Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Adolat» SDP OTMlarga talabalarni imtihonsiz qabul qilishni taklif etmoqda

«Adolat» SDP OTMlarga talabalarni imtihonsiz qabul qilishni taklif etmoqda

Foto: «Xabar.uz»

«Adolat» SDP joriy yil bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik jarayonini o‘tkazyapti. Partiya saylovoldi dasturi doirasida ko‘plab takliflar yig‘ib olmoqda.

Shu kungacha bildirilgan fikrlar ekspertlar tomonidan umumlashtirilganda eng ko‘p takliflar ta’lim sohasi bo‘yicha bildirilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi muammolar, abiturentlar soni va qabul kvotalari o‘rtasidagi tafovutning kattaligi, xorijiy davlatlardagi sifati kafolatlanmagan muassasalarga yoshlarimiz oqimining ortayotgani kabi ko‘plab fikrlar bildirildi.

Mazkur masalalarni e’tiborga olgan holda O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ekspertlari tomonidan tayyorlanayotgan saylovoldi dasturiga oliy ta’lim muassasalariga kirishni osonlashtirish, oliy ma’lumotlilar safini kengaytirish, korrupsiyani oldini olish maqsadida oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasini bekor qilish taklifi kiritilmoqda.

Jumladan, joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Shundan 102 ming 400 nafari o‘qishga qabul qilindi. Bu esa talabalikka faqatgina 9.6% abituriyent qabul qilinganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu tashabbus mohiyati faqat qulaylikka xizmat qilish bilan cheklanmaydi. Endi yoshlar talaba bo‘lgunga qadar emas, oliy ma’lumot olishgacha bo‘lgan vaqtda ham puxta bilim olishga intiladi. O‘qishga kirish emas, o‘qish – oliy ta’lim dargohlarida bosqichdan bosqichga o‘tish va bitirish murakkablashtiriladi.

«Hozirgi kunda insonlar orasida oliy ta’lim olishga ishtiyoq yuqori. Buni katta yoshlilar ham o‘qishga hujjat topshirayotganidan bilish mumkin. Shunday ekan, xalq istagini inobatga olish darkor. Imtihonda yetarli ball to‘plolmagan abituriyentlarga shartnoma asosida o‘qish imkoniyatini berishni taklif qilamiz. Ya’ni, davlat budjeti asosida o‘qishga kirolmagan barcha abituriyentlar shartnoma to‘lovini to‘lash orqali talaba bo‘lishlariga yo‘l berish kerak.

Bizda o‘qishga kirishda kvota ozligi, test savollarining ayrimlari murakkabligi va chalkashligi bois bir guruh yoshlarimiz xorijiy davlatlarda ta’lim olishni ma’qul ko‘rmoqdalar. Bundan tashqari, o‘qishga kirishning qing‘ir yo‘llarini izlash oqibatida korrupsiya avj olmoqda. Shuni inobatga olib, o‘z dasturida ta’lim sohasini ustuvor deb bilagan «Adolat» SDP oliy ta’lim qabulidagi kvotani yo‘qotish tarafdori.

Partiya Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda 2020 yildan har bir oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari aks etgan normativ hujjatlarni belgilash rejalashtirilgan. Natijada, oliy ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tishni ta’minlash hamda qabul kvotalarini bekor qilishga erishiladi», — deyiladi «Adolat» SDP ekspertlar guruhi tomonidan berilgan bayonotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring