Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asrimiz oxiriga borib odamlar 180 yoshgacha yashashi mumkin — statistika

Asrimiz oxiriga borib odamlar 180 yoshgacha yashashi mumkin — statistika

Foto: «Pixabay»

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda jahonda umr ko‘rish yoshi o‘rtacha 72 yoshdan sal oshadi.

Aksariyat mamlakatlar aholisi 60 yoshidan pensiyaga chiqishni boshlaydi.

Monreal biznes-tadqiqotlar maktabi o‘tkazgan statistik tahlillarga ko‘ra, yana 80 yildan so‘ng odamlar bemalol 130 yoshgacha yashay olishadi, umr davomiyligi yuqori chegarasi esa butunlay yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin ekan...

Tadqiqot natijalari «Annual Review of Statistics and Its Application» nashrida e’lon qilindi.

Uzoq umr ko‘rish bo‘yicha so‘nggi rasmiy rekord 1997-yilda 122 yoshida vafot etgan fransuz ayoli Janna Kalmanga tegishli. Ayni paytda dunyo bo‘yicha 110 yoshdan oshgan o‘nlab qariyalar umrguzaronlik qilmoqda.

Odamlar uzoq yashayverishi jamiyatni ham o‘zgartirib yuboradi, deyishmoqda tadqiqotchilar.

Masalan, tibbiyot sohasi, ko‘p yashagani sayin odamlarning kasalliklar tarixi ham «boyib» boraveradi (albatta, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish kabi odatlar bilan buning oldini olish mumkin).

Odamlarning uzoq umr ko‘rishi ijtimoiy ta’minot, pensiya tizimi kabi sohalarga jiddiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. O‘z navbatida, soliq to‘lovchilar ulushi borgan sayin kamayib boradi.

Kamida 110 yoshgacha yashagan odamlarni o‘rganuvchi Uzoq umr ko‘ruvchilar xalqaro bazasi mutaxassislariga ko‘ra, 50 yoshdan boshlab o‘lim xavfi tinmay o‘sib boradi, biroq 80 yoshda sekinlashadi, 110 yoshga borib esa hatto tenglashishi mumkin. Ya’ni inson 110 yoshga to‘lganida uning kelgusi yili o‘lish ehtimoli 50 foizni tashkil etadi, shundan so‘ng bu ko‘rsatkich oshishdan to‘xtaydi.

Ayrim statistik modellar asrimiz oxiriga borib uzoq umr ko‘rish cho‘qqisi 130–180 yoshga yetishini ko‘rsatmoqda. Bular hozircha nazariya, albatta. Omon bo‘lsak, ko‘ramiz!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring