Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh o‘z yerini sotarmidi? (2-maqola)

AQSh o‘z yerini sotarmidi? (2-maqola)

Foto: «rueconomics.ru»

Grenlandiya muzliklarining erishi Arktika mintaqasining strategik rolini oshirmoqda. Yangi savdo yo‘llari ochilmoqda, dunyodagi eng yirik orolning tabiiy resurslaridan foydalanish imkoniyatlari paydo bo‘layapti. Bu esa Daniyaning mulki hisoblanib kelgan Grenlandiyaga ko‘z olaytiruvchi kuchlarni faollashuviga olib keldi. Ular orasida Qo‘shma Shtatlarning intilishi o‘ta jiddiyga o‘xshaydi.


Maqolaning boshlanishi: AQSh o‘z yerini sotarmidi? (1-maqola)


Xitoy suqulib kirmoqda

Vashington orolda harbiy nuqtai nazardan Rossiya bilan raqobatlashsa, iqtisodiy jihatdan esa Xitoyning bu yerdagi yirik loyihalarga qo‘l urayotganidan qattiq xavotirga tushib qolgan.

Xitoy 2018-yildan «bir belbog‘, bir yo‘l» dasturlari doirasida Qutb Ipak yo‘li loyihasini amalga oshirishni boshladi. Shanxaydan Arktika dengizi orqali Nyu-Yorkka qadar yetib olish Panama kanalidan borishga qaraganda 3,7 ming kilometr qisqaroqdir. 

Xitoy Arktika savdo yo‘lini yaratish uchun o‘tgan yili Grenlandiyada ikkita aeroport qurish rejasini amalga oshirishga urunib ko‘rgan edi. Ammo Daniya AQSh va NATO bosimi ostida o‘z avtonomiyasini bu mo‘may shartnomalarni imzolamaslikka ko‘ndira oldi.

Pekin Afrikadagi yirik konlarni bamaylixotir sotib olib, mo‘may daromad topmoqda. Xitoyliklarning mablag‘lari Grenlandiyaga ham yetib keldi. Infratuzilma loyihalari chippakka chiqqan bir sharoitda, 2010 yildan konchilik sanoatida ishlarni boshlab yuborishdi. 

Xitoy sarmoyadorlari orolga hozir katta mablag‘ tikmoqda. Uning «Greenland Minerals» korxonasi orol janubidagi Kvanefeldda konlarni o‘zlashtirmoqda. Britaniyaning «Cairn Energy» kompaniyasi esa 2010 yildan boshlab, 4358 metr chuqurlikdan «qora oltin»ni qazib olmoqda.

Grenlandiyada 90 milliard barrel neft, 1,67 trillion kub metr gaz zaxiralari bor. Birgina Kvanefeld konida 228 ming tonna uran mavjudligi aniqlangan. Orol zamini qa’rida 38,5 million tonna nodir metallar saqlanmoqda. «Financial Times» nashri Grenlandiyaning mineral va mudofaa aktivlarini 1,1 trillion dollar, deb baholamoqda.

Grenlandiya. Foto: «oko-planet.su»

Muzlar erib borgani sari, orolning qishloq xo‘jalik salohiyati ham orta boshladi. Orolning eng janubidagi 40 gektar yerga may oyida kartoshka va karam ekilib, oktyabr oyida hosil ko‘tarilmoqda. Loviya, no‘xot, ko‘katlar va qulupnay olishni uddalashdi. Bu ishga xitoylik mirishkorlar ham qiziqish bildirmoqda.

AQSh shu kunlarda Xitoy bilan savdo urushini olib borayapti. Vaholanki, Qo‘shma Shtatlar asosiy nodir metalllarni Xitoydan import qiladi. «Osmon osti o‘lkasi» o‘ziga qarshi Vashington qo‘layotgan qo‘shimcha bojxona tariflariga nisbatan qimmatbaho nodir metallar yetkazib berishga cheklov qo‘yish bilan javob berayapti.

AQSh istasa-istamasa, yangi xom-ashyo manbaalarini topishga majbur. Bu shubhasiz qo‘shni Grenlandiyadir. To‘g‘ri, hozircha uranni qazib olish muammoli. Chunki Daniya Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bilan uranni harbiy maqsadlarga tarqatmaslik bo‘yicha kelishuvlarni imzolagan va majburiyatini bekor qila olmaydi.

AQSh nafaqat bu yerga Xitoyning kirib kelishiga qarshi turmoqchi, balki o‘zi ularga egalik qilish niyatida.

AQSh bu bilan cheklanib qolmasdan Grenlandiyaga tutash Islandiya oroliga ham investitsiya kiritish, yangi ishchi o‘rinlarini yaratishni va’da qilib, NATOning bu yerdagi eski bazalarini tiklashga rozilik so‘ramoqda.

Shu yil fevral oyida Davlat kotibi Mayk Pompeoning Islandiyaga tashrifi chog‘ida iqtisodiy qiyin ahvolda qolib ketayotgan xalqqa Rossiya va Xitoyning mintaqada o‘sib borayotgan roliga qarshi turish uchun AQSh resurslaridan foydalanishni taklif etdi.

Tinchliksevar islandlarning o‘z qurolli kuchlari yo‘q. Avvalroq AQSh Islandiyadagi yagona xalqaro aeroport infratuzilmasini kengaytirish maqsadi uchun 90 million dollar ajratgan edi. Bu yerda «sovuq urush» yillaridan toki 2006 yilgacha 5 ming AQSh harbiylari xizmat qilgan edi. Ammo aholi 1949 yilda NATOga a’zo bo‘lgan bo‘lsa-da, endi alyansda faol ishtirokka to‘liq qarshi bo‘layapti. Ular AQSh bilan cheklanib qolmasdan, Rossiya bilan, ayniqsa Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash niyatida. Shu tariqa Vashington endi Moskva va Pekin bilan raqobat qilishi uchun kuchli sa’y-harakatni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi.

Tramp janoblari Tomas Jeffersonga o‘xshamoqchi

Qolaversa, Grenlandiyani sotib olishdan Tramp o‘z shaxsiy siyosiy maqsadlariga ham ega. Avvalo yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlarida u juda katta dividentlar bilan kirib boradi. Ikkinchidan, esa Endryu Jonson va Tomas Jefferson kabi Alyaska va Luizianani sotib olgan taniqli davlat arboblari sifatida tarix sahifalariga kirish niyatida.

Kulgan kulib tursinku, ammo uning tarafini oladiganlar mamlakatda yo‘q emas. Masalan, arkanzaslik respublikachi senator Tom Kotton «The New York Times»ga prezident bu borada haq ekanini, orol AQShga tegishli bo‘lishi kerakligini aytib o‘tdi.

«Uning muhim jo‘g‘rofiy nuqtada joylashgani biz uchun Arktikaga darvoza vazifasini o‘tashi mumkin», deydi Senat a’zosi. 

Vakillar palatasi a’zosi Piter King ham yangi yerlarni qo‘shib olib bobida o‘z prezidentini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash niyatida.

Yangi tashabbus jamoatchilikka ham yoqib tushgan ko‘rinadi. AQShda mamlakat xaritasida Grenlandiya oroli surati qo‘shib tushirilgan futbolkalar ommaviy sotila boshladi.

Ammo bu harakat AQShning «qo‘hna qit’a»dagi ittifoqchilari bilan orasi sovuqlashishiga olib kelishi mumkin. Yevropa Ittifoqi rasmiylari Daniya bosh vaziri pozitsiyasini to‘liq qabul qilishi va ma’qullashini rasmiy e’lon qildi.

Moskva esa mojaroli vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va biror bir tarzda aralashish niyati yo‘q. Chunki bu uning manfaatlariga xizmat qilishi muqarrar.

«AQShning Grenlandiyaga egalikka urunishini Rossiya o‘zi uchun dahli yo‘q, deb hisoblaydi. Biz bunday xalqaro shoping bilan shug‘ullanmaymiz», deya bayonot berdi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«G‘arbning Grenlandiya va Qrimning o‘z taqdiri o‘zi belgilash kabi masalada ikki xil andozasidan hayratda tushmoqdamiz, - deydi RF tashqi siyosat mahkamasi rasmiy vakili Mariya Zaxarova. – Daniya qirollik oilasi orol taqdirini uning aholisi hal qilishi kerak, deb aytdi. Unda nima uchun besh yil muqaddam biz Qrimda bunday fikrni eshitmadik. Lekin nima bo‘lganda ham AQSh Daniyadan orolni sotishni so‘rashi mumkin, albatta».

Zo‘rniki tegirmon yuritishi mumkin...

Xo‘sh, agar nazariy mushohada qilib ko‘rsak, deylik orolning narxi qancha? Hozir Daniya har yili yeb ketarga berayotgan 640 million dollarni to‘lab borishdan tashqari, Vashington yana qancha taklif etishga qodir.

Hozircha Tramp ma’muriyati mablag‘ haqida hech qanday so‘z ochgani yo‘q. Rossiyalik professor Konstantin Ordovning taxminiy hisob-kitobiga ko‘ra «Grenlandiya narxi 10 trillion dollarga yetishi mumkin. Bu AQSh yalpi ichki mahsulotning yarmiga teng va iqtisodiy samaradorligi juda shubhalidir».

Lekin AQSh Kongressi Trampga Meksika bilan chegara devorini tortish uchun qandaydir milliardlarni ajratmayotgan bir paytda buncha katta miqdor haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Ammo boshqa yo‘li borga o‘xshaydi. 2021-yilda Grenlandiya to‘liq suverenitetni qo‘lga kiritish bo‘yicha Daniya bilan muzokaralarni boshlaydi. Oq uy aynan shu fursatdan foydalanib qolish niyatida. Orol ajralib chiqqanida o‘z aravasini o‘zi tortib ketishi qiyin bo‘ladi.

Bunday holatda Vashington oroldagi ayirmachilarni zimdan qo‘llab-quvvatlashi, AQShga qo‘shilish uchun referendum o‘tkazishning afzalliklari haqida axborot-targ‘ibot kampaniyasini kuchli tarzda olib borishi mumkin.

Ishga allaqachon kirishilgan. AQSh bu yerda o‘z diplomatik vakolatxona ochish rejasi haqida kongressga yozma ma’lumot kiritgan. U kelgusi yili orol poytaxti Nuuke shahrida faoliyat boshlaydi. Grenlandiyaning Vashingtonda o‘z diplomatik vakolatxonasini ochishi ham e’tiborga molik fakt.

Grenlandiyaning «Nalerak» partiyasidan parlament deputati Pele Broberg esa AQShning taklifi foydali ekanini, orolni himoya qilishni huquqiy jihatdan AQShga taqdim etish kerakligini, bundan Daniyaga ham yaxshi foyda ko‘rishini aytmoqda.

Qolaversa, orolni hozir shundoq ham Daniya emas, AQSh himoya qilayotganini ta’kidladi. «AQSh iqtisodiyotimizga har yili 4 milliard kron (600 million dollar) kiritishga tayyor. Hozir aholimizga ilk bora tanlov taqdim etilmoqda. Bizda Daniya dotatsiyasiga aniq muqobil paydo bo‘ldi. Daniya biz uchun AQShdan yaxshiroq deb ayta olmayman», deydi noyib foyda va zararni xomcho‘t qilib.

Ushbu partiya uchun 13,4 foiz aholi ovoz bergan bo‘lib, parlamentda 4 o‘rinda bormoqda va 31 deputatga ega.

Grenlandiyaning ayrim yetakchilari ham oroldan global manfaatlarda foydalanishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. «Investitsiyalarni rag‘batlantirish va AQSh harbiylarining faoliyatidan olinadigan foyda iqtisodiy o‘sishimizda lokomotiv bo‘lib xizmat qilishi mumkin», deydi ekspert Yakob Gronxolt-Pederson.

«Qachonki, sizlar sarmoyalarni ko‘paytirsangiz kon sanoati, sayyohlik va infratuzilmalarda mo‘’jiza ro‘y berishi mumkin», deydi «Royal Arctic Line» ijrochi direktori Verner Xammeken.

Haqiqatda orol iqtisodiy-ijtimoiy muammolar komida qolgan. Ishsizlik darajasi 10 foizga yetdi. Yoshlarning yarmi bekorchi. Ko‘p yoshlar o‘z istiqbolini Daniyada ko‘rmoqda. Eksport tushumlarining 94 foizini beradigan baliqchilik va ovchilik sohasi yil sayin og‘irlashmoqda. Kon sanoati yalpi ichki mahsulotning atigi 7 foizi berayapti. Sayyohlik ham katta salohiyatga egaku, biroq mavsum (may-iyul oylari) qisqaligi sababli ko‘p turistlarni jalb eta olmayapti.

Orolda infratuzilmalar qurilishi nihoyatda muhim. Chunki bu yerdagi 17 ta shaharning faqat ikkitasi – Ivittuut va Kangilinnguit bir-biriga avtomobil yo‘li orqali bog‘langan, qolganlari esa uzilib qolgan. Avtomobil yo‘llari uzunligi atigi 150 km, temir yo‘llar umuman yo‘q. Itlar tortadigan chanalar va ichki havo transporti hanuzgacha asosiy tashuvchi vosita bo‘lib qolmoqda.

Orolda o‘z joniga qasd qilish har 100 ming fuqaroga 82,8 nafarni tashkil qiladi va AQShdagi ko‘rsatkichdan 24 barobar yuqori. O‘rtacha umr ko‘rish ham ancha past – erkaklarda 68 yoshni, xotin-qizlarda 73 yoshni tashkil qilmoqda.

AQSh agar oxirgi chora sifatida orolni harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan egallab olsa, xalqaro hamjamiyatni norozi qilgani yetmaganidek, unda boshqa qudratli raqiblari – Rossiya, Xitoy va Fransiya kabi davlatlarni o‘zlari ko‘z tikkan makonlarni egallab olishi uchun yaxshigina bahona yaratib bergan bo‘lar edi.

Okean sathi 7 metrga ko‘tarilishi mumkin

Lekin asosiy muammo orolning kimga o‘tishi yoki kim unga egalik qilishida ham emas. Global isish oqibatida muzliklar erishi va dunyo o‘tkir atrof muhit muammosiga duchor bo‘layotganida.

Shimoldan janubga tomon 2670 km, g‘arbdan sharqqa tomon 1050 km.ga cho‘zilgan Grenlandiyaning 85 foiz hududini uch kilometr qalinlikdagi abadiy muzliklar qoplagan. Ammo bundan keyin 10 ming yilliklar davomida shakllangan «boqiylik» muvaqqatlikka o‘zgarishi mumkin.

Shu yil iyulda issiq siklon natijasida Yevropadagi noodatiy harorat, Sibirda 15 million gektar o‘rmon alanga ichida qolishi va Alyaskada ko‘plab o‘rmonlar yonib kul bo‘lishi Grenlandiyadagi haroratni +30 darajagacha ko‘tarib yubordi. Bu yerda odatdagi harorat +15 darajadan oshmas edi.

Oqibatda muzliklar ustki qismi iyul oyiga kelib, kuniga 12,5 milliard tonnagacha eridi. Yil boshidan buyon esa bu ko‘rsatkich 300 milliard tonnadan oshib ketdi. Bunday tez erishni olimlar 1950 yildan buyon ilk bora qayd etishmoqda.

Iqlimshunos Martin Stendelning tasdiqlashicha, Grenlandiya butun muzliklarining ustki qismi 1 millimetr chuqurlikkacha erib bo‘ldi.

O‘tgan asr davomida jahon okeani sathi 17 santimetrga ko‘tarilgan bo‘lsa, asrimizning birinchi 20 yilida 7 santimetrga yetdi. Agar oroldagi muz qalqoni to‘liq erib bitsa, dunyo okeani suv sathi 7 metrgacha ko‘tariladi. Unda Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo qit’alarining qirg‘oq bo‘ylarida joylashgan ko‘plab shaharlar va qishloqlar, okeandagi orollar batamom suv ostida qolib, 10 millionlab insonlar qurbon bo‘lishi, 100 millionlab insonlar yashab turgan hududidan ko‘chishga majbur bo‘lishi mumkin.

Shunday murakkab vaziyatda Arktika kengashining 8 ta a’zo-mamlakati (AQSh, Kanada, Rossiya, Islandiya, Daniya (Grenlandiya), Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya) vakillari shu yil may oyida Rovaniyemida uchrashib, tayinli biror qarorga kelmaganliklari achinarli.

Kengash tashkil etilgan 1996 yildan buyon odatda sammitlar hamkorlik ruhida va yaxshi qarorlar qabul qilish bilan kechar edi. Ilk bora qo‘shma deklaratsiya tayyorlanmadi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo global isishning zarari haqida bayonot berishdan voz kechdi. Bu esa Vashington o‘z manfaatlari yo‘lida hech narsadan qaytmasligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Ammo orolning yangi qurollanish hududiga aylanishidan insoniyaga hech qanday naf bermaydi.

A.Hasan o‘g‘li
xalqaro sharhlovchi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring