Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Antaliya — sayyohlarning sevimli maskani (foto)

Antaliya — sayyohlarning sevimli maskani (foto)

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» muxbiri mamlakatimizning bir guruh jurnalist va blogerlari qatorida Turkiyada xizmat safarida bo‘lib, ushbu davlatning «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasida ishtirok etdi.

To‘rtinchi kun. O‘ttiz yil qisqa davrmi?

Safarimiz davomida bizga hamrohlik qilgan gid Husayinbiy Inji o‘ttiz yil oldingi Antaliya bilan hozirgisining orasida osmon bilan yercha farq bor, dedi. Tarix uchun bu muddat oz, ammo bugun Antaliya sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan sevimli maskan. Buni bizga Turkiya turizmni rivojlantirish va targ‘ib qilish agentligi matbuot kotibi Erkan Yagdji ham ma’lum qildi:

— Antaliya mamlakatimizda sayyohlar eng ko‘p keladigan shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi, — dedi Erkanbiy. – Istanbul, Izmir shaharlari keyingi o‘rinlarni egallaydi. Bilasizlar, pandemiya butun dunyo iqtisodiga soya tashladi. Jumladan, turizm yo‘nalishi ham katta yo‘qotishga duch keldi. O‘tgan yili mamlaktimizga 50 milliondan ortiq sayyohlar kelgan edi. Joriy yilning shu paytigacha esa 15 million kishi yurtimizga sayyoh sifatida keldi. Turzim industriyasini kasodga uchrashini kutib o‘tirish aqlsizlik bo‘lardi. Shu sababli «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi mamlakatimizda  joriy etildi. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi 2020 yilning yoz mavsumidan amalga kiritilgan «Sog‘lom turizm sertifikati» dasturini ishlab chiqdi. Va bu choralar o‘z natijasini ko‘rsata boshladi. 2023 yilda mamlakatimizga keluvchi sayyohlar sonini 75 millionga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Go‘zal tabiati, mavjlanib turgan dengiz, qulay sharoitlar bilan birga tarixiy obidalarning ko‘pligi sayohat qiluvchilarni Antaliya tomon yetaklaydi. Albatta, sifatli servis bo‘lmasa, sharoit yaxshi bo‘lgani bilan sayohatchilar ko‘nglini olish dargumon. Shuning uchun ham barcha turoperatorlar bu masalaning nozik jihatlarini hisobga olishgan.  Bu yerga bir kelgan sayyoh yana keladi, kamiga o‘z do‘stlari, oila a’zolariyu hamkasblarini olib keladi.

“Tarixni qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsat”

Jumhuriyat maydoni O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan. Dengiz bilan ushbu maydon o‘rtasida qurilganiga qariyb 300 yil bo‘lgan uylar bor. Uylar qanday qurilgan bo‘lsa, shunday saqlanmoqda. Uni buzish yoki biron joyini o‘zgartirishga ham harakat qilinmaydi. “Tarixni qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatish” mana shu qarash Turkiyaning turizm yo‘nalishida yetakchilardan biriga aylanishiga sabab bo‘lgan. Turkiyada ko‘plab tarixiy obidalarni kuzatib shunga ishonch hosil qildik.

Yana bu yerda Antaliya mavlonoxonasi muzeyi, tarixiy masjid, minora bor. Tor yo‘l bo‘ylab pastlik tomon yursangiz portga chiqasiz. U yerda sizni yuzlab kema, qayiqlar kutib oladi. Turli shakllarda bezatilgan bu suv transportlarida dengiz bo‘lab sayohat qilishingiz mumkin. Qirg‘oqqa tinimsiz urilayotgan dengiz shovqini, chag‘alaylarning xonishi xayollaringizni buzib yuboradi, go‘yoki ko‘hna dunyo sirlarini sizga so‘zlamoqchi bo‘lgandek. Toza havo va  cheksizlik sizni o‘ziga maftun etadi.

Nahot buni inson yasagan bo‘lsa?..

 «U qon to‘kadigan joy emas — Turkiyadagi «Kolizey»dan «Xabar.uz» reportaji»da Antaliyadagi Aspendos hamda Perga nomli antik shaharlar haqida hikoya qilgan edik.  Mustafa Kamol Otaturk nomidagi Antaliya muzeyida ana shu antik shaharlarni o‘rganishda topilgan juda ko‘plab haykallar, ro‘zg‘or buyumlari olib kelinib namoyishga qo‘yilgan. Haykallar marmardan yasalgan, balandligi bir yarim metrdan boshlab to‘rt metrgacha. Ustunlar esa undan ham baland. O‘sha davrlarda marmarga ishlov berish shunday rivojlangan bo‘lsa, nahot bular insonlar qo‘li bilan yasalgan bo‘lsa, degan savollar og‘ushida qolasiz.

Pamfiliya. Antaliyani o‘tmishda shunday nomlashgan. Qadimiy Pamfiliyani boshqargan podshohlar, ularning rafiqalari, ustunlar, odamlarning turli ko‘rinishidagi holatlari tasvirlangan devor va  tobutlar barchasi marmardan judayam aniqlikda, silliq qilib yasalgan. Muzeyda, shuningdek, turli davrlarga oid mehnat qurollari, ko‘zalar o‘rin olgan. Bu yerda qadimiy shaharlarda sopol quvurlar yordamida tashkil etilgan kanalizatsiya tizimi, asosan baland joylarda bunyod etilgan shaharlarga suv qanday olib chiqilganini ko‘rsatib beruvchi eksponatlarni ko‘rish mumkin.

Dyuden sharsharalari

Antaliyada Yuqori Dyuden va Quyi Dyuden sharsharalari bor. Gidimiz bizni Quyi Dyuden tomon boshladi. O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan bu sharshara 30 metrlardan otilib tushadi. Tunda esa judayam ajoyib manzarani hosil qiladi. Dengiz sohilida joylashgan bu sharshara qayerdan paydo bo‘lgani sirli. Aytishlaricha, u Dyuden daryosi irmog‘idan boshlanar ekan. Bu daryo esa Antaliyadan o‘ttiz kilometr uzoqlikda joylashgan. Sharshara bosim bilan yer ostidan kelib otilib chiqadi va dengizga qo‘yiladi. Manzara esa judayam go‘zal.

Qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, antiseptik vositalardan foydalanish, ijtimoiy masofani saqlash, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarda sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnomalarning bo‘lishi majburiyligi, sayyohat muddati tugagach sayyohalardan PSR tahlillarini olish singari talablar sayohatlarning xavfsiz o‘tishiga kafolat bo‘ladi. «Xavfsiz turizm» loyihasi Turkiyada ana shu talablar ostida amalga oshirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring