Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biznes boshlash va bankrot bo‘lmaslik uchun nima qilish lozim?

Biznes boshlash va bankrot bo‘lmaslik uchun nima qilish lozim?

Foto: Xabar.uz

O‘zmilliy bank tomonidan matbuot vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tur doirasida bank tomonidan moliyalashtirilgan «Golden Style Ceramics» MChJga tashrif buyurildi. OAV vakillariga nafaqat korxona faoliyati haqida, balki biznes yuritish haqida ham ma’lumotlar berildi.

«Golden Style Ceramics» haqida
Korxonaning asosiy faoliyati keramikadan santexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat. Hozir yurtimizda tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Yaqinda ham imkonsiz tuyulgan ishlarni endi bemalol boshlash mumkin. Masalan, 695 000 AQSh dollari miqdorida kredit olsa bo‘ladi. O‘zmilliy bank tomonidan «Golden Style Ceramics» MChJga ajratilgan kredit miqdori aynan shuncha.

Ammo bu hali hammasi emas. Korxona ishlab chiqarish uchun o‘zining 819 241 dollar sarmoyasini ham tikkan. Shunday ekan, loyihaning umumiy qiymati 1 524 240 dollar bo‘lib chiqmoqda. Buncha pulni biznesga tikish — aytishga oson. Daromadga kirish esa igna bilan quduq qazish ila barobar. Xo‘sh, foydaga kirish uchun nimalar qilish lozim? Korxona rahbari Nurillo Mahmudov bilan bo‘lgan suhbat mazmuni asosan shulardan iborat bo‘ldi.

Biznesga kirish haqida
Biznes boshlashda eng og‘iri nimada? Uni boshlab olish. Sizni turli fikrlar qiynaydi. Axir atrofda biznes g‘oyalar ko‘p va ularning bari avvaliga jozibador ko‘rinadi. Unisini boshlamoqchi bo‘lsang, bunisi o‘ziga ohanrabodek tortadi. Bo‘lg‘usi tadbirkor aynan shu yerda to‘g‘ri tanlovni amalga oshirishi lozim.

Tanlov haqida
Yetti marta o‘ylab, bir marta kes. Bu maqol aynan biznesmenga atalgan. Tadbirkor eng avvalo bozordagi talabni o‘rganishi lozim. Keyin esa ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxi muhim o‘rin tutadi. Agar xom-ashyo mahalliy bo‘lmasa, bu tabiiyki mahsulot narxiga ta’sir o‘tkazadi. Masalan, «Golden Style Ceramics» ishlab chiqaradigan santexnika mahsulotlarining xom-ashyosi 90 foiz O‘zbekistondan chiqadi. Shu bois ham tanlov aynan santexnika ishlab chiqarishda to‘xtaldi. 

Keyin esa aynan qaysi texnologiyadan foydalanish masalasi kun tartibiga chiqdi. Aytaylik, santexnika mahsulotlari ishlab chiqaradigan texnologiya Rossiya, Xitoy va Italiyada bor. Xo‘p, ulardan qay biri samaraliroq?

«Golden Style Ceramics» MChJ rahbariyati Italiya tanlovida to‘xtaldi. Boisi, italiyaliklar nafaqat texnologiya yetkazib berdi, balki uni o‘rnatish, ishga tushirish va mutaxassislar tayyorlashda ham yordam berdi.

Raqobat
Raqobatning foydasi haqida qancha gapirishmasin, tadbirkor uchun baribir bozordagi o‘rni muhim. Ya’ni, bozorda raqobatchi qancha kam bo‘lsa, tadbirkorga shuncha yaxshi. Aksincha holatda esa «yashash uchun kurash» boshlanadi.

Yurtimizda santexnika mahsulotlari ishlab chiqaradigan 5 ta korxona bor. Bundan tashqari import mahsulotlari ham raqobatning katta qismini tashkil etadi. Bu borada rossiyalik ishlab chiqaruvchilar yetakchi. Rossiya yaqin va transport masalasida muammo kam. Shu bois ruslar bozorimizga kirib kelishgan.

Bunday vaqtda mahalliy ishlab chiqaruvchi ikki jihat bilan raqobatda yengib chiqishi mumkin — narh va sifat.

Sifat
Agarda narh masalasida muammo u qadar katta bo‘lmasa, sifat borasida ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. «Golden Style Ceramics» tashkil etilganiga 2 yil bo‘ladi. Ishlab chiqarishni sifatli yo‘lga qo‘yishda asosiy muammo — mutaxassislar yetishmovchiligi. Santexnika borasida yurtimizda mutaxassislar juda kam. Shu bois o‘zbek yigitlari Italiyaga malaka oshirishga yuborildi.

Tan olish lozim, Italiyadan keltirilgan uskunalarni ishlatib, yo‘lga qo‘yib olgunga qadar «brak» mahsulot chiqdi. Santexnika ishlab chiqarishning yana bir afzal tomoni shundaki, «brak» mahsulot xom-ashyo sifatida qayta ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Narh
Narh masalasida korxonaning o‘z siyosati bor. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot uch xil — birinchi, ikkinchi va uchinchi sortga bo‘linadi. Narh ham shunga yarasha.

Eng muhimi — «Golden Style Ceramics» ishlab chiqarayotgan mahsulot xorijnikiga qaraganda kamida 20 foiz arzon. Shu bilan birga sifat borasida ham raqobatlasha oladi.

Bankrot bo‘lmaslik yo‘li
Kredit olish yaxshi, ammo uni qaytarishchi? Foyda olishni ko‘zlagan biznesmen tavakkal qila bilishi kerak, deyiladi. Ammo tavakkalning ham me’yori bor. Bankrot bo‘lmaslik uchun nima qilish lozim?

Imkon qadar faqat kreditga asoslanib ish boshlamaslik lozim. Dastlabki sarmoyani o‘zingizdan chiqarishga harakat qiling. O‘zingiz uchun biznes g‘oya tanlab oldingizmi, avval o‘z pulingizni tiking. Bozorga kiring, o‘rganing. Balki birdaniga katta hajmda ish boshlay olmassiz, ammo kasod bo‘lish xavfi kamayadi.

Foyda olishga ko‘zingiz yetdimi, endi kreditga unnasa bo‘ladi. «Golden Style Ceramics» MChJ xuddi shu yo‘ldan ketdi. Avvaliga o‘z pulini tikib, ishni yo‘lga qo‘ydi. Mana endi O‘zmilliy bank yordamida ishlab chiqarish kengaytirilmoqda.

Eksport
Har qanday tadbirkor uchun oliy maqsad — eksportga mahsulot chiqarish. Ammo buning uchun avval ichki bozorda oyoqqa turib olish kerak. «Golden Style Ceramics» hozir ichki va tashqi raqobatchilar bilan kurash olib boryapti. Kelgusi maqsad esa — xorijga chiqish. Hozircha yaqin qo‘shnilar — Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga mahsulot yuborish reja qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring