Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ahror Abdullayev: «Dasturlash – hayotiy masalalar yechimi bilan bevosita bog‘liq»

Ahror Abdullayev: «Dasturlash – hayotiy masalalar yechimi bilan bevosita bog‘liq»

Foto: «Xabar.uz»

Yoshlik o‘qish-o‘rganish, ishtiyoq va shijoat fasli. Samarqandlik Ahror Abdullayevda bu hislatlarning barchasi bo‘y ko‘rsatib ulgurgan. Qolaversa, undagi yangilikka  intilish, izlanuvchanlik bu fazilatlarni tobora to‘ldirib, uning intelektual salohiyatini tobora oshirib borayapti desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yurtimiz istiqlolining 28 yilligi katta tantanalar bilan kutib olingan ushbu kunlar Ahror Abdullayev uchun unutilmas quvonch va taassurotlarga boy bo‘ldi. Sababi, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida u ham «Kelajak iftixori» medali sohibi bo‘ldi.

Bir qarashda sodda samimiy bu yigit bilan suhbatlashgan kishi undagi noyob iqtidorni ilg‘ashi mushkul. Ammo «Erishgan yutuqlaringiz haqida nima deya olasiz?» degan savolga  «Nima ham derdim, keling, yaxshisi universitetdan berilgan tavsiyanomani elektron nusxasini tashlab bera qolay» deya yutuqlaridan ham iymanibgina suhbatlashgan Ahrorbek xuddi o‘zi singari kamtar suhbatdosh bo‘lsangiz, u zumda yaqin insoningizga aylanadi, qoladi. U hozirda TATU Samarqand filialining kompyuter injiniringi fakultetining «Dasturiy injiniring» yo‘nalishida bo‘yicha 4-bosqich talabasi.

– Ishtixon tumanidagi 93-sonli umumta’lim maktabining 9-sinfini tugatib, Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti  qoshidagi 1-son akademik litseyga qadam qo‘ygan ilk kunim hech ko‘z oldimdan ketmaydi, – deydi Ahror Abdullayev. – To‘g‘rirog‘i, auditoriyadagi kompyuterlarda qani endi soatlab ishlasam deya orzu qildim. Keyinchalik bildimki, kompyuter bilan ishlashda shunchaki qiziqish kamlik qilarkan. Shu haqiqatni anglaganim hamono zamonaviy axborot texnologiyalari sohasiga oid bilimlarimni boyitib, dasturchi bo‘lishga ahd qildim. Dasturlash – hayotiy masalalar yechimi bilan bevosita bog‘liq. Masalalar yechimi uchun esa murakkab algoritmlarni bilish kerak. Universitetda o‘qish jarayonlarida sohaga oid adabiyotlarning qariyb barchasi bilan tanishib chiqdim. Hozirda aynan algoritmlarni o‘rganishda onlayn tarzda xalqaro adabiyotlar yordamida bilimlarimni chuqurlashtirishga harakat qilaman. Bunda rus, ingliz tilini yaxshi bilishim juda asqotadi. 

Ko‘zlari tushib, qalbi tutashgan sohaga mehri baland Ahror Abdullayev universitetda tahsil olish davrida ko‘plab yutuqlarga erishdi. Iqtidorli talaba «BestSoft challenge 2017» respublika tanlovida «Savdo va xizmatlar sohasidagi AT-loyiha» nominatsiyasi bo‘yicha faxrli uchinchi o‘rinni, «Innovation Idea & Software — 2018» innovatsion dasturiy loyihalar tanlovining «Aqlli shahar AT-loyihasi» yo‘nalishi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni egalladi. «InnoWeek 2018», «TUIT OPEN 2018» kabi respublika miqyosidagi va «ACM ICPC» kabi xalqaro miqyosdagi tanlov va olimpiadalarda faol qatnashib, sertifikat va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

– Ahror Abdullayev dasturlash va algoritmlash asoslarini chuqur o‘zlashtirgan talabalarimizdan biri, – deydi TATU Samarqand filialining kompyuter injiniringi fakulteti «Dasturiy injiniring»  kafedrasi mudiri Abduvali Qarshiyev. – Yechimlarni topishdagi bahs-munozaralari vaziyatlarda u asosli takliflari bilan boshqalardan ajralib turadi. Ayniqsa, tendoshlariga o‘zlashtirishda orqada qolmasin degan maqsadda fanning muhim tushunchalarini erinmay mohirlik bilan aniq lo‘nda qilib tushuntiradi. O‘zi esa yana ham ko‘proq o‘rganishga harakat qiladi.

Noshondorimiz iqtidorli talaba sifatida Python, Java, C/C++ kabi yuqori darajali dasturlash tillarini mukammal bilibgina qolmasdan, ushbu bilimlarini amaliyotda keng qo‘llamoqda. Misol tariqasida uning «Delivery food» mobil ilovasi (Java dasturlash tilida) va bir nechta telegram bot loyihalari (Python dasturlash tilida)ni keltirish mumkin. Robototexnika sohasida ham sezilarli natijalarga erishgan qahramonimiz har daqiqani qadrlaydi. Ilm yo‘lida bir soniyaning qiymati qanchalar bebaho ekanligini biladi.

– Ahrorjon oilada qizim Shohistadan keyin o‘rtancha farzandim, – deydi uning onasi  Xolida Nahalova. – Ammo katta o‘g‘lim bo‘lgani boismi doim mas’uliyatni sezib turadi. Ukalarini o‘qishini nazorat qiladi. Opasini, singlisi Mehribonni avaylab asraydi. Akasi sabab ikkinchi o‘g‘lim Akbarjon ham dasturlashga qiziqib, bu yil TATU Samarqand filialining kompyuter injiniringi fakultetiga o‘qishga kirdi. Bir ona sifatida farzandlarim o‘zlari qiziqqan soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib,  el-yurt koriga kamarbasta insonlar bo‘lishini xohlayman.

Ha,  ota-ona uchun farzandlar kamolidan ham otiqroq baxt bormi dunyoda.  Ahrorbekning otasi Zafar aka shunday bag‘ri ham baxti ham butun insonligidan shukrona aytadi. O‘g‘il-qizlarini kamolini tilaydi. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lishiga qaramay, katta bog‘ning boshida uzum, olma singari sarxil mevalarni el dasturxoniga tortiq qilayotganidan doim mamnun.

– Otam bog‘ ishini yoqtiradi, –  deydi Ahror Abdullayev. – Onam doim ular bilan. Men, ukam Akbar, Azim o‘qiymiz deb, tumandan shaharga kelib qo‘ydik. Bog‘ning ishlari, ayniqsa, pishiqchilik pallada  mevalarni uvol qilmay yig‘ib, terib olish ota-onamga qiyinchilik tug‘dirishni bilganimiz bois, dam olish kunlari ularga yordamlashishga oshiqamiz. Ammo ular bizni darslaring qiyin chalg‘imanglar deya, bog‘ yumushlariga qo‘limiz tegar-tegmay yana o‘qishga kuzatishadi.  Biz ota-onamizni shunchalik bizga bildirayotgan ishonch, e’tibor va g‘amxo‘rliklarini oqlashimiz kerak. Qolaversa, yurtimiz yoshlari orasida kichkina yutuqlarim katta baholanib,  «Kelajak iftixori» medali sohibi bo‘ldim. Bu yelkamdagi mas’uliyatni ikki-uch barobar oshirdi. Endi men nafaqat ota-onam balki yurtim, xalqimiz ishonchini oqlaydigan farzand bo‘lishim kerak. Maqsadlarim, niyatlarim katta. Shulardan biri dasturlash bo‘yicha 2020-yilning bahorida bo‘lib o‘tadigan xalqaro olimpiadada ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilish.

Yurtimiz ertasi Ahror Abdullayev singari qalbi qaynoq, bilim ufqi keng yoshlar qo‘lida. Ularning azmu shijoati, kerak bo‘lsa yetuklik sari bel bog‘lagan mashaqqatli mehnatida. Shunday ekan, biz ham ularga ilm yo‘lida ko‘zlab chiqqan manzillaringiz nurafshon bo‘lsin, deya niyat bildiramiz.

Gulnoza Turg‘unboyeva, «Xabar» muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring