Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Abadiy mavzu»: Pokiston, Hindiston, Xitoy hududiy nizolari qanday boshlangan? (xarita)

«Abadiy mavzu»: Pokiston, Hindiston, Xitoy hududiy nizolari qanday boshlangan? (xarita)

Foto: «Twitter»

Hindiston va Pokiston qarama-qarshiligi xalqaro munosabatlardagi «abadiy mavzu». Ana shu «abadiyat»ning ibtidosi Hindiston Britaniya mustamlakasi bo‘lgan davrning intihosidan boshlanadi, xususan, 1947-yildan beri bahsli Kashmir chegarasini demarkatsiyalash masalasi yechimini topmay kelyapti. Yaqinda «Inosmi» saytida Pokiston, Hindiston, Xitoyning hududiy da’volari tarixiga bag‘ishlangan xaritalar berildi: mintaqadagi ziddiyatlar qisqa, lo‘nda tushuntirilgan.

Kashmir

Tarixiy Kashmir sultonligi hududi hozir to‘rt zonadan iborat:

  1. Ozod Kashmir (o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, tan olinmagan, Pokiston tomonidan nazorat qilinuvchi davlat).
  2. Shimoliy hududlar — birinchi Hindiston-Pokiston urushi payti Pokiston egallab olgan tumanlar.
  3. Jammu va Kashmir — Hindiston muxtor shtati.
  4. Aksaychin — Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi bahsli hudud.

Britaniya Hindistoni

Zamonaviy Hindiston, Pokiston, Bangladesh va Myanma hududlari 1858—1947-yillarda Britaniya Hindistoni — Britan imperiyasining Janubiy Osiyodagi mustamlakasi tarkibiga kirgan.


Pokiston Shimoliy hududlari

Pokiston Shimoliy hududlari aholisining aksariyati — musulmonlar. 2001-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Jammu va Kashmir (Hindiston) shtati aholisining 67 foizi musulmonlar, 30 foizi hinduizmga e’tiqod qiluvchilar, 2 foizi sikhlar, 1 foizi buddistlar. Kashmirning Aksaychin hududida deyarli odam yashamagani bois yerli aholining e’tiqodi haqida ma’lumot yo‘q.


Pokistondagi etnik guruhlar

Pokistondagi eng yirik etnik guruhlar: pushtunlar, belujlar, panjobliklar va sindxlar.


Birinchi Hindiston-Pokiston urushi, 1947—1949-yillar

Britaniya Hindistonining bo‘linishi natijasida 1947-yilning 14-avgust kuni mustaqil Pokiston Dominioni, 15-avgust kuni Hindiston ittifoqi e’lon qilindi. Yuzaga kelgan etno-diniy chegaralash oqibatida millionlab qochoqlar oqimi paydo bo‘ldi.


Ozod Kashmir

Garchi Pokiston tomonidan o‘zini o‘zi boshqaruvchi mustaqil hudud sifatida rasman tan olinsada, Ozod Kashmir de-fakto Pokistonning bir qismi. Ma’muriy markazi — Muzaffarobod shahri. Hudud mustaqilligi 1947-yilning oktyabr oyida, birinchi Hindiston-Pokiston urushi boshlanishidan avval e’lon qilingan.


Xitoy-Hindiston chegara urushi, 1962-yil

Nizo tarixi Britaniya Hindistoni va Tibet chegarasini demarkatsiyalashga borib taqaladi. O‘shandan beri Aksaychin tumanidagi baland tog‘li sho‘r cho‘l Xitoy-Hindiston munosabatlaridagi «nozik joy». Xitoy shu yerdan Tibetga yo‘l tortgan. Bu yerga ko‘z tikib turgan Hindiston, tabiiyki, Xitoy pozitsiyasi hududda kuchayib ketishini istamasdi, natijada yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng, hudud to‘lig‘icha qo‘li baland kelgan Xitoy ixtiyoriga o‘tdi.


Qirchinbuloq (Shaksgama)

1962-yilgi Hindiston-Xitoy urushidan so‘ng Pokiston rahbariyati XXR bilan Kashmir chegarasini demarkatsiyalash bo‘yicha muzokaralarga kirishdi. Pokiston Qirchinbuloq (Shaksgama)ni Xitoyga berdi, biroq bu hududga Hindiston ham da’vogar. Maydoni 5 100 kvadrat kilometrlik bu vodiy 3 800 metr balandlikda joylashgan. Og‘ir tabiat sharoitlari bois deyarli odam yashamaydi.


Nazorat chizig‘i

 

Nazorat chizig‘i — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi yuridik jihatdan tan olinmagan chegara Birinchi Hindiston-Pokiston urushidan so‘ng paydo bo‘lgan. Simladagi 1972-yil 3-iyuldagi Bitim natijasida bu atama yuzaga keldi. Hindiston 1990—2004 yillarda Nazorat chizig‘ida uzunligi 550 kilometrli, balandligi 3,7 metrli sim tikanli to‘siq barpo etgan.


Ikkinchi Hindiston-Pokiston urushi, 1965 yil

Ikkinchi Hindiston-Pokiston urushi 1965-yilning avgustida boshlangan. Urushga Tar sahrosidagi (Katta Kach) chegaraviy nizo sabab bo‘ldi. Har ikki mamlakat armiyalari to‘liq jangovar holatda chegaraga keltirib qo‘yildi. Jangovar harakatlarda, garchi Hindiston va Pokiston o‘z zafarlari haqida bong ursada, hech bir tomon katta ustunlikka ega bo‘lmadi. BMT Xavfsizlik kengashi 22-sentyabr kuni dushman taraflarni jangovar harakatlarni to‘xtatishga chorlovchi rezolyusiyasini qabul qildi. Bu AQSh va sobiq Ittifoq betaraflikni saqlab qolgan 60-yillardagi kamdan-kam nizolardan biri.


Sharqiy Pokiston (Bangladesh)

Pokiston Islom respublikasi 1971-yilgacha ikki qism — G‘arbiy va undan 1 600 kilometr olisdagi Sharqiy qismdan ibort edi. G‘arbiy Pokistonda siyosiy va iqtisodiy resurslarning asosiy qismi jamlangan bo‘lib, undan ortganigina Sharqiy Pokistonga tegardi. 1970-yili ro‘y bergan va yarim million kishining yostig‘ini quritgan Bxola tropik sikloni Sharqiy Pokistonda hukumatga qarshi isyon ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Isyonchilar hukumatni harakatsizlikda ayblashardi. Parlament saylovlarida Sharqiy Pokiston vakolatlarini kengaytirish tarafdori bo‘lgan partiya g‘olib chiqqanidan so‘ng mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Vaziyatdan foydalanib qolgan Hindiston Pokiston muxolifatiga harbiy ko‘mak berdi.

Uchinchi Hindiston-Pokiston urushi natijasida Sharqiy Pokiston hududida 1971-yilning 16-dekabr mustaqil Bangladesh davlati paydo bo‘ldi.


Siachen nizosi, 1984-yil

1972-yili belgilab olingan Nazorat chizig‘i baland tog‘li Siachen muzligiga yetib bormagandi. Bu hudud huquqiy statusining boshqarilmasligi Hindiston va Pokiston o‘rtasida navbatdagi qurolli to‘qnashuv kelib chiqishi uchun yaxshi bahona edi. Bu urushda ko‘p askarlar dushman o‘qidan emas, balki og‘ir ob-havo sharoitidan halok bo‘ldi. Muzlikning katta qismi Hindiston ixtiyoriga o‘tdi. Ammo og‘ir tabiat sharoiti bu yerda doimiy kontingent saqlab turish imkonini bermagani bois, Hindiston va Pokiston siyosatchilari muzlikni chegaralab olish uchun muzokaralar stoliga qaytadan o‘tirishga majbur bo‘lishdi.


«Isish davri»

90-yillarning oxirlarida Hindiston va Pokiston munosabatlarida nibatan «isish davri» bo‘lgandi. Biroq Nyu-Deli bilan yaqinlashish rejasini Pokiston harbiy elitasi vakillari o‘rtasidagi ziddiyatlar puchga chiqardi. Buning ustiga, harbiylardan tashqari, Kashmir radikal harakati jangarilari ham Pokiston tarafida turib kurashardi. Rasmiy Hindiston vakillari nizolarda «urush» so‘zini qo‘llamaslikni ma’qul topishdi, pokistonliklar esa qurolli to‘qnashuvlarda qatnashishganini inkor etib qo‘ya qolishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring