Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sudning oqlov hukmi va BMTning qarori talablari qachon bajariladi?

Sudning oqlov hukmi va BMTning qarori talablari qachon bajariladi?

Foto: «Xabar.uz»

Iqtisod fanlari doktori, professor, Termiz davlat universitetining sobiq rektori Xidirnazar Allaqulov tahririyatimizga murojaat qilib, 14 yildan beri buzilgan haq-huquqlari tiklanmayotganidan shikoyat qildi. Qo‘lida sudning oqlov hukmi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining uning hokimiyat tomonidan o‘tkazilgan bosim tufayli ishdan ketishga majbur bo‘lgani, shu munosabat bilan uning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini tiklash va yetkazilgan moddiy-ma’naviy zararni undirish haqidagi qarori bor. Biroq afsuski uning qo‘lidagi sud qarori ham, xalqaro darajadagi hujjat talablari ham ijro etilmasdan kelmoqda. Quyida muallifning murojaatini aslicha e’tiboringizga havola qilamiz.


Men Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 24-maydagi qarori Termiz davlat universiteti (TerDU)ning rektori etib tayinlangan edim. Rektorlik faoliyatimga qadar TerDUda sodir etilgan noqonuniy ishlarga, universitet va uning atrofidagi korrupsiyaga vakolatim doirasida qarshi kurashib, chek qo‘ydim.

Test sinovlarida mutlaqo qatnashmagan yoki yetarli ball to‘play olmagan yoxud hujjatlarini boshqa shaharlardagi oliy o‘quv yurtlariga topshirib, test sinovlarida yetarli ball to‘play olmaganligi uchun talabalikka qabul qilinmagan abituriyentlar rektorning talabalikga qabul qilish haqidagi buyruqlarisiz (!) universitet talabalari tarkibiga kiritilib, noqonuniy o‘qitilib, diplomlar berib kelingan. Boz ustiga, bir xil familiyadagi abituriyentlarning test sinovlarida to‘plagan ballari almashtirilgan. Yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlarga kirish buyruqlari chiqarilib, yetarli ball to‘plaganlarga esa buyruqlar chiqarilmasdan, o‘qitilib kelingan.

Noqonuniy o‘qitilib kelingan talabalar ro‘yxatini ilova qilgan holda Vazirlar Mahkamasi, Prezident devoni va boshqa idoralarga ma’lumotnomalar taqdim etdim. Muammoning hal etilishini so‘radim. Lekin oradan ikki yil o‘tsa-da, bu muammo hal etilmasdan, ochiq qoldirildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, hokimiyat vakillari va boshqa shaxslar mendan bu «talabalar»ga kirish buyruqlari chiqarib, qonuniy qabul qilingan talabalar safiga qo‘shishimni talab qilishdi. Men ularning talablarini bajarmadim.

TerDUda shunday muammo borligini yuqori idoralar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar yaxshi bilishgan. Aniqlanishicha, bunday «talabalar» soni 917 nafar bo‘lgan. Lekin o‘zlarini bilmaganga olib kelishgan. Chunki bunday «talabalar» safida ularning o‘zlarining ham farzandlari, qarindoshlari va «tanish»lari bor edi. Shu muammoni ko‘tarib chiqqanim ularga yoqmadi. Mening o‘zimni aybdor qilmoqchi bo‘lishdi.

Abituriyentlarni talabalikka qabul qilishda adolatli usul qo‘lladim. Bo‘sh (vakant) joylar uchun kontrakt to‘lovi asosida o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar qat’iy ballar ketma-ketligida qabul qilindi. Mahalliy OAVlar orqali ballar bo‘yicha muntazam e’lonlar berib borildi. Abituriyentlarning uylariga telegrammalar yuborildi. Aks holda 168 ball to‘plagan bir yoqda qolib, 68 balli «da’vogar»larning omadi chopgan bo‘lardi. Bu usul ham ularga yoqmadi. Chunki bu usul mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etilgudek bo‘lsa, ularning «tor» manfaatlari yo‘liga to‘siq bo‘lar edi.

Shuningdek, abituriyentlarni talabalikka qabul qilish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga ajratiladigan davlat kvotasidan tashqari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qo‘shimcha o‘rinlar ham muayyan «shart»lar bajarilishi evaziga berib kelindi. Bunday «shart»larni bajarish evaziga qo‘shimcha o‘rinlar olish uchun abituriyentlarning ota-onalarining oldiga shunday «shart»larni qo‘yishim kerak edi. «Shartlar»ni bajarish evaziga qo‘shimcha o‘rinlar olishni rad etdim. Mening rektorlik davrimda birorta ham qo‘shimcha o‘rinlar olinmadi. Bu ham ularga yoqmadi.

TerDUning g‘aznasi va bankdagi hisob raqamidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi va viloyat xo‘jalik sudining mansabdor shaxslarining himoyasida bo‘lgan universitetning mansabdor shaxslari, firma va bank muassasasi rahbarlari tomonidan talon-toroj qilingan rasmiy kursda 600 000 (olti yuz ming) AQSh dollariga teng pulni universitetga qaytartirdim. TerDU va uning atrofida sodir etilgan noqonuniy qilmishlarning ko‘lami keng. Yuqorida keltirilgani kabi g‘ayriqonuniy qilmishlar ro‘yxatini qo‘limdagi o‘zgarmas, o‘z kuchini yo‘qotmaydigan va rad etib bo‘lmaydigan hujjat-dalillar asosida davom ettirishim mumkin. Ammo kichik bir maqola doirasida barcha g‘ayriqonuniy qilmishlarni bayon etishning imkoni yo‘q.

Surxondaryo viloyat prokuraturasi 2004-yil 26-aprel kuni qasddan menga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilgan, mansab sovuqqonligi va xizmat soxtakorligi sodir etgan deb jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bosh prokuratura jinoyat ishini alohida nazoratga oldi.

Tergov harakatlari olib borilayotganiga qaramasdan, «O‘zbekiston ovozi» gazetasining bosh muharriri Safar Ostonovning imzosi bilan ushbu gazetaning 2004 yil 20 may sonida «Respublika prokuraturasi diqqatiga» degan tahdidli ruknda men haqimda «Holvani rektor, kaltakni student yeydimi? Yoki davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar ayrim joylarda qanday talon-toroj qilinayotgani va o‘g‘irlanayotgani haqida» sarlavhali feleton chop etildi.

Safar Ostonov O‘zbekiston Konstitutsiyasining 26, 48-moddalari, aybsizlik prezumpsiyasi talablarini mensimasdan, milliy qonunlarning bir emas, 15 ta moddasi talablarini buzib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, xizmat soxtakorligini sodir etib, o‘zboshimchalik bilan oldindan meni «jinoyatchi» va «aybdor» deb xulosa berdi va e’lon qildi. Sha’nim, qadr-qimmatim va ishchanlik obro‘mga tajovuz qildi. Qonunga xiyonat qildi.

O‘sha paytdagi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, hozirgi kunda Prezidentning davlat maslahatchisi 2004-yil 14-iyun kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi va feletonni asos qilib, rektorlik lavozimidan ketish haqida vakolatga ega bo‘lmagan Bosh vazir o‘rinbosari Alisher Azizxo‘jayev nomiga ariza yozishimni talab qildi. Bu Prezident devoni talabi ekanligini ta’kidladi. Men ariza yozmasligimni bildirdim. O‘sha paytdagi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘zimni emas, farzandlarim taqdirini ham o‘ylashga majburligimni, aks holda bundan-da yomon oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini alohida ta’kidladi.

Yuqorida keltirilgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar, bosim va tazyiqlar tufayli ariza yozishga majbur bo‘ldim. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-iyundagi qarori bilan rektor lavozimidan ozod etildim.  

Bosim tufayli ariza yozishga majbur bo‘lganimni sudlarning majlislarida tasdiqlab, sakkiz nafar guvoh, ular qatorida vazir o‘rinbosari akademik Shavkat Ayupov ham bor, ko‘rgazmalar va tushuntirish xatlari berishdi.

Prokuratura 2004 yil 23 iyul kuni qasddan menga nisbatan olti epizodli ayblov e’lon qilib, jinoyat ishini sudga o‘tkazdi. Munosab xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat olish orqali ochiqda qoldirish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Ustimdan sud jarayonlari olib borilayotganiga qaramasdan, «O‘zbekiston ovozi» gazetasining bosh muharriri Safar Ostonovning imzosi bilan gazetaning 2004-yil 28-sentyabr sonida aybsizlik prezumpsiyasi talablariga zid ravishda «Holvani rektor, kaltakni student yeydimi?»  sarlavhali ikkinchi feleton chop etildi va men «bosh aybdor» deb e’lon qilindim. Shu sababli jinoyat ishining nazorati yanada kuchaytirildi.

Jinoyat ishini jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining tuman sudlaridan boshlab Oliy sud bilan jami 14 ta sudning 30 nafardan ortiq sudyasi uch yil mobaynida ko‘rib chiqib, meni sud qilishdi. Ushbu sudlarning barchasi meni haq, prokuratura organlari va matbuotni nohaq deb topishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tuman sudi qo‘yilgan ayblar bo‘yicha meni mutlaqo aybsiz deb e’tirof etdi va 2006-yil 23-fevral kuni Jinoyat protsessual kodeksning 83-moddasi 1, 2 va 3-bandlariga ko‘ra oqlov hukmi chiqarib, e’lon qildi. JPKning 304—314-moddalari tartibida huquqlarim tiklanishi va menga nisbatan yetkazilgan zarar qoplanishi shart ekanligini oqlov hukmida ko‘rsatdi.

Ammo prokuratura organlari oqlov hukmini qabul qilolmadi. Protestlar keltirishdi. Shu sababdan yana bir yarim yilga yaqin sudma-sud yurib sarson-sargardon bo‘ldim.

Dehqonobod tuman prokurori kiritgan protest va Bosh prokuratura ikki marta keltirgan protestlar sudlar tomonidan rad etilib, oqlov hukmi yana uch marta qayta tasdiqlandi.

So‘nggi marta jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi apellyasiya instansiyasi oqlov hukmining asosli va qonuniy ekanligini tasdiqlab, 2007-yil 5-iyun kuni ajrim chiqardi. Uch yil davom etgan sud jarayonlariga nuqta qo‘yildi va oqlov hukmi uzil-kesil qonuniy kuchga kirdi.

Sud hujjatlari va oqlov hukmida: «Universitetda uzoq yillar davomida abituriyentlarni talabalikka qabul qilish qoidalari qo‘pol ravishda buzilib, ayrim talabalar noqonuniy yo‘l bilan o‘qitilib, ularga noqonuniy diplomlar berib kelingan. X.Allaqulov esa rektor sifatida faoliyatining dastlabki kunlaridanoq ushbu noqonuniyliklarga qarshi kurashib, bu holatlarga chek qo‘ygan... X.Allaqulov Termiz davlat universitetidagi talon-toroj va noqonuniyliklarga chek qo‘yganligi uchun manfaatdor guruhlar va shaxslar tuhmat uyushtirgan. Prokuratura tomonidan yuqori idoralarga taqdimnomalar kiritilgan. Prokuratura qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, X.Allaqulovni ayblamoqchi bo‘lgan», — deb yozilgan.

Prokuratura nafaqat menga nisbatan qasddan ayblovlar e’lon qildi, balki boshqa shaxslar, bank muassasasi va firmalarning rahbarlari tomonidan universitetning rasmiy kursda 600 ming AQSh dollariga teng talon-toroj qilingan pullarini va boshqa jinoyatlarni tasdiqlovchi hamda men tergovda va Prezident devoniga taqdim etgan hujjatlarning nusxalari va bergan ko‘rgazmalarimni qasddan tergov materiallaridan chiqarib, yo‘q qilgan. Bu hujjatlar mening qo‘limda mavjud. Prokuraturaning mansabdorlari sodir etilgan haqiqiy jinoyatlarni yashirib, jinoyatlar sodir etdi. Qonunga xiyonat qildi. Adolatga tupurdi.

Sud oqlov hukmi bilan birga Vazirlar Mahkamasiga «X.Allaqulovning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini tiklash maqsadga muvofiq va lozim» degan mazmunda xat kiritdi. Lekin oqlov hukmi va sudning xati mutlaqo e’tiborsiz qoldirildi. Avvalgi ishimga tiklanmadim. Binobarin, toptalgan sha’nim, qadr-qimmatim va ishchanlik obro‘m tiklanmadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahridagi sudlarga kiritgan da’vo arizalarim va Oliy sudga nazorat tartibida kiritgan shikoyatlarim rad etilib, huquqlarim tiklanmadi.

Bosh prokuror Rashid Qodirov va birinchi Prezident nomlariga kiritgan shikoyatlarim va murojaatlarimga hattoki javob xatlari ham olmadim.

Sha’nim uchun BMT Bosh assambleyasining rezolyusiyasi bilan 1966 yilda qabul qilingan, O‘zbekiston 1995-yilda ratifikatsiya qilgan, qo‘shilgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bilan berilgan huquqlarimdan foydalanib, Jeneva borib, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komitetiga 2011-yil murojaatnomam va ilova qilingan hujjatlarni taqdim qildim.

Komitetdan 2014-yil 20-iyun sanasi bilan xat oldim. Xatda murojaatnomam ish sifatida rasman ro‘yxatga olingani, nusxasi va ilova qilingan hujjatlar davlatga yuborilgani, olti oy muddat belgilangani, davlatdan shu muddat ichida ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida yoki fikri haqida ma’lumot berish so‘ralgani, davlatning har qanday javobi menga taqdim etilishi bildirildi.

Men-ku sha’nim, or-nomusim deb komitetga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Davlatning xalqaro miqyosdagi obro‘si bor. Davlat arboblari davlat obro‘sini yuqori tutadi. O‘zining bir fuqarosi bilan xalqaro miqyosda tortishib, sudlashib yurmasa kerak. Menga nisbatan adolatni milliy qonunlar talablariga asosan davlatning o‘zi qaror toptiradi. Bu haqda komitetga ma’lum qilib, murojaatnomamni ko‘rmasdan qoldirishni so‘rayman degan fikrda edim.

Lekin men o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi.

Davlat O‘zbekiston nomidan «X.Allaqulovning murojaatnomasini komitetda ko‘rib chiqish nomaqbul» degan mazmunda komitetga to‘rt marta verbal notalar, ya’ni imzosiz javoblar yuborgan. Komitetning qarorida xuddi shunday deb yozilgan.

Komitetdan 2016-yil 25-noyabr sanasi bilan xat oldim. Xatda: «Ish hujjatlari ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish uchun tayyor. Komitetning 2017-yil 3-28-iyul kunlari Jenevada bo‘ladigan 120-sessiyasi muhokamasiga qo‘yiladi», — deyilgan edi.

Bu vaqtga kelib O‘zbekistonda holat o‘zgardi. Xalqning ruhiyatida, binobarin mening ham ruhiyatimda ko‘tarinkilik hosil bo‘ldi. 2017-yil «Xalq bilan muloqat va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilindi. Endi adolat o‘z ona vatanimda, davlatimning o‘zi tomonidan qaror toptiriladi deb ishondim. Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga ikki marta murojaatnoma taqdim etib, oqlov hukmi va komitetning xatini  ilova qildim.

Birinchi Prezidentning 1992-yil 9-martdagi P-137- va 2005-yil 7-maydagi P-2209-farmoyishlariga ko‘ra rektorlarni tayinlash va lavozimidan ozod etish vakolati faqat Prezidentda.

Prezidentdan menga nisbatan adolat xalqaro konvensiyaga binoan komitet tomonidan emas, milliy qonunlarga asosan o‘z davlatim tomonidan qaror toptirilishiga yordam berishni so‘radim. Bundan tashqari, Prezidentning shaxsiy qabulini ham so‘radim. Ammo mening ushbu murojaatlarim Bosh prokuratura va «O‘zbekiston ovozi» gazetasiga yuborilgan. Ulardan esa avvalgilaridek rad javoblari oldim. Murojaatlarim Prezident Shavkat Mirziyoyevga yetkazilmagan degan fikrdaman.

Komitet 2017-yil 3-28 iyul kunlari Jenevada bo‘lgan 120-sessiyasida murojaatnomamni ko‘rib chiqib, 19-iyul kuni xulosalar va qaror qabul qildi.

Komitet qarorining 6.3-bandida: «Komitet X.Allaqulovning hokimiyat tomonidan o‘tkazilgan bosim tufayli lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida ariza berishga majbur bo‘lganligi, ishdan bo‘shatishda protsessual qonunlarga rioya qilinmaganligi va milliy sudlar guvohlarning uning foydasiga bergan ko‘rsatmalarini inobatga olmaganligi haqidagi vajlarini e’tiborga oladi. Komitet mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasini X.Allaqulov hech qachon olmaganligi tufayli so‘nggi muddatni o‘tkazib yuborganligi va bu buyruqni u birinchi bosqich sudida uning da’vosi rad etilgan 2008-yil 28-avgustda birinchi marta ko‘rganligi haqidagi vajlarini ham e’tiborga oladi», — deb yozilgan.

Qarorining 8-bandida: «Komitet fakultativ protokolning 5-moddasi 4-bandiga muvofiq ish ko‘rib, unga taqdim etilgan faktlar ishtirokchi-davlat paktning 14-moddasi 1-bandini, 2-moddasi 3-bandi bilan birgalikda va paktning 17-moddasini alohida va 2-moddasi 3-bandi bilan birgalikda buzganligi haqida dalolat beradi deb xulosa qiladi», — deyilgan.

Qarorning 9-bandida: «Paktning 2-moddasi 3-bandiga muvofiq ishtirokchi-davlat X.Allaqulovga huquqiy himoyaning samarali vositalarini taqdim etishi shart. Bu paktda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari buzilgan shaxslarga to‘liq hajmda qoplashni talab qiladi. Ushbu holatda ishtirokchi-davlat, jumladan: a) X.Allaqulovga adekvat, ya’ni to‘liq hajmda kompensatsiya taqdim etishi, shu jumladan mahrum bo‘lgan ish haqi va olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari va uning obro‘siga yetkazilgan ziyon, sudda ishni ko‘rish bilan bog‘liq sud xarajatlari va ushbu taqdimnomada ko‘rsatilgan buzilgan huquqlari uchun; b) X.Allaqulovga uning obro‘si, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si tiklanishi uchun satisfaksiya(qoniqishi)ning tegishli vositalarini shahar sudining 2009-yil 16-yanvar kunidagi qaroriga muvofiq taqdim etishi shart. Shu bilan birga ishtirokchi-davlat kelajakda bunday huquqbuzarliklar bo‘lmasligining oldini olish choralarini ko‘rmog‘i shart», — deyilgan.

Qarorning 10-bandida: «Ishtirokchi-davlat fakultativ protokol ishtirokchisiga aylanib, komitetning paktning buzilgan holatlari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash vakolatini tan olganligi, paktning 2-moddasiga muvofiq ishtirokchi-davlat o‘zining hududi yoki uning yurisdiksiyasidagi barcha shaxslarga paktda tan olingan huquqlarni ta’minlash va huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda samarali va bajarilishi shart bo‘lgan huquqiy himoya vositalari bilan ta’minlash majburiyatini olganligini e’tiborga olib, komitet ishtirokchi-davlatdan 180 kun ichida komitetning mulohazalarini amalga oshirish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot olishni istaydi. Ishtirokchi-davlatga komitetning mulohazalarini chop etish va rasmiy tillariga tarjima qilish va ishtirokchi-davlatda keng tarqatish ham taklif etiladi», — deyilgan.

Komitetning qarori O‘zbekistonga 2017-yil avgust oyida kelib tushgan.

Konstitutsiya bo‘yicha milliy qonunlardan xalqaro konvensiyalar ustun turadi. Komitetning qarori bo‘yicha Prezident, Bosh vazir hamda Prezidentning davlat maslahatchilari va arboblari nomlariga to‘qqiz marta murojaatnomalar taqdim etdim. Uch marta videotasmaga yozilgan 2 soatu 18 daqiqalik videonutqimni kiritdim. Prezidentning shaxsiy qabulini ham so‘radim. Lekin bugungi kunga qadar davlat idoralari va organlaridan biron-bir javob olmadim.

Komitet qarorini bajarsa bajaraman, bajarmasa bajarmayman deb yoki qaror noto‘g‘ri bo‘lsa, noto‘g‘ri chiqarilgan deb davlat komitetga va menga javob bersin. Nega davlat hanuz jim?

Jamoatchilik orasida turli fikrlar va munosabatlar tug‘ilgan yoki jinoiy javobgarlikka tortilib, sudning hukmi bilan aybdor deb topilgan shaxslar davlatning yuqori lavozimlariga tayinlandilar. Ularga nisbatan mening aslo e’tirozim yo‘q. Bu shaxslar balki haqdir, lavozimlariga loyiqdir. Lekin ularga nisbatan sudning oqlov hukmi yoki komitetning qarori bormi?

Biroq nega ularga nisbatan qilingan adolat menga kelganda oqsab qolayapti? Nega bir tomonlama yondashiladi?

O‘zingiz xulosa qiling. Oqlov hukmi va komitetning qarori bo‘la turib, avvalgi ishimga tiklamasligim adolatdanmi?

Shunday ekan, sudning oqlov hukmi va komitetning qarori talablari qachon bajariladi?

Davlat va uning organlari yo‘l qo‘ygan xatolar tufayli 14 yildan buyon ishsizman, jabr chekib kelayapman axir!

Sudning oqlov hukmi va komitetning qarori, binobarin murojaatnomalarim hanuz Prezident e’tiboriga yetkazilmayapti degan fikrdaman. Prezident Shavkat Mirziyoyevdan avvalgi ishim — rektor lavozimiga, binobarin sha’nim, qadr-qimmatim va ishchanlik obro‘m tiklanishiga e’tibor qaratishini va menga nisbatan adolatni uzil-kesil qaror toptirishda yordam berishini so‘rayman.

Xidirnazar Allaqulov
iqtisod fanlari doktori, professor

Izohlar 6

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring