Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hazrat Alisher Navoiy haqidagi soxta tasavvurlardan xalos bo‘laylik

Hazrat Alisher Navoiy haqidagi soxta tasavvurlardan xalos bo‘laylik

Foto: «saviya.uz»

9-fevral — Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Alisher Navoiy nomi asrlardan beri xalqimizning birligi, buyukligi, faxru iftixori timsoli bo‘lib kelmoqda. Shu paytga qadar necha-necha avlodlar bu buyuk zotning merosidan bahramand bo‘lib o‘sdi. To dunyo bor ekan, insoniyat bor ekan, o‘zbek millati yasharkan, Navoiy nomi ham u bilan tengma-teng yashashi muqarrar.

Navoiy nomidan uzoq va yaqin o‘tmishda turli maqsadlarda foydalilgani, uning shaxsi, merosi, qarashlari turlicha talqin etilganini ham bilamiz. Yaqin o‘tmishda Alisher Navoiy shaxsiyatida sovet mafkurasiga mos va xos ideal inson yaratishga urinishlar ham bo‘ldi. Navoiy ijodidan kommunistik g‘oyalarga xos jihatlarni izlashdi, uning tarjimai holini ham o‘sha davrga moslab «qaytadan yozishdi», shu asosda kitoblar yozildi, sahna asarlari, filmlar yaratildi.

Bundan tashqari, Navoiy asarlari, g‘azallarini o‘zlaricha sharhlab, undan ma’no-mazmun chiqaradiganlar ham ko‘p. Biroq, kim qanday talqin qilishidan qat’i nazar, Navoiyning buyukligi zarracha o‘zgarmaydi.

Biz ayni paytgacha Navoiy haqida ko‘pchilik ongida shakllanib qolgan xato tasavvur va tushunchalarga munosabat bildirishni lozim topdik. Xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, oldindan avvalo hazrat ruhidan, shuningdek, barcha mushtariylardan uzr so‘rab qolamiz. 

1. «Navoiy diniy ulamolarga qarshi bo‘lgan»

Esimizda, sobiq tuzum davrida xalq og‘zaki ijodidan ham, o‘tmishdagi buyuk shoirlarning merosidan ham dahriyona, ateistik fikrlar qidirishga moyillik kuchli bo‘lgan. Navoiydan ham dahriy yasashga urinishlar bo‘lgan. Darsliklarda ham imkoni boricha diniy arboblar qoralangan she’rlar, nazmiy va nasriy parchalar berishga harakat qilinardi. Maktabda adabiyot xrestomatiyasidan Navoiyning mana bu matlali g‘azalini yod oldirishgani esimda:

Meni ishqdin man etar soda shayx,

Dema soda shayx, aytkim loda shayx,

May ustidagi qilcha qilmon hisob,

Agar suv uza solsa sajjoda shayx.

O‘qituvchimiz bu baytlarni «Navoiy shayxlarning, din arboblarining nodon, johilligini tanqid qilayapti. Shayx agar suv ustida joynamoz to‘shab namoz o‘qisa, men undan ko‘ra sharob, ya’ni aroqning ustida suzib yurgan qilni afzal bilaman» deb «sharhlagani» esimda.

Taassufki, u paytlarda bu baytlar tasavvufiy ma’noni anglatishini, Navoiy shayx deganda oqil ulamolarni emas, dinning mohiyatidan bexabar kimsalarni ko‘zda tutganini bilmasdik. May degani odamni aqlu hushidan ayiradigan 40 graduslik aroq emas, Yaratganga bo‘lgan ishqning, ma’rifatning timsoli ekanini keyinroq bilganmiz.

Zohid senga huru menga mayxona kerak,

Jannat senga bo‘lsin, menga mayxona kerak.

Bu misralar ham xuddi shunday talqin qilinardiki, butun boshli avlod Navoiyni dinga, ulamolarga, islomga qarshi bo‘lgan shoir sifatida tasavvur qilib qolgandi. Ammo aslida Navoiy o‘ta taqvodor inson bo‘lganini, shu bois Nizomiddin, ya’ni dinning quvvati, nizomi, tartibi degan unvon olgani, har bir asarini Allohga hamd, payg‘ambarimizga na’t aytish bilan boshlaganini keyinroq bildik. 

2. «Navoiy o‘zbek bo‘lmagan»

Ko‘pincha xorijlik olimlar, mutaxassislar bilan gaplashib qolganimda «Navoiy biror joyda o‘zining millati haqida gapirmagan, nimaga asoslanib uni o‘zbek deysizlar?» qabilidagi savollarni berishgan. Bu haqda har doim ham yozishga jur’at qilavermaymiz. Aslida...

Avvalo dunyodagi istalgan millat nomi o‘z tarixiga, tadrijiga ega. O‘zbek xalqi ham ming yillar davomida millat sifatida shakllanib keldi. Navoiy yashagan davrda esa o‘zbek millati hali to‘la ma’noda shakllanib ulgurmagandi. Navoiy yashagan davrda o‘zbek tili, qozoq tili, qirg‘iz yo ozarbayjon tili degan tushunchalar yo‘q edi. Ammo o‘zbek etnonimi u paytda turkiy qavmlardan biri sifatida ma’lum edi. Holbuki, hazrat Navoiy o‘z asarlarida o‘zbek nomini bir necha bor ishlatadi.

Xalq toju xil’atikim, men tamosho qilg‘ali

O‘zbegim boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas.

Shu misraning o‘ziyoq har qanday bahsu munozaraga nuqta qo‘ymaydimi? Bu o‘rinda o‘zbekning bosh kiyimi va egnidagi choponga ishora qilinayotgani ko‘rinib turibdi. Milliy bosh kiyimimiz do‘ppi Samarqand, Qashqadaryo tomonlarda qalpoq deb aytilishini yaxshi bilamiz.

Qolaversa, bugungi o‘zbek tilini o‘z asarlarida turkiy til deb ulug‘lagan. «Farhod va Shirin» dostonida u birgina xalq emas, barcha turkiy xalqlarni o‘ziniki deb bilishini aytgandi:

Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,

Muayyan turk ulusi xud meningdur.

Hazrat Navoiy barcha turkiy xalqlar va qavmlarga «siz menikisiz» deb quchoq ochgan ekan, bu xalqlar ham Navoiyni sevishga, ardoqlashga haqli. Ammo Navoiy besh yarim asr oldin ulug‘lagan turkiy til bugungi ona tilimiz, o‘zbek tilining o‘zagi ekanini hech kim inkor etolmaydi. Navoiy tavallud topgan afg‘on zaminida bugun ham o‘zbeklar o‘z nufusiga ko‘ra uchinchi yirik etnos sanaladi. Shu fikrlarning o‘ziyoq Navoiyni o‘zbek xalqidan uzoqlashtirishni istagan kimsalar uchun yetarli javob bo‘la oladi. 

3. «Guli Navoiyning sevgilisi bo‘lgan»

Alisher Navoiy haqida xalq afsonalarida uning Guli ismli sevgilisi bo‘lgani aytiladi. Tarixiy manbalarda faqat Navoiyning oila qurmay o‘tgani ma’lumot sifatida keltiriladi xolos. Sizu biz yaxshi bilgan mashhur filmga ko‘ra, Navoiyning sevgilisi Gulini vazir Majididdin atayin sulton haramiga olib kiradi. Bu bilan maqsadiga erisha olmagach, vazir qizga zahar ichiradi... Rostan ham Guli tarixiy shaxsmi?

Aslida Navoiyning o‘z asarlarida bu ism uchramaydi. Lekin hazrat Navoiy kimnidir qattiq sevgani, o‘zining o‘tli she’rlarini unga atagani aniq. Xo‘sh, Navoiyning umrboqiy misralariga loyiq bo‘lgan o‘sha baxt va saodat sohibasi kim ekan?

Taniqli navoiyshunos olim, ustoz Abduqodir Hayitmetovning yozishicha, «...u (ya’ni Navoiy) kimligi biz uchun noma’lum bo‘lib kelayotgan bir qizni sevgan. Qiz ham unga yomon munosabatda bo‘lmagan, iltifotlar ko‘rsatgan. Afsuski, qiz erta vafot etgan. Qizning vafoti Navoiydan olisda ro‘y bergan. Shu fojiadan keyingina Navoiy o‘zining unga bo‘lgan muhabbati cheksiz va beqiyos ekanini bilib qolgan. Bu muhabbat o‘ti uning qalbida umrining oxirigacha so‘nmagan. Shu sababli shoir o‘zining birinchi muhabbatiga sodiq qolgan — uylanmay o‘tgan».

Mana bu bayt ham Navoiyning bir paytlar sevimli mahbubasi bo‘lganidan darak beradi:

Bor edi, ul hamki, bir chog‘ bizga yore bor edi, 

Kulli ar yor o‘lmasa, filjumla bore yor edi...

Uning ismini biz bilmaymiz. Bilolmaymiz. Chunki Navoiyning o‘zi ham uning ismi boshqalar tilida yangrashini istamagan, sevikli yorining ismini ham boshqalardan rashk qilib qizg‘angan.

Men bo‘lay ovora to, ishqimdin aylab guftugo‘,

Oti oning har kishi og‘zida mazkur o‘lmasun.

Darhaqiqat, Navoiy asarlari bilan tanish bo‘lgan o‘quvchi bu she’rlar shunchaki lirik qahramon tilidan bitilmaganini yaxshi anglaydi. Qolaversa, shoir umrining so‘nggi yillarida bitilgan «Lisonut-tayr» dostonida:

Bir necha kun umrdin topsam amon,

Sharhi ishqim nazm etay bir doston,

— deya, agar umr vafo qilsa, o‘z muhabbatini sharhlab bir doston bitmoqchi ekanini yozadi. Afsuski, ko‘p o‘tmay buyuk shoir vafot etadi. Navoiyning «sharhi ishqi» ham biz uchun sir bo‘lib qoldi. 

4. «Navoiy faqat ilohiy ishqni kuylagan»

Sobiq tuzum davrida Navoiyning ijodidan faqat maishiy, dunyoviy mazmun izlangan bo‘lsa, bugungi kunda hazratning barcha asarlariga ilohiy tus beradiganlar ko‘paydi. Albata, Navoiyning ko‘plab asarlari tasavvuf ruhida bitilgan. Hazratning o‘zi ham tasavvufning naqshbandiya tariqatida bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.

Navoiy devonlarida bevosita Allohga bo‘lgan muhabbat – ishqi ilohiy tarannum etilgan g‘azallar juda ko‘p. Masalan, «Navodirul-vaqoye’» devonidagi mana bu baytni olaylik:

Zihi husnung zuhuridin tushub har kimga bir savdo,

Bu savdolar bila kavnayn bozorida yuz g‘avg‘o.

Bu yerda so‘z chindan Yaratganning husnu jamoli, uning ishqida har kimning diliga savdo tushgani, ana shu savdolar ikki olam bozorida yuz g‘avg‘oga bois ekani haqida boradi. Ammo har bir baytdan tasavvufiy ma’no izlash ham u qadar to‘g‘ri emas. Chunki Navoiy asarlarida sof insoniy go‘zallik, insoniy sevgi munosabatlari kuylangan she’rlar ham uchraydi.

Olmani sundi nigorim, «ol» dedi,

«Olma birla bu ko‘ngulni ol» dedi.

So‘rdum ersa olmasining rangini

«Ne so‘rarsen, olma rangi ol» dedi.

Xo‘sh, shunchaki yigit va qiz o‘rtasidagi sho‘x munozarani eslatuvchi ushbu tuyuqda ham biror «majoziy» ma’no bormikin? Yoki bo‘lmasa «Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarsinmu deyin», «Ne ajabkim sarvinozim o‘n sakiz yoshindadur», «Qoshing ne balo qaro bo‘lubtur» singari misralaridan ham tasavvufiy ma’no, ilohiy ishq ishoralarini izlash to‘g‘rimikin? 

5. «Husayn Boyqaro Navoiyni saroydan quvgan»

Oltmish-yetmish yil ilgari yaratilgan, hozirgi qadar tomoshabinlar e’tiboriga havola etib kelinayotgan ekran va sahna asarlarida shoh va shoir o‘rtasidagi qarama-qarshilik o‘ta darajada bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Shu sababli bir paytlar siyosiy maqsadlarni ko‘zlab, ikki do‘st orasida yaratilgan sun’iy to‘siqlar bugunga qadar ayrim sodda odamlar tasavvurida muhrlanib qolgan.

Saroydagi fitnalar, ayrim amaldorlarning, vazirlarning qutqusi tufayli Husayn Boyqaro o‘z do‘stini bir muddat saroydan uzoqlashtirgani, uni Astrobodga hokim etib tayinlagani rost. Biroq tashqi ta’sirlar, saroy ahlining qutqulari ikki do‘st orasiga kuchli nifoq urug‘ini eka olmagan. Aks holda Alisher Navoiy ko‘plab asarlarida o‘z qadrdon do‘sti uchun alohida boblar ajratmagan, uning fazilatlarini sidqidildan e’tirof etmagan bo‘lardi.

Shahzoda Mo‘min Mirzoning xoinlarcha o‘ldirilishi, bu mash’um qatlga Husayn Boyqaro mast holatida muhr bosishi temuriylar sulolasi inqirozini yanada tezlashtirganini hech kim inkor etmaydi. Ammo Mo‘min Mirzoning o‘limi shoh va shoirni bir-birida batamom ayirgani yolg‘on.

Mo‘min Mirzoning o‘limi qanchalar qayg‘uli bo‘lmasin, Navoiy bu noxushlikni taqdir taqozosi sifatida qabul qildi. Bizga tanish asarlarda bo‘lgani kabi hazrat bu fojiada sultonni ayblab, uning pushaymonlikda ado bo‘layozgan qalbiga nashtar urmadi. Aksincha, bu ish Haqning irodasi ekanini aytib, sultonga dalda berdi.

Bundan tashqari hazrat Navoiyning so‘nggi damlari ham aynan Husayn Boyqaroning yonida kechgani, hatto buyuk shoir o‘z do‘stini olis safardan qaytayotganida xasta holiga qaramasdan kutib olishga chiqqani, shahar tashqarisida uni ehtirom ila qarshi olgani va shu yerda taqdir taqozosi bilan Haqqa omonatini topshirgani ishonchli manbalarda zikr etiladi. 

6. «Navoiy Xadichabegimni sevgan»

Ayrim adabiyotshunos ustozlarimiz Navoiyning Xadichabegimga ko‘ngil qo‘ygani, ammo Husayn Boyqaro unga uylangach, bu sirni bir umr qalbida yashirib kelgani, o‘zi ham shu sababli uylanmay o‘tgani haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. O‘z vaqtida «ochilmagan» bu sir oradan asrlar o‘tib qanday ochildi ekan? Avvalambor Navoiy Husayn Boyqaroni haddan ziyod hurmat qilgan. Asarlarida do‘stiga atab alohida boblar ajratgan. Agar sulton Navoiyning muhabbatiga zomin bo‘lganida, bunday mehr va ixlos yuzaga kelarmidi?

To‘g‘ri, Navoiy Xadichabegimga katta hurmat bilan qaragan. Uni «Bilqisi ahd» deya ulug‘lovchi baytlarni bitgan.

Avji davlat ichra bo‘lsun doimo Bilqisi ahd,

Kim Zuhal qasrida har tun posbone, besh emas.

Agar Navoiyning qalbida boshqacha hislar bo‘lganida, uning atrofidagi muxoliflar ertami-kechmi bundan xabar topgan, sulton bilan shoir orasini sovutish uchun hamma narsaga tayyor g‘animlar bu holatdan «unumli» foydalangan bo‘lishardi. Natijada sulton va shoir bir-biridan tamomila uzoqlashib ketgan bo‘lardi.

Xadichabegimni yaqindan bilganlar, xususan, uning suhbatida bo‘lgan Bobur mirzo ham malikani juda sergap, qahri qattiq, aqli past deya ta’riflagan. Sultonning farzandlari o‘rtasida nifoq tushishiga ham Xadichabegim sababchi bo‘lgan. Malika Shayboniyxonning Mansur baxshi ismli mulozimi qo‘lida sharafsiz o‘lim topgani ham tarixdan yaxshi ma’lum.

O‘z davrining eng nozikta’b, zukko, madaniyatli kishisi bo‘lgan Navoiy shunday ayolga ko‘ngil bog‘lashi mumkinmidi?

7. «Navoiy «yigitlarga» atab she’r yozgan»

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda hazrat Navoiyning bir g‘azali katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Mazkur g‘azal shunday matla bilan boshlanardi:

Yigitligimda edim mubtalo yigitlarga,

Qarib ham o‘zni tilarmen fido yigitlarga...

Bir qarashda «nahotki shu baytlar Navoiyga tegishli bo‘lsa?» degan savol tug‘iladi. Aslida ushbu baytni o‘qib, darhol xayolimizda bema’ni fikrlar paydo bo‘lishi Navoiyni tanimasligimiz, Navoiyni tushunmasligimizni bildiradi.

Bir qarashda bu haqda yozishning o‘zi ham shakkoklikdek tuyular. Lekin hazrat haqida noto‘g‘ri tasavvurlarning oldini olish uchun albatta bu haqda yozish shart deb o‘ylaymiz. Bu xato tasavvur avvalo Navoiydan, shuningdek eski o‘zbek tili, qadimgi turkiy til, so‘zlarning semantikasidan bexabarlik natijasidir. So‘zlar davr, asrlar o‘tishi bilan o‘zining ma’nosini, vazifasini, qamrovini o‘zgartirib boradi. Bundan tashqari bir so‘z ma’lum bir tilda bitta ma’noni ifodalasa, boshqa tilda unga yaqinroq bo‘lgan boshqa bir ma’noni bildiradi.

«Yigit» so‘zi ishlatilganda bugungi o‘zbek tilida o‘spirin, yosh erkakni tushunamiz. Xuddi shu so‘z bugungi turk tilida (yiğit ) qat’iyatli, ozarbayjon tilida (igid) mard, jasur ma’nolarini beradi. O‘tmishda bu so‘z sal kengroq, ya’ni jinsidan qat’i nazar, yosh degan ma’noda ishlatilgan. Mumtoz adabiyotda «yigit» so‘zi «qari» so‘zining antonimi tarzida ishlatilib, tazod sifatida foydalanilgan.

Rabg‘uziyning «Qisasul-anbiyo» asarida Yusuf bilan Zulayhoning uchrashuv paytida bir suhbat matni beriladi. Umr bo‘yi Yusufning dardida kuyib yashagan Zulayho o‘z sevgilisi visoliga yetganida yoshi o‘tib qolgandi. Shunda u Yusufga qarab «men senga yigitligimni fido qildim, seni deb yigitligim o‘tib ketdi» degan so‘zlarni aytadi. Bu o‘rinda Rabg‘uziy xato qilganmi? Yo‘q, Rabg‘uziy yigit so‘zidan o‘z davridagi ma’nosida foydalangandi.

Navoyning bir bayti esingizdadir:

Yigitlig‘da yig‘ ilmning maxzani,

Qarig‘an chog‘i sarf qilg‘il ani...

Yigit so‘zining asl ma’nosini bilmaganlar bu o‘rinda so‘z faqat erkaklar ustida bormoqda deb o‘ylashi mumkin. Holbuki, ilm olish erkagu ayolga farz qilingan. Bu hadisi sharifdan hazrat Navoiy ham yaxshi xabardor bo‘lgan. Shu bois «yigitlig‘» so‘zi faqat yigitlarga emas, yosh qiz-juvonlarga nisbatan ham ishlatilgan.

Demak, bu so‘zlardan murod bitta: Navoiyning bu va boshqa g‘azallarida ishlatilgan «yigit» so‘zi yosh erkak ma’nosida ishlatilmagan. Zotan, Navoiyning qanchalik iymonli, pokiza inson bo‘lgani tarixiy manbalarda ko‘p bora ta’kidlangan.

Albatta, yuqoridagi fikrlar kimdadir e’tiroz yoxud boshqa mulohazalar uyg‘otishi tabiiy. Shu bois bu fikrlar shaxsiy mushohada o‘rnida qabul qilinsa ma’qul bo‘lardi.

Rustam Jabborov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring