Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Adolat» SDP raisi o‘rinbosari «Konstitutsiya xiyoboni»ni tashkil etishni taklif qildi

«Adolat» SDP raisi o‘rinbosari «Konstitutsiya xiyoboni»ni tashkil etishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga "Adolat" SDP raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov taklif bildirdi. Munosabat matni O‘zAda keltirilgan.

«O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra partiyaning dasturiy g‘oya va maqsadlariga, qonun ustuvorligi va adolatlilik tamoyillariga hamohang, deb hisoblaydi. 

O‘ylaymizki, kimdir o‘qib o‘rgansa, kimdir ko‘rib va yana kimdir eshitib o‘rganadi. Shu sababli biz huquqni o‘rganish uchun turli vositalardan foydalanishimiz joiz. Prezidentimizning ushbu muhim farmonini amalga oshirish bo‘yicha tegishli davlat organlariga quyidagi takliflarimiz bilan o‘rtoqlashishni lozim topdik:

Birinchidan, har bir shahar va tuman markazlarida “Konstitutsiya xiyoboni” yaratish va bog‘ning markaziga Konstitutsiyaning ramziy monumentini o‘rnatish. Uning atrofiga davlat ramzlari va ular haqidagi ma’lumotlarni odamlarni o‘ziga jalb qiladigan tasvirlarda joylashtirish; xiyobon markaziga oltita yo‘lak qilish va yo‘laklar chetiga Konstitutsiyaning olti bo‘limi bo‘yicha moddalarni elektron tablolarga va maketlarga o‘rnatish; xiyobonda Konstitutsiya va qonunlar kutubxonasi va alohida do‘konlarni tashkil etish. Xiyobonda radioeshittiruvlar, tele-videoko‘rsatuvlar tashkil qilish va ularda faqat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunlari haqidagi ma’lumotlar berib borish.

Ikkinchisi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va davlat ramzlari haqida tushunchalar beruvchi rangli elektron tablolar yaratish va ularni ko‘rinarli joylarga o‘rnatish, har bir muassasada Konstitutsiya xonasi tashkil etish hamda ularni Bosh qomusimizni ifodalaydigan suratlar, o‘yinchoqlar va boshqa ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlash, multiplikatsion filmlar yaratish, musiqali va ovoz chiqaruvchi rang-barang kitoblar nashr etish.

Uchinchisi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Konstitutsiya maydoni yaratish va uni Konstitutsiya va qonunlar aks etgan zamonaviy targ‘ibot vositalari bilan jihozlash. Maktab binosi ichida o‘qish qulay bo‘lgan joyga Konstitutsiya va qonunlar haqidagi ma’lumotlarni, qaysi xatti-harakatlarni sodir etish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik keltirib chiqarishini aks ettiruvchi elektron tablo o‘rnatish.

To‘rtinchisi. Har bir oliy ta’lim muassasasida Konstitutsiya maydoni yaratish va uni Konstitutsiya va qonunlar aks ettirilgan zamonaviy targ‘ibot vositalari bilan jihozlash. Muassasa binosi ichida o‘qishga qulay bo‘lgan joyga Konstitutsiya va qonunlar haqidagi ma’lumotlarni, huquqiy madaniyat va odob-axloq to‘g‘risida keng qamrovli tushunchalar berib boradigan, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradigan xatti-harakatlardan ogoh etuvchi elektron tablo o‘rnatish.

Beshinchisi. O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat joylari to‘g‘risida”gi qonunini qabul qilish hamda jamoat joylarida, ko‘cha-ko‘yda yurish, o‘zini tutish va atrofidagilar bilan muomala qilish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha har bir turdagi yo‘lovchi transport vositalarida, avtobekatlarda, temir yo‘l bekatlarida, aeroportlarda, ovqatlanish va savdo shoxobchalarida, turar joy binolari oldida jamoat joylarida qonunbuzarlik holatlariga chek qo‘yish maqsadida ogohlantiruvchi va tushuntiruvchi tablolar o‘rnatish», — deya taklif bildirgan siyosatchi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring