Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

8 yil kutilgan adolat. Ombudsman aralashuvidan so‘ng qaror ijrosi oxiriga yetkazildi

8 yil kutilgan adolat. Ombudsman aralashuvidan so‘ng qaror ijrosi oxiriga yetkazildi

Foto: «Evgenypetrov.ru»

Ishga tiklashga oid sud qarori ijrosi Ombudsman aralashuvidan so‘ng ijro etildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga uning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Gap shundaki, Xurshida Djalilova 2000-2012 yillar mobaynida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Biroq 2012-yilda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida uning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emasligi xulosa qilinib ishdan bo‘shatilgan. Shundan so‘ng X.Djalilova 8 yil mobaynida ishga tiklanish bo‘yicha ko‘plab davlat idoralariga qayta-qayta murojaat qiladi. Uzoq urinishlar natijasida 2020-yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi g‘ayriqonuniy deb topilib, X.Djalilovani Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi katta tergovchisi lavozimiga tiklanishni belgilaydi.

Hamma balo shundaki, Oliy sud qarorining ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmaydi.

Xurshida Djalilovaning murojaatidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (ombudsman) holatni o‘rgandi. Aniqlanishicha, Oliy sud qarori da’vogarning Qirg‘iziston Respublikasida fuqaroligi bor yoki yo‘qligi aniqlanayotgani vaji bilan ijro qilinmagan.

Masalani hal etish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili qirg‘izistonlik hamkasbiga murojaat qilib, holatga aniqlik kiritdi. So‘ng to‘plangan ma’lumotlar asosida Vakil xulosasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vaziriga yuborildi.

Ichki ishlar vazirligining 2021-yil 8-yanvardagi javob xatiga muvofiq, X.Djalilova bor maxsus unvoni bilan IIV kadrlar safiga qo‘shilib, oradagi uzilish davrini xizmat muddatiga qo‘shgan holda xizmatga tiklandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring