Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asaka tumani: hokimlikning nechta yuzi bor?

Asaka tumani: hokimlikning nechta yuzi bor?

Foto: «Kun.uz»

«Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturidan xabaringiz bo‘lsa kerak? Bu haqda Prezidentimizning 2018-yil 27 iyun kuni qabul qilgan kattagina farmoni bor. Kunda-kunora eshityapmiz — dastur doirasida iqtidorli yigit-qizlarning istiqbolli g‘oya va loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun ayni kunga qadar ozmuncha ishga qo‘l urilmadi. Farmonning mag‘zi-mohiyatini dehqoncha tushuntirsak, davlat idoralari va tashkilotlariga shunday vazifa qo‘yilgan: «Tadbirkorlik qilaman dedimi, salohiyati yetadimi, yo‘lini to‘sma! Loyihasi uchun yer, bino yoki kredit zarur bo‘lsa, ortiqcha yugurtirmay, ko‘mak ber! Toki muammolarga duch kelib, yoshlarning shashti qaytmasin!»

Dastur imkoniyatlaridan foydalanishga ahd qilgan asakalik hunarmand Hayotbek Abduxalilov shu kunlarda yaxshigina to‘siqqa duch kelib turibdiki, muammo yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan davlat tashkilotlarining o‘zi ham unga yechim topolmay halak.

Hayotbekning guldek hunari bor. Xonadonida akfa eshik-romlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Teng-to‘shlarini yoniga olib, qulochni kengroq yozay desa, hovlidagi sharoit ko‘tarmaydi. Xullas, tuman hokimi Erkinjon Yaqubovning huzuriga bordi: «Qo‘limda hunarim bor, sex qurib, ish o‘rni yaratmoqchiman. Menga yaqin atrofdan yer kerak!»

Hokim mutasaddilarga topshiriq bergan bo‘lsa kerakki, viloyat «Yermulkkadastr» davlat korxonasining Asaka tumani filiali boshlig‘i Shokir Alimqulov o‘zi bosh turib zaxira yer izlashga kirishdi. Tumanning Yangiobod mahallasi hududida karer bilan chegaradosh maydonni bo‘lajak tadbirkorga ko‘rsatdi: «Shu joy ma’qulmi, uka?»

Tadbirkorga ko‘rsatilgan joy.

Bo‘lmasa-chi?!

Alqissa, 2018-yil 19-oktyabr kuni Hayotbek Abduxalilovga akfa eshik-romlari ishlab chiqarish sexi bino-inshootlarini loyihalash va qurish uchun yer maydoni tanlab, ajratish to‘g‘risida tuman hokimining qarori qabul qilindi. Murodi hosil bo‘lgan yigit ma’lum muddat loyiha hujjatlarini tayyorlash hamda qurilishga tayyorgarlik bilan band bo‘ldi. Hisob-kitob, cho‘t-u chama qilib, ustalar bilan kelishib, ularga joyni ko‘rsatish uchun kelsaki... unga biriktirilgan bo‘sh yer o‘rnida yap-yangi imorat qad rostlayapti?! Ustalar «Adashib boshqa ko‘chaga kirib qolmadikmi?» deb savol bergani sayin Hayotbek battar xijolat tortadi deng: «Yo‘g‘-ye, shu joy edi-ya...»

Ma’lum bo‘ldiki, ayni joyga shu mahallada yashovchi Qimmatxon Usmonova degan ayol uy-joy tiklab, tevaragini devor bilan o‘rab ham qo‘yibdi. Yosh yigitning bunday vaziyatda qo‘lidan nima ham kelardi? Tag‘in hokimlikka va kadastr idorasiga dardi hol qilib bordi. «Ajratilgan maydon boshqa birovga tegishli emasmidi?» deb qayta-qayta so‘radi.

Yo‘q, maydon to‘g‘ri tanlangan ekan.

Noqonuniy qurilmani buzdirish uchun harakatlar boshlanib ketdi. Q.Usmonovaga bir necha bor ogohlantirish berilsa-da, na bosh arxitektor, na kadastr idorasi mutasaddilari, na hokimlik buning uddasidan chiqa oldi.

Bu orada Hayotbek va otasi Bahodir Muhammedov ham amaliy yordam so‘rab bir qator idoralarga, jumladan, prokuraturaga hamda tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limiga shikoyat bitishdi.

Natija? E, so‘ramang!

Ayni masala yuzasidan yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i M. Mamatrahimov prokuraturaga «O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzmayotgan Q. Usmonovaga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘raymiz» degan mazmunda xat yo‘lladi. Bunga javoban tuman prokurori H. Hakimov shikoyatni tuman hokimi hamda «Yermulkkadastr» davlat korxonasi tuman filiali rahbari Sh. Alimqulovga yo‘naltirib, «vakolati doirasida qonuniy hal etishni» so‘radi. Ajab? Kadastr idorasi muammoni hal etishga kuchi yetmay prokurordan yordam so‘rayapti, prokuror esa masalani ayni shu idoraga koptok tepgandek oshirib, «O‘zing hal qil!» deyapti! Qoyilmisiz?

Alqissa, muammo daxldor tashkilotlarni bir sidra «aylanib» chiqqach, Asaka tumani hokimligi tushunib yetdiki, oxirgi chora – sud!

Tuman hokimligining javobgar Qimmatxon Usmonovaga nisbatan «o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish haqidagi» da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi (2019-yil 24-iyul). Va... da’vo rad etildi!

Nega?

Sud tushuntirdiki, to‘g‘ri, nizoli joy hokim qarori bilan Hayotbek Abduxalilovga ajratib berilgan, biroq yer maydoni amalda ajratib berilmagan, joyning o‘zida chegaralar belgilanmagan, yer uchastkasining chizmalari va tavsiflari tuzilib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinmagan. Boz ustiga, hokimlikning o‘zi (!) 2019-yil 2-mart kuni Davronbek Usmonov (Qimmatxon Usmonovaning o‘g‘li) nomiga qaror chiqarib, o‘zboshimchalik bilan huquqiy hujjatlarsiz egallab kelingan yerga nisbatan umrbod egalik qilish huquqi, uy-joyga nisbatan mulk huquqini tan olibdi-ku?! Yana nimani da’vo qilyapsizlar?

Mavzu doirasidagi hujjatlar bilan tanishsangiz, sirli-sirli alomatlarning uchi ko‘zga tashlanadi, bu, bizningcha, hokim qarorining loyihalarini tayyorlashga mas’ul mutasaddilarning xatti-harakati bilan bog‘liq. Chindanam mantiqsizlik-da, qarang: o‘tgan yilning oktyabr oyidan muammo yechimiga kirishgan, noqonuniy qurilmalarni buzdirishga urinayotgan hokimlikning o‘zi (!) 2019-yilning mart oyiga kelib nizoli joydagi imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida qaror chiqarib tursa?

Prezident farmoni bilan noqonuniy turar-joylarga nisbatan bir yillik umumdavlat aksiyasi e’lon qilingan-ku axir, dersiz? To‘g‘ri, bunga aslo e’tiroz yo‘q. Ammo mazkur aksiya shartlaridan biri shu ediki, imtiyoz farmon qabul qilingan sana, ya’ni 2018-yilning aprel oyiga qadar foydalanib kelingan imoratlarga nisbatan tatbiq etilishi shart edi. Qo‘lida qarori bo‘lishiga qaramay, salkam bir yildirki, sargardon yurgan Hayotbek Abduxalilovning, shuningdek, «Yermulkkadastr» davlat korxonasi tuman filiali rahbari Shokir Alimqulovning qayta-qayta ta’kidlashicha, 2018-yilning sentyabr oyida ham zikr etilayotgan maydon tap-taqir, tekis yer bo‘lgan. «Bu haqiqatni inkor etib bo‘lmaydi, chunki kadastr tizimida ishlatiladigan kompyuter dasturi (sputnik orqali)da ham ko‘rinib turibdi», deydi Shokir Alimqulov.

Aytgancha, yuqorida tilga olingan – tuman hokimining 2019-yil 2-mart kungi, Usmonov Davronbek tomonidan Asaka tumani Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini Nurli yo‘l ko‘chasida joylashgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joyga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi qarorida qiziq jihat e’tiborni tortdi. Ya’ni qarorning bayon qismida manzil Nurli yo‘l ko‘chasida ekanligi ta’kidlanyapti. Uning qaror qismida esa gap Toshqo‘rg‘on ko‘chasidagi yer uchastkasi xususida ketadi?! Avvaliga ko‘chaning avvalgi va yangi nomlari adashtirib yozib qo‘yilgandir, degan yaxshi gumonga borildi. Biroq ma’lum bo‘lishicha, Yangiobod mahallasida Nurli yo‘l ham, Toshqo‘rg‘on ko‘chasi ham joylashgan.

Bunisiga nima deysiz?

Qisqasi, sudga ortiqcha e’tiroz yo‘q. Hal qiluv qarorining kam-ko‘sti bo‘lsa, yuqorida to‘g‘rilanar. Javobgarga ta’na qilmoqqa til bormaydi: sudda g‘olib kelib turibdi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, katta e’tiroz tuman hokimligi manziliga bo‘laveradi: janoblar, nechta yuzingiz bor o‘zi?

Nurillo No‘monov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring