Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shubha ustiga shubhalar. Andijondagi masjid binosi sotuvdan olindi, ammo...

Shubha ustiga shubhalar. Andijondagi masjid binosi sotuvdan olindi, ammo...

Foto: «7news.uz»

Andijon shahrining Do‘stlik ko‘chasi 7-manzilda joylashgan sobiq masjid binosi MIB tomonidan sotuvga qo‘yilganidan xabaringiz bor. Ushbu holat jamoatchilikning katta e’tiroziga sabab bo‘lgani ham sir emas. Keyinroq o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvlarda bino garovga qo‘yilib, bankdan katta miqdorda kredit olingani-yu qarz qaytarilmagani, bu jarayondagi sirli-sirli holatlar haqida ham bong urilgandi. Shuningdek, garovga qo‘yblgan binoda 27 ta kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz onalar voyaga yetmagan farzandlari bilan abgor holatda yashab kelayotganligi ma’lum qilingandi.

Sobiq masjid binosi sotuvga qo‘yilganiga oid shov-shuvlar avjiga chiqqan paytda u yerda yashayotgan oilalarga boshpana berilgani aytildi, bunday xayrli ish mamnuniyat bilan jamoatchilikka yetkazildi ham.

Biroq savobtalab insonlarning beg‘araz yordami va hashar yo‘li bilan qurilgan ko‘rkam sobiq masjid binosining taqdiri muallaq qolgandi baribir.

Kuni kecha Bosh prokuratura mas’ullarining OAV xodimlari bilan uchrashuvidan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, sobiq masjid binosi elektron onlayn-auksion savdodan olinibdi. Yaxshi xabar. Zotan, mazkur ob’yekt qo‘lma-qo‘l bo‘la-bo‘la ayni paytda Andijon shahar hokimligi tasarrufiga o‘tgani bilan qonun izn bersa-da, uni garovga qo‘yib, xususiy korxonaga katta miqdorda kredit olib berishga mutasaddilarning ma’nan huquqi yo‘qday.

Qolaversa, kreditni qaytarish imkoniyati tuzukroq cho‘tlab-chamalanmay tadbirkorga katta mehribonlik ko‘rsatilgani, bank ham bir kunda (!) hamma hujjatlarni rasmiylashtirib, so‘ralgan mablag‘ni taqdim etgani, qisqasi, bunday «jo‘mardlik» tadbirkorga yetarli mas’uliyat yuklamagani (juda yumshoq aytganda, albatta) oqibatida sobiq masjid binosi sud qaroriga asosan sotuvga chiqib ketishi qator-qator savollar tug‘dirgandi deng.

Xullas, bino sotuvday olinibdi. Biroq bu kreditdan urchigan qarzlarni tadbirkor qoplaydigan bo‘libdi, degani emas. Savdoning to‘xtatilishiga asos — sobiq masjid binosi joylashgan hudud: Andijon shahar Taxtako‘prik MFYning 2019-yil 24-may kuni MIBga taqdim etgan 19-sonli ma’lumotnomasi ekan. Unda  sotuvga qo‘yilgan «...binoda 27 ta boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz onalar voyaga yetmagan farzandlari bilan yashab kelayotgani» ma’lum qilingan. Shu hujjat asosida MIB Andijon shahar bo‘limi ijro harakatlarini to‘xtatibdi.

Bir qarashda hammasi joyda. Biroq vaziyatga e’tiborliroq qaralsa, Andijonda navbatdagi «spektakl» qo‘yilmayaptimikan, degan shubhaga borasan?!

Qarang: Taxtako‘prik MFY yuqoridagi ma’lumotni 24.05.2019-yilda taqdim etmoqda, masjid binosida o‘ttizga yaqin nochor oilalar yashayapti, deb. Biroq bu ma’lumotnoma taqdim etilishidan to‘rt kun avval (!) u yerdagi oilalarga boshqa joydan boshpana berilgani butun mamlakatga ovoza qilinmadimi?

Bularning qaysi biri rost? MFY ma’lumotiga ishonsak, 24-mayda ham nochor oilalar masjid binosini tark etmagan, OAVlarga berilgan xabarlarda esa, 20-maydayoq ular yangi boshpanaga ko‘chib ulgurgan?!

Ajab, ajab...

To‘rt kun nari-berisidagi sanalarga yopishib, pashshadan fil yasalayotgani yo‘q. Ijikilashning boisiki, voqea Andijonda bo‘layotir. Bu yerning mutasaddilari muhtojlarni uy-joy bilan ta’minlashda oddiy insonlar ne, kerak bo‘lsa, davlat rahbarini ham aldashini amalda ko‘rdik. Shu bois kichik holat ham ko‘ngilda shubha ustiga shubha tug‘ilaverar ekan-da. Ikkinchidan, sobiq masjid binosi masalasi hamon ko‘ndalang turibdi. Binoni garovga qo‘ygan holda olingan kreditning maqsadli sarflangan-sarflanmagani xususida ham savollar yetarli. Sobiq masjid binosi savdodan olingani bilan bu chora vaqtincha ekanining ehtimoli katta. Shov-shuvlar bosilsa, hammasi kelgan joyidan davom etmasligiga kafolat ham yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring