Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolalar o‘qishga taksida qatnamoqda. Pul ko‘pligidan emas, majburlikdan!

Bolalar o‘qishga taksida qatnamoqda. Pul ko‘pligidan emas, majburlikdan!

«Hazorasp-Bo‘ston» yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmagani aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Bo‘ston qishlog‘i Hazoraspning Amudaryo sohiliga tutash, markazdan olisroqda joylashgan hudud sanaladi. Bu yerda 10 000 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.

- Ko‘pchilik bolalar tuman markazidagi maktab-internatlari yoki kasb-hunar kollejlariga taksida qatnab o‘qishadi. Taksi yo‘l kira haqi esa qimmat. Agar qishlog‘imizda avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, yoshlarimiz uchun katta bir imkoniyat yaratilgan bo‘lar edi, - deydi «Qovunchi»  mahallasida yashovchi fuqaro G. Qadamboyeva.

Bir paytlari ushbu hududga «Hazorasp-Otov»  yo‘nalishida avtobus va marshrutkalar qatnagan ekan. Otov – Bo‘ston qishlog‘iga qo‘shni bo‘lgan Bog‘ot tumaniga qarashli hudud. Bundan kelib chiqadiki, Bog‘ot tumanining Qipchoq, Bo‘ka va To‘pchi mahallalaridan ham o‘g‘il-qizlar Hazorasp tuman markaziga qatnab o‘qishadi. Shuningdek, bu hududda markazga ishga qatnovchilar ham talaygina.

- Odam degani isssiq jon. Kimdir kasal bo‘lib shifoxonaga qatnaydi. Kimdir yotib davolanayotgan yaqinlarini ko‘rgani boradi. Avtobus yo‘qligidan oddiy xalq juda qiynaladi, - deydi yana G.Qadamboyeva.

- Avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yishni talab qilib, bir necha yildan buyon tegishli mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilib kelamiz, - deydi bog‘otlik fuqaro N. Ro‘zimov.

– Oldiniga faqat Hazorasp tuman markazida bozor bo‘lishi inobatga olinib, seshanba, payshanba, shanba va yakshanba kunlari avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Shunisiga ham rozi edik, ammo bu qatnov ham to‘xtatib qo‘yilganiga 5-6 yil bo‘ldi.

Hazorasp tumani Qovunchi mahallasi fuqarolari bilan suhbatlashganimizda ular sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuv va qabullarda bu masalani ko‘p bora o‘rtaga tashlashganini ochiqlashdi. Biroq bu talab va takliflarga jiddiy e’tibor qaratmayotgani bois muammo ochiqligicha turibdi.

E. Baxt

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring