Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aldash osonmi yoki aldanish?

Aldash osonmi yoki aldanish?

Foto: «Xabar.uz»

Sarlavhaga chiqarilgan savolning javobi qiyinmas: kimga qanaqa?! Odamlar bor — oyni benarvon uradi, uncha-muncha odamning oldiga poxol solib ketish cho‘tmas undaylarga. Odamlar bor — yetmishga chiqsayam soddaligi yo‘qolmagan, hatto yosh bolaga ham aldanishi mumkin.

Buxorolik Umid Narzullayev-chi? Ilgari firibgarlik jinoyati uchun bir emas, ikki emas, naq olti marta (!) javobgarlikka tortilgan odam haqida nimayam deyish mumkin?! Oltinchi bor sudlangandan keyin hayotini to‘g‘ri yo‘nalishga solgandek bo‘lgandi: «Luna sale plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etib, tadbikorlikning boshidan tutdi. Ishi judayam yurishib ketmadi, shu barobarida bir joyda depsinib qolmadiyam.

Biroq bularning hammasi shunchaki niqob ekani keyinroq oydinlashdi. U korxona muhridan hujjatlarni qalbakilashtirish maqsadida foydalanib kelgan ekan. Shunisi oson-da. Biror kishi bilan mulkiy munosabatlarga kirishilar ekan, albatta shartnoma tuziladi, hujjatga imzo chekilib, muhr uriladiki, shundan keyin erta bir kun aldanib qolishiga kimda shubha paydo bo‘lishi mumkin?!

Ana, fuqaro F.Ergashev. Unga davlat hisobiga musodara etilib, sotish uchun auksion savdolariga chiqariladigan «Gazel» avtomashinasini arzon narxda olib berishi mumkinligini aytgandi. Avvaliga ko‘pam ishonqiramadi. Biroq «hammasi qonuniy» bo‘lishiga ishontirilgach, bir emas ikkita «Gazel»ga, boshlang‘ich bahosining 50 foiz miqdoridagi pulni to‘lavordi. Qandoq ishonmasin? Qo‘liga shartnoma tutqazib, muhrni bosib berganidan tashqari to‘langan 43 000 000 so‘m mablag‘i uchun «Luna sale plyus» MChJning 19-sonli kirim kvitansiyasini ham tutqazgandi-da. Bechora bu hujjat soxta ekanini qayoqdanam bilsin?!

Fuqaro A.Oripov ham shu tariqa chuv tushirildi: unga «Kobalt» rusumli avtomashina olib berishni va’da qilib, 49 220 000 so‘m pullarini qo‘lga kiritdi.

Yugurgan buzoq somonxonadan nariga o‘tganmi?

Umid Narzullayevning firibgarligi ko‘p o‘tmay fosh bo‘ldi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochilib, yettinchi bor sudning qora kursiga o‘tqazildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudida N.Jo‘rayevning raisligida uning «ishi» ko‘rib chiqilib, muqaddam olti marotaba firibgarlik jinoyatini sodir qilganligi uchun sudlanganligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanmaganligi inobatga olinib, 6 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar baribir undiriladi. Aks holda, yaqin kelajakda ozodlikka chiqishdan umid qilmasayam bo‘laveradi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring