Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Babayanga nisbatan jinoiy ta’qib bormi...di?

Babayanga nisbatan jinoiy ta’qib bormi...di?

Fotokollaj: «Xabar.uz»

...Xullas, gap yana Samvel Babayan haqida. Uni «umrbod futboldan chetlashtirish» to‘g‘risidagi O‘FA qarorining quvvati ara-ang 15 kunga yetganiyu bu haqda roppa-rosa bir yildan so‘ng, yana deng Babayan «Lokomotiv»da ish boshlashi ayon bo‘lganidan keyingina ma’lum qilinishi, ayni jarayondagi qator-qator mantiqsizliklar va boshqa holatlar haqida keragicha yozildi. Ularni takrorlashdan ma’no yo‘q. Mavzuga qaytilayotganining boisiki, «Babayan ishi»ga oid nozik bir nuqta e’tibordan chetda qolayotganiday.

Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa, esga solamiz: roppa-rosa bir yil avval, o‘sha paytda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti lavozimida o‘tirgan Umid Ahmadjonov (ayni paytda O‘zbekiston futbol asossiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti) «Xalq so‘zi online» internet nashriga bergan intervyusida shunday degan edi: «...Babayanning «Paxtakor» klubi boshqaruvida va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida amalga oshirgan turli qing‘irliklari bizga ma’lum. Biz o‘z vakolatimiz doirasida, o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston futbol federatsiyasi ustavidan kelib chiqib, uni futbol faoliyati bilan shug‘ullanishdan bir umrga chetlashtirdik. Shu bilan birgalikda, uning hujjatlari va materiallarini prokuraturaga topshirdik. Babayan ishi bilan bundan buyog‘iga prokuratura xodimlari shug‘ullanishadi va uning aybi to‘liq isbotlansa, qonun oldida, albatta, javob beradi».

Babayanning «Paxtakor» klubi boshqaruvi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiy sifatida amalga oshirgan turli qing‘irliklari»ga qaramay o‘n besh kun kunga qolmay kechirilganidan, mana, voqif bo‘ldik. Xo‘sh, uning ishi bilan «buyog‘iga shug‘ullangan prokuratura xodimlari» qanday xulosa kelgan? (Prokuratura – qonun ijrosini nazorat qiluvchi davlat organi, illo O‘zbekiston futbol asossiatsiyasi filiali emas. Bundan anglashiladiki, O‘FAning tez o‘zgaruvchan («tuturuqsiz» degimiz kelmadi) qarori prokuraturaga aytarli ta’sir qilmaydi-da).

Shu haqda ma’lumot so‘rab, Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildik. Javob qisqa bo‘ldi: «Samvel Babayanga nisbatan hech qanday, hech bir jinoiy ta’qib masalasi yo‘q». Bir qarashda hammasi tushunarliday: Babayan oppoq, jinoyatdan yiroq...

Shunga qaramay savol tug‘ilaveradi-da:

  1. O‘n besh kunga qolmay mutaxassisga «amnistiya» e’lon qilgan O‘FA uning «turli qing‘irliklari» aks etgan hujjatlarni prokuraturadan qaytarib olganmi?
  2. Yoki prokuratura Babayanning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari topilmagani uchun shunday xulosaga kelganmi?
  3. Umuman, «hech qanday, hech bir jinoiy ta’qib masalasi yo‘q»ligi qanday huquqiy me’yorlarga asoslanadi?
  4. ...

Yo‘q, savollarning shuyog‘iyam yetadi. Ularga beriladigan javob esa ko‘p mavhumliklarga oydinlik kiritsa, ajabmas.

Kutamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring