Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AKT vaziri Qiziltepa yoshlari bilan dildan suhbatlashdi (video, foto)

Avval xabar berganimizdek, shu yilning 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov Navoiy viloyatida bo‘ldi. Tashrif davomida bir qator ob’yektlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Mamlakatimizda 30-iyun — «Yoshlar kuni»: iyunda an’anaviy tarzda «Yoshlar oyligi» keng nishonlanib kelinadi. «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostidagi tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun har bir hududga mas’ul shaxslar biriktirilgan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov — Navoiy viloyatida «Yoshlar oyligi»ni o‘tkazishga mas’ul. Vazir 16-17-iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan festivalga tayyorgarlik jarayoni va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tadbirlarni esda qolarli, mazmunli o‘tkazish borasida o‘z tavsiyalarini berdi.

Shundan so‘ng Karmana tuman telekommunikatsiyalar bog‘lamasida savdo va xizmat ko‘rsatish ofisi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Zamonaviy talablar darajasida to‘liq ta’mirlangan savdo va xizmat ko‘rsatish ofisida IPTV va internetga ulanish, «O‘zMobayl» mobil aloqa operatori sim kartalarini sotib olish kabi xizmatlardan foydalanish mumkin. Bu yerda IT-markaz ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

11-iyunning eng muhim voqeasi esa Qiziltepada yuz berdi.

Tuman markazidagi «Nafosat» madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan «Vazir, hokim va yoshlar uchrashuvi»da AKT vaziri Shuhrat Sodiqov va Qiziltepa tumani hokimining o‘rinbosari Nasriddin Hayitov ishtirokida qiziqarli muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot boshlanguniga qadar yoshlar bu yerda tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishishdi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotlari, AKT yo‘nalishidagi ishlar aks etgan videolavha namoyish etildi.

«Uchrashuvimizni quruq ma’ruza shaklida o‘tkazmaylik, — deya yoshlarga murojaat qildi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. — Har doim  ham soha korxona, tashkilotlari, muassasalari rahbarlari bilan uchrashish imkoniyati bo‘lmaydi. Mana bugun shunday imkoniyatga egasiz. O‘zingizni qiynayotgan savollar, taklif va g‘oyalarni ayting. Butun vazirlik jamoasi hamma savollaringizga javob berishga tayyor. Qolaversa, tuman hokimi o‘rinbosari Nasriddin Hayitov boshchiligidagi mutasaddilar ham sizlarning savollaringizga javob berishga hozirlik ko‘rib kelishgan. Albatta, bugungi muloqotimiz samarali o‘tishi kerak. Hech kim bu uchrashuvdan norizo bo‘lib ketmasin».

Qiziltepa tumani aholisining 83 ming nafardan ziyodi yoshlar. Tumanda 43 ta maktab faoliyat ko‘rsatadi.

Uchrashuv, kutilganidek, savollar va takliflarga boy bo‘ldi. Yoshlar asosan sifatli ta’lim olish, kasb tanlash bo‘yicha savollar berishdi. TATU, Toshkentdagi INHA, Amiti universitetlari va «IT-Park» rahbarlari ularning savollariga javob berib, bildirilgan taklif va g‘oyalar ustida birgalikda ishlash bo‘yicha kelishib olishdi.

Tadbir oxirida eng yaxshi savol, g‘oya, taklif berganlarga esdalik sovg‘alari hamda bir guruh yoshlarga tuman hokimligining sertifikatlari topshirildi. 

Shu kuni AKT vaziri hamda Qiziltepadagi yoshlar bilan uchrashuvga kelgan soha korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasidagi «Telecom innovations» qo‘shma korxonasida bo‘lib, zavoddagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.

Bu yerda keyingi paytda eng talabgir mahsulotlar: monoblok kompyuterlar, elektr jihozlari, LED-panellar, routerlar ko‘proq chiqarilyapti. Shunga yarasha qo‘shimcha yana 55 ta ish o‘rni yaratildi.

Mehmonlar qo‘shma korxona vakillari bilan uchrashuvda mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, soha korxonalari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlash yuzasidan fikrlar almashishdi.

Joriy yilning 27-may kuni AKT vaziri xonobodlik yoshlar bilan ham uchrashgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring