Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bir-ikkita muttahamni deb xalq jabr chekmasligi kerak!» Bosh vazir jabrlanuvchilar bilan uchrashdi (video)

«Human xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdorlarining firibgarligidan jabr ko‘rgan bir guruh fuqarolar Bosh vazir bilan uchrashish talabi bilan to‘plangani haqida xabar berilgandi. Ellik nafarga yaqin fuqaro bilan avvaliga Bosh vazir maslahatchisi, so‘ng Bosh vazir o‘rinbosari muloqotda bo‘ldi.

Nihoyat, kechga borib mamlakat hukumati rahbari Abdulla Aripov jabrlanuvchilar bilan shaxsan ko‘rishib, muammoni hal qildi. Ya’nikim, agentlik mansabdorlari firibgarligidan jabr ko‘rgan 1080 nafardan ortiq fuqaro foydasiga undirilishi belgilangan 21 mlrd. 192 ming so‘mdan ziyod moddiy zarar ikki kunda qoplab beriladi!

Foto: «Xabar.uz»

Qanday qilib?

Bosh vazirga ko‘ra, moddiy zarar Mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha vazirlik huzuridagi jamg‘arma hisobidan qoplanadi. Jamg‘armaning ayni masalaga yo‘naltirilgan mablag‘lari sudlanuvchining xatlangan mol-mulklari sotuvidan tushgan pullar hisobidan o‘rniga qo‘yiladi.

«Albatta, bu — mavjud tartibga ko‘pam to‘g‘ri kelavermaydi, — dedi Bosh vazir. — Biroq bu Prezidentimizning topshirig‘i! Ya’ni, muhtaram Yurtboshimiz istisno tariqasida ruxsat berib aytdiki, bir-ikkita muttahamni deb xalqim jabr chekmasligi kerak!»

Foto: «Xabar.uz»

Shu joyning o‘zida «Ipotekabank» rahbariga ikki kun ichida barcha jabrlanuvchilar nomiga bank plastik kartochkasi ochib berish vazifasi topshirildi. Bank kartasi ochilishi hamono 24 soat ichida tegishli mablag‘lar hisob-raqamga tushishi kerakligi alohida uqtirildi.

Hukumat rahbarining ayni gaplari jabrlanuvchilar tomonidan davomli qarsak va quvonch yig‘ilari bilan qarshi olindi.

Eslatib o‘tamiz, salkam bir oy burun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan «HUMAN» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Shoxnur Fayzullayev Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») 3-qismi «b», «v» bandlari, 189-moddasi («Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish») 1-qismi va 243-moddasida («Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish») nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. U agentlikning joylarda vakolatxonalarini tashkil etib, 2019-yil 13-sentyabrga qadar fuqarolarni Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva davlatlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6 300 000 so‘mdan 35 000 000 so‘mgacha pul olib (amalda hech kimni hech qayerga yubormay), juda ko‘p miqdordagi mablag‘ga firibgarlik yo‘li bilan ega chiqqanlikda ayblangan edi.

Hukmga ko‘ra, Sh.Fayzullayevdan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 mlrd. 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring