Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Axborot urushi va xurujlari, shubhali investitsiyalar xususida (video)

Bugun insoniyat noodatiy urush bilan yuzma yuz keldi.  Urushki, hech qanday o‘qsiz, tanklarsiz, qurolsiz… ammo qurbonlarsiz emas. Bu urushning nomi informatsion urush deb nomlanadi. Men informatsion urushni virusga o‘xshataman. O‘q tashqaridan yorib kirib sizga jarohat yetkazishi mumkin, ammo virus ichkaridan yemiradi.

Bugun dunyo sahnida yuz berayotgan jarayonlarni tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, mazlum va zolim o‘rtasidagi farqni adolat emas, OAVda, internet tarmog‘ida kim, qanday yo‘l bilan foydalana olayotgani bilan belgilab bermoqda.

Bugun O‘zbekiston rivojlanayotgan davlat sifatida yaxshisi barobarida informatsion xurujlarga ham uchramoqda. Davlatlar o‘rtasidagi chegaralar muhim ahamiyat kasb etmay borayotgan bir paytda, Markaziy Osiyoda, Afg‘onistondek notinch davlat joylashgan mintaqada axborot urushi tobora kuchayib bormoqda. Shu bilan birga, xalqimiz, jamiyatimiz yangi yo‘lga, yangi islohotlarga qadam qo‘yayotgan vaqtda, bu o‘zgarishlarni xolis, ijobiy tarzda yoritish bilan birga, xalqni ruhini sindirish, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga urinayotganlar ham uchrab turibdi.

Bitta misol keltiraman: yaqinda Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayevning Senatda O‘zbekistonga tahdid solayotgan xavflar haqida so‘zlagan nutqi qattiq tanqid ostiga olindi. Turli ijtimoiy tarmoqlarda informatsion xurujlar uyushtirildi. Masalan, salafiylik, uning zararlari, shubhali investitsiyalar to‘g‘risidagi gaplar ayniqsa nishonga olindi.

Xo‘sh, mulohaza qilaylik, shubhali investitsiya nima? Ma’lumki, jahon bank tizimida hisobga olinmagan pullar juda ko‘p. Ularni noqonuniy yo‘l bilan boshqalarning  hisobidan yechib olib, boshqa davlatlarga investitsiya sifatida yo‘naltirib, naqdlashtirib oladilar. Mazkur mablag‘ keyin terroristik tashkilotlarni moliyalashtirishga ketadi. Man sizga shubhali investititsiyaning natijasi.

Salafiylik masalasiga kelsak, mazkur tushunchaning islom dini ahkomlariga zid ekanini barcha biladi. Ammo ko‘rib turganimizdek, bu achchiq haqiqatlar davlatimizning, yurtimizning tinchligini istamaydigan kuchlar tomonidan o‘zimizga qarshi ishlatilmoqda.

Ko‘pchilik oddiy odamlar, shuningdek, jamiyatning ziyoli qatlami bilan uchrashganda, ularda ba’zan ikkilanish kayfiyatini sezayapman. Dunyoda ikkilanishdan ortiqroq zarar, ikkilanishdan og‘irroq azob yo‘q. Ular maqsadga erishishda ozgina mashaqqat va iztirob o‘tish kerakligidan ikkilanishmoqda. Bugun bo‘layotgan informatsion xurujlarning  ham asosiy maqsadi xalqni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini sindirishdir. Bu jarayonda ikkilanishlar ayanchli natijalarga olib kelishi mumkin.

Masalan, bir jurnalistimiz innovatsion sohada olib borilayotgan ishlar xususida fikr yuritar ekan, uning kelajagi haqida ikkilanish bilan gapirdi. Xo‘sh, nega ikkilanish kerak? Yaxshi niyat bilan boshlangan ezgu ishga mahkam bel bog‘lab kirishsa bo‘ladi-ku. Demak, jamiyat a’zolarining tafakkuri o‘zgarmas ekan, har qanday olib borilayotgan kuchli siyosat natija berishi qiyin. Chunki uning mohiyatini har bir shaxs anglab yetishi kerak.  Biz innovatsiyani rivojlantirishga bel bog‘ladikmi, avvalo, innovatsion g‘oyalarning naqadar jamiyat uchun zarurligini anglab yetishimiz kerak.

Ikkilanayotganlar xususida bir hikoya bor: o‘rmonga o‘t ketibdi. Hamma imkon darajasida o‘tni o‘chirishga tushibdi. Shunda daraxt ustida bamaylixotir o‘tirgan qarg‘a suv tashiyotgan chumoliga: «Ey chumoli, sen tashigan bir tomchi suv nima bo‘lardi?» deganda, chumoli: «Mening-ku tarafim ma’lum, sening tarafing noma’lum» degan ekan.

Bugun o‘zbek jamiyatining tafakkur modernizatsiyasiga muhtoj. Har qanday o‘z ishining ustasi bo‘lgan kishi uni jon-dildan yondoshib bajarmog‘i kerak. O‘qituvchi sifatli ta’lim berishi, o‘quvchilar sifatli ta’lim olishi va hokazolar. Agar biz o‘qituvchilarga yetarli sharoitlarni yaratib bermasak, ularni ishga, paxta terishga oli chiqsak, buyuk kelajak haqida orzu qilmasak ham bo‘laveradi.

Ushbu fikrlarning davomi yuqoridagi videodan o‘rin olgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring