Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

Foto: Uznature.uz

2 iyul — «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan kun.

Qonunga muvofiq Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir. Davlat gerbidagi har bir rang, chiziq, belgi chuqur ramziy ma’noga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.

Qonunchilikka muvofiq O‘zbekistonda istiqomat qiladigan barcha shaxs davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart.

Jinoyat kodeksiga asosan, O‘zbekiston yoki Qoraqalpog‘istonning Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring