Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Afg‘oniston futbol federatsiyasining sobiq rahbari ayollar jamoasi a’zolariga shilqimlik qilgani bois hibsga olindi

Afg‘oniston futbol federatsiyasining sobiq rahbari ayollar jamoasi a’zolariga shilqimlik qilgani bois hibsga olindi

Foto:«BBC»

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi mamlakat futbol Federatsiyasi (AFF) sobiq prezidenti Keramuudin Karimni hibsga olish borasida qaror qabul qildi. U ayollar milliy jamoasining futbolchilariga shilqimlik qilganlikda ayblanmoqda, deb yozadi «Tnews» sayti. 

Afg‘oniston IIV matbuot kotibi Nusrat Rahimiyning xabar qilishicha, Keramuddin Karimni hibsga olish borasidagi qaror 9-iyun kuni qabul qilindi. Rahimiyning so‘zlariga qaraganda, AFF sobiq rahbarining qayerdaligi hozircha ma’lum emas. Shu bilan birga amaldorning o‘zini hibsga olish borasidagi munosabati ham noma’lum.

O‘sha kuni FIFAning intizom qo‘mitasi futbol amaldorini futbol bilan bog‘liq faoliyatdan umrbod chetlatish borasida qaror qabul qildi, shuningdek u 1 mln. shveysariya franki miqdorida jarimaga tortildi.

O‘tgan yilning dekabrida Afg‘oniston futbol Federatsiyasi rahbari va tashkilotning yana besh nafar rasmiy shaxsi ayollar milliy jamoasining o‘yinchilariga nisbatan jinsiy shilqimlik qilganlik aybi bilan ishdan chetlashtirilgan edi. Bu borada mamlakat prokuraturasi tomonidan qabul qilingan qarorni «Tvitter»da federatsiya rahbarining katta maslahatchisi Fazel Fazli ma’lum qilgan edi.

Jamoatchilik bu boradagi ma’lumotdan milliy terma jamoaning kapitani, keyinchalik esa AFFning ayollar departamenti rahbari bo‘lgan va bir necha yil muqaddam Daniyadan boshpana olgan Xalida Popalning bayonotidan so‘ng xabardor bo‘lgan edi.

Popalning so‘zlariga qaraganda, jinsiy shilqimlikdan nafaqat terma jamoaning ayollari jabr ko‘rgan. «Voyaga yetmagan bolalar ham trener va AFF raisi tomonidan jinsiy tajovuzga uchragan», — deya hikoya qiladi Popal. Uning aytishicha, gap bu borada yoshlar komandasining o‘yinchilari haqida bormoqda. «Afg‘on futboli va umuman sportida ta’magirlik va xizmat vakolatlarini suiste’mol qilish odatiy holdir» , — deydi Popal.

Xalida Popal tahdidlar tufayli 2016 yilda mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. 2017 yilning noyabrida u Britaniyaning The Guardian gazetasiga, afg‘on ayol futbolchilari jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik, o‘lim tahdidi bilan to‘qnash kelayotgani haqida aytib bergan edi. Uning aytishicha, masalan komandaning Iordaniyaga safari vaqtida ikki erkak hamrohlik qilgan va qizlarni jinsiy aloqaga majbur qilgan. «Afg‘onistonda bo‘lar ekanmiz, bular haqda aytish qiyin, chunki ular o‘ta nufuzli odamlardir. Agar afg‘on futbolchi ayoli norozilik bildirgudek bo‘lsa, uni o‘ldirishlari mumkin», deya bayonot berdi Xalida Popal.

Afg‘on futbolidagi mojarolarga mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani ham munosabat bildirdi, u ayollar milliy jamoasi o‘yinchilarining bayonotini «dahshatli» deya atadi va Bosh prokuraturaga tekshiruv o‘tkazishni topshirdi. «Sportchilarga — u erkak bo‘ladimi, ayol bo‘ladimi noo‘rin hatti-harakatlarni sodir etishni qabul qilib bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi G‘ani.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring