga ko‘mak beradi», —deydi O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Mobil MTM loyihasi MTV maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va boshqarish Bosh boshqarmasi va «O‘zavtosanoat» AK tomonidan amalga oshirildi.

«Mobil MTM loyihasi doirasida «O‘zavtosanoat» AK mutaxassislari nafaqat avtobuslarni qayta jihozlab, haydovchilarni o‘qitishdi, balki sho‘ba korxonalari bazasida bolalar maydonchalari uchun mebel va aksessuarlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ydilar.

Ishlab chiqarish butunlay mahalliylashtiriladi, bu esa kerak bo‘lganda avtoparkni tezda kengaytirishga imkon beradi. Bundan tashqari, biz har bir joyda yo‘nalish va vaqtni nazorat qilib borish uchun avtobuslarga GPS-trekerlarini o‘rnatamiz», — deydi «O‘zavtosanoat» AK boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov.

Maktabgacha ta’lim vazirligi modulli maktabgacha ta’lim tashkilotlari namunalarini ham taqdim etdi. Har bir tuzilma bir-biriga bog‘langan to‘rtta dengiz konteynerlaridan iborat bo‘ladi. Asosiy joy bolalar mebellari, o‘yinchoqlari va o‘quv materiallari bilan jihozlangan mashg‘ulot va o‘yin maydoni uchun ajratilgan. To‘liq kunlik guruhlar uchun yengil bo‘lgan, yig‘iluvchan krovatlar ko‘zda tutilgan.

«Modulli va mobil MTTlar maktabgacha ta’lim sohasi  bugungi kunda muhtoj bo‘lgan tezkor va samarali yechim bo‘ladi. Ular infratuzilmalarga bog‘liq bo‘lmaydi, chunki ular barcha zarur narsalar bilan jihozlangan: hojatxona, issiq va sovuq suv ta’minoti, tayyor ovqatni isitish uchun oshxona, konditsionerlar bilan jihozlangan, avtobuslarda esa quyosh batareyalari o‘rnatilgan. 

Mobil MTTlar loyihasi respublika bo‘yicha  44 ta manzilni o‘z ichiga qamrab oladi - aslida bu 44 ta kichik-MTTlar bo‘lib, ular orqali 2 ming nafar bolakay qamrab olinadi. Biz tumanlar qanday sharoitda yashayotganini va ota-onalar ushbu loyihani qanday kutganligini bilamiz. Avtobuslar ishga tushishidan oldin ham ular vazirlikdan farzandlarini mobil guruhlarga yozishni so‘rab xat yozishardi. Mobil MTTga qatnash bepul bo‘lishi juda muhim ahamiyatga egadir.

Shuningdek, kichik aholi punktlarida konteynerlardan iborat bo‘lgan MTTlar paydo bo‘ladi. Modulli MTTlarni qurish ishlari atigi ikki oyni tashkil etadi, bu odatiy binoning qurilishidan ancha tezroq. Bundan tashqari, ular turli xil qo‘shimchalarni joriy etish imkonini beradi: qo‘shimcha bloklar yordamida maydonni osongina kattalashtirish mumkin, shuningdek qismlarga ajratib, yangi joyga ko‘chirish mumkin», — deya qayd etdi MTV Maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish Bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva.

Mobil va modulli MTTlarni qurish va pardozlash ishlarida issiqlikka, olovga chidamli va sog‘liq uchun zararsiz bo‘lgan materiallar qo‘llaniladi.

Turin politexnika universiteti mutaxassislari mobil MTTlar, «UzAutoTRAILER» MChJ esa modulli MTTlarning loyihalashtiruvchilari bo‘ldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring