Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Avval qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmasdi — nogironlarga tiklanish imkonini beradigan stimulyator ishga tushdi

Avval qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmasdi — nogironlarga tiklanish imkonini beradigan stimulyator ishga tushdi

Foto: «Xabar.uz»

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni Reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida bemorlarni transkranial magnit stimulyasiyasi usuli amaliyotga joriy etildi.

Bugungi kunda tibbiyotda transkranial magnit stimulyatori imkoniyatlari juda keng hisoblanadi. Ushbu apparat qisqa magnit impulslar yordamida nafaqat markaziy asab tizimi, balki periferik nervlarni stimulyasiya qilishda noinvaziv, og‘riqsiz va samarali muolaja qilish imkonini beradi.

Transkranial magnit stimulyasiyasi bemorning shikastlangan asab to‘qimasining joylashishiga qarab o‘tkaziladi. Bu usul nervlarda impuls o‘tkazuvchanligini tezlashtirib, shikastlangan nervni melin qavatini tiklanishga olib keladi va bemorda klinik jihatdan shikoyatlar kamayishi kuzatiladi.

– Menga parkinson kasalligi tashxisi qo‘yilgan, – deydi bemorlardan biri suhbatda. – Transkranial magnit stimulyasiyasi usulidagi muolajani ikkinchi kun olishim, ta’siri sezilyapti. Avvalari o‘ng qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmasdi. Bugun bemalol qulochimni yoyib, ikkala qo‘limni bir-biriga tutashtira olyapman. Hatto o‘ng qo‘lim yordamida sochlarimni ham tartibga keltira oldim.

– Bemorlarni avvallari dori-darmon bilan, davolovchi jismoniy tarbiya mashqlari va boshqa tibbiy apparatlar yordamida davolar edik, – deydi markazning asab kasalliklari bo‘limi nevropatologi Inoyat Mashrapov. – Endilikda muolajada qator qulayliklarga ega yangi, O‘zbekistonda yagona bo‘lgan transkranial magnit stimulyatoridan foydalanyapmiz. Amaliyotda bu yangi apparat bemorga sog‘lig‘ini tez tiklash va shifokorga samarali muolaja olib borishda qo‘l kelayotgani bilan ajralib turibdi.

Ayni paytda nevrologiya, psixiatriya, epileptologiya, neyroxirurgiya, pediatriya, funksional diagnostikada bu usul eng samarali muolaja turi sifatida qo‘llanilmoqda. Shuningdek, parkinson kasalligi, bosh miya va orqa miya qon aylanishi o‘tkir buzilishidan keyingi holatlarda (ishemik, gemorragik insultlar), parezlar va nutq buzilishlari (afaziya, dizartriya) bilan asoratlangan bosh miya jarohatlari, orqa miya jarohatlaridan keyingi holatlar, asoratlangan orqa miya hajmli hosilalarini olish jarrohlik amaliyotidan keyingi holatlar, umurtqa pog‘onasi asoratlangan disk churralari olish jarrohlik amaliyotidan keyingi holatlar, tarqoq skleroz, yon amiotrofik skleroz, fokal distonii (blefarospazm), migren, periferik nervlar va nerv chigallari stimulyasiyasi: periferik parez yoki paralichlarda, uch shoxli nerv va yuz nervi nevropatiyalarida kuchli og‘riq va parezlar bilan kechganda, depressiya va xavotirli-depressiv holatlari, dissirkulyator ensefalopatiya 1-2 darajalarida ham maxsus ko‘rsatmalar bilan ushbu usulni qo‘llash foydali.

Bolalarda: psixomotor rivojlanishdan orqada qolish, giperaktivlik, diqqat yetishmovchiligi sindromi, bosh miya jarohatlaridan keyingi holatlarda, gapirish buzilishlari: alaliya, dizartriya, disleksiya, bolalar serebral falajligi (DSP) erta davrlarda, enurez, autizm erta davrlarida tavsiya etiladi.

Transkranial magnit stimulyasiyasi usulining asab kasalliklarni oldini olish, erta davolash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davolab yana hayotga qaytarishda afzalliklari ko‘p.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring