Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdullohni ushlab turganlarni jazolash kerak — «Adolat» partiyasi

Abdullohni ushlab turganlarni jazolash kerak — «Adolat» partiyasi

27-oktyabr kuni IIBga chaqirtirilib bedarak ketgan Abdulloh Tohirov masalasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ortidan «Adolat» SDP ham mazkur voqeaga munosabatini e’lon qildi. 

Elektron ommaviy axborot vositalarida «Abdulloh qayerda?» mavzusida maqola chop etilib, joriy yilning 26 -oktyabr kuni Andijon viloyat IIBBga chaqirilgan 20 yoshli Abdulloh Tohirov haligacha – bugun 8-noyabrgacha uyiga qaytib kelmagani, oila a’zolari uni qayerda ekanligini bilmasligi haqida tashvishli xabar tarqalgan.

Abdullohning otasi 26-oktyabr kuni o‘g‘li «Lasetti» avtomashinasini boshqarib ketayotib, ertalab soat 7 larda Andijon viloyat IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Ergashev Qaxramon boshqaruvidagi «Neksiya-2» avtomashinasi bilan to‘qnashib ketib, yo‘l transport hodisasi sodir etgani, natijada transport vositasiga zarar yetgani va «Neksiya» avtomashinasini ustaxonaga olib borishgani, Abdulloh ayb unda bo‘lgani uchun ta’mirlash xarajatini qoplab berishini aytgani, shu kuni tushdan so‘ng o‘g‘lini ichki ishlar xodimlari uyidan olib ketishgani va uni qayerda ekanligi haqida ma’lumot berishmayotganini bildirgan.

Bunday holatda qonun talablari quyidagicha buzilgan ko‘rinadi.

Abdulloh tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilgani natijasida Q.Ergashev boshqaruvidagi avtotransport vositasiga moddiy zarar yetgan.

Moddiy zarar summasidan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133- yoki 134-moddasi bilan A.Tohirovga jarima solinadi yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Bu harakat uchun ma’muriy qamoq jazosi berilmaydi. Agar boshqa harakati uchun ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan bo‘lsa, uning qonuniy huquqini buzmasdan oila a’zolariga xabar qilinishi talab etiladi.

Agar Abdulloh bironta jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan bo‘lsa, Jinoyat-protsessual kodeksning 220-221-moddalariga asosan faqat:

1) shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa;

2) jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatsalar;

3) uning o‘zida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;

4) shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, u qochmoqchi bo‘lsa yoki doimiy yashaydigan joyi yo‘q yoxud shaxsi aniqlanmagan bo‘lsa ushlab turilishi mumkin.

Ushbu kodeksning 47-moddasiga ko‘ra, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun yetarli ma’lumotlar bo‘lmagan shaxs gumon qilinuvchi hisoblanib, bu to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror chiqarishi lozim. 48-moddada esa gumon qilinuvchi o‘zining nimada gumon qilinayotganligini bilish, ushlab turilganligi va turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoxud xabar berish, ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish hamda u bilan uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda xoli uchrashish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Shu bilan birga, JPKning 224-225-moddalari talabidan kelib chiqib, ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi, bergan ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanish mumkinligini bildirishi, ushlab turilgan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng, huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi ushlab turish bayonnomasini darhol tuzishi, bayonnomada kimning, kim tomonidan, qachon, qanday holatda, qonunda ko‘rsatilgan qanday asoslarga ko‘ra ushlangani, qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligini, ichki ishlar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga qaysi vaqtda olib kelinganligini aks ettirishi lozim. Bu haqda, o‘n ikki soat ichida prokurorga yozma shaklda xabar berilishi hamda ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay o‘tkazilishi shart. Ushlangan shaxs ushlab keltirilgan paytdan boshlab yigirma to‘rt soatdan kechiktirilmay so‘roq qilinishi lozim.

Ushlab turish muddati 226-moddada qayd etilgandek, shaxs ichki ishlar yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin. Ushlab turish muddati tugagunga qadar va asoslar mavjud bo‘lganda unga ayb e’lon qilinishi, ayblanuvchining huquq va majburiyatlari tushuntirilishi, ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib so‘roq qilinishi va ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal etilishi zarur.

Qonun talabini buzgan vakolatli shaxslar fuqaroni qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanligi uchun Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 234-moddasida (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ushbu voqeani qattiq qoralaydi va «Qonunni oyoq osti qilmang!» deb o‘z munosabatini bildiradi.

Shuningdek, Bosh prokuraturadan «Abdulloh qayerda?» maqolasi yuzasidan hamda 14 kundan beri uning qayerda ekanligi haqida xabar bermagan shaxslar harakatiga huquqiy baho berib, munosabat bildirishini kutib qolamiz.

Yuqoridagi fikrlar partiya eksperti Baxtiyor Ibrohimovga tegishlidir. Eslatib o‘tamiz, Abdulloh Tohirov ishi «boshqa idora» tasarrufida ekani va bunga aniqlik kiritilishi aytilgandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring