Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baronessa Alison Satti: «O‘zbekiston, albatta, yaxshi natijaga erishadi» (video)

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zosi, Londonda joylashgan davlat siyosatini tadqiq etish instituti tadqiqotchisi va O‘zbekistondagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan baronessa Alison Satti bilan suhbatlashdi.

– O‘zbekistonga xush kelibsiz. Siz mehnat faoliyatingizni o‘qituvchilikdan boshlagansiz. Bugun esa diplomatik missiya bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibsiz...

– Men bu yerdaligimdan juda xursandman. Bu – O‘zbekistonga uchinchi tashrifim. To‘g‘ri aytdingiz, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. So‘ng, bir necha yillar davomida Britaniya parlamentida siyosiy ishlar bo‘yicha yordamchi va tadqiqotchi bo‘lib ishlaganman. Undan so‘ng 10 yil mobaynida Yevropa parlamentida faoliyat olib bordim. U yerda men Yevroparlament prezidentining matbuot kotibi sifatida ish olib borganman. Buyuk Britaniyaga qaytib, vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyatimni davom ettirganman. 2013 yildan Britaniya parlamentida baronessa sifatida faoliyat yurita boshladim. Parlament a’zosi sifatida diplomatiyaga juda qiziqaman. Biz tajriba almashib ko‘p narsa o‘rganishimiz mumkin.

– Davlat siyosatini tadqiq etish institutidagi faoliyatingiz ham mamlakatda olib borilayotgan siyosat haqida tasavvur hosil qilishingizga yordam beradi. Aytingchi, so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi siyosat qay darajada o‘zgardi? Mamlakatimizga tashrifingizdan keyin fikringiz o‘zgardimi? O‘zbekiston bu safar sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Yuqorida aytganimdek, men O‘zbekistonga uchinchi marta tashrif buyurdim. Ilk marta 2017 yili, ikkinchi bor 2018 yili va mana shu yilda uchinchi bor keldim. Har doim kelganimda katta islohotlar, o‘zgarishlar, ijtimoiy siyosatda ham, tashqi siyosatda ham O‘zbekiston bilan bog‘liq ijobiy o‘zgarishlar guvohi bo‘ldim. Umuman olganda, bir mamlakatda yangi o‘zgarishlarni qilish, yangi qadamlarni bosish oson ish emas. O‘zbekiston uchun ham bu oson bo‘lmadi. Shunga qaramay, turli sohalarda – sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida yangiliklar amalga oshirilmoqda. Kelgusi yillarda meni kelishimga ham mana shu islohotlar sabab bo‘ladi.

– Siz ham bevosita saylov uchastkalarida bo‘ldingiz va saylov jarayonlarini kuzatdingiz. Fuqarolarning siyosiy faolligini qanday baholagan bo‘lardingiz?

– Men 5 ta saylov uchastkasida bo‘ldim. Kompyuterlashgan tizimga guvoh bo‘ldim. Pasportingiz raqamini yozganingizda saylov uchastkangizni aniqlab berishi mumkin, ya’ni ro‘yxatini chiqarib beradi. Bu O‘zbekiston uchun judayam ijobiy natija.

Ba’zi kuzatuvchilardan shuni eshitdimki, bir vaqtning o‘zida bir kishi ikki kishiga ovoz berishi kuzatilibdi. Bu, albatta, ijobiy holat emas. Men Buyuk Britaniyadan katta tarix va haqiqiy demokratiya taassurotlari bilan kelganman. Albatta, haqiqiy va eng yaxshi natijaga erishish vaqt talab qiladi. O‘zbekiston, albatta, yaxshi natijaga erishadi. Umuman olganda, menda bu jarayonlar ijobiy taassurot qoldirdi.

– Buyuk Britaniya huquqshunoslik va saylov huquqi bo‘yicha qadimiy maktabga ega. Sizningcha, Buyuk Britaniyadagi qaysi amaliyotni mamlakatimizda qo‘llasa bo‘ladi?

– Buyuk Britaniyada parlamentar demokratiya tarixdan ma’lum. Uzoq yillar davomida shakllangan. Siyosiy tadbirlar ko‘p bo‘lib o‘tadi. Parlament demokratiya doimo o‘zgarib, yangilanib boradigan jarayon. Albatta, bu vaqt talab etadi. Parlament insonlar ovoz berishi mumkin bo‘lgan katta siyosiy kuch hisoblanadi. O‘zbekistonda ham bu yo‘lga qo‘yilsa, xalq ovozi kuchli bir omil bo‘lsa, bu yanada yaxshi natija beradi. Parlament – insonlar ovozini hokimiyatga yetkazuvchi eng muhim qism hisoblanadi.

– Mamlakatimizga tashrifingiz yana rejalashtirilganmi? Kelajakdagi nafaqat siyosiy, balki sayyoh sifatida ham kelasizmi?

– Uch yil oldingi tashrifimda men Buxoroda bo‘lganman. Buxoro haqida juda yaxshi taassurotlar qolgan. Shaharni juda yaxshi ko‘rib qolganman. Keyingi safar kelganimda Xivada bo‘lmoqchiman. Ketishimdan oldin O‘zbekistonning tog‘li hududlarida bo‘lib qaytishni rejalashtiryapman. Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston juda ham muhim hudud. Bir qator sohalarda an’analarga ega. Tez orada yana qaytaman.

– O‘zbekiston kundan-kunga o‘zgarib borayotgani jahonda ham e’tirof etilmoqda. Siyosatchi sifatida mamlakatning rivojlanish yo‘li haqida nimalar deya olasiz?

– Bu hozircha faqat boshlanishi. Bu jarayon davom etishi, rivojlanishi kerak. Albatta, o‘z hamkasblarimni o‘zbek parlamenti bilan hamkorlikka chorlayman. Siyosiy jarayonlar, albatta, vaqt talab etadi. Sabr, ishtiyoq va boshlagan ishini oxiriga yetkazish juda muhim. Xalqaro tajriba ham muhim. Buyuk Britaniya ham O‘zbekistondan o‘rganishi kerak bo‘lgan sohalar bor. Biz xalqaro miqiyosida tajriba almashishimiz kerak. Eng yaxshi parlamentar muloqot boshqa davlatlardan o‘rganishdir. O‘zbekiston xalqaro maydondan o‘rgansa, biz O‘zbekistondan o‘rganishimiz mumkin. Parlamentar aloqalarimizni mustahkamlasak ajoyib ish bo‘ladi.

Sanjar Shomurodov suhbatlashdi

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring