Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

64 MPlik kameraga ega ilk smartfon namoyish etildi

64 MPlik kameraga ega ilk smartfon namoyish etildi

Oppo kompaniyasining Realme brendi yaqindagina ikkita yangi smartfoni – Realme 5 va Realme 5 Pro modellarini taqdim qilgandi. O‘sha tadbirda va’da qilganidek, endi Realme XT ham namoyish etildi, deb xabar bermoqda «Terabayt».

Realme XT o‘rta narx toifasiga mansub bo‘lsa-da, kamerasida 64 megapiksellik Samsung ISOCELL Bright GW1 optik datchigi qo‘llangan dunyodagi birinchi smartfondir. Mazkur modulga ega smartfonlarini Xiaomi kompaniyasi 29 avgustda, Samsung esa hali keyingi oyda namoyish qiladi.

Rekord aniqlikdagi kamera

Shunday qilib, Realme XT qurilmasidagi rekordchi kamera to‘rtta modulni o‘z ichiga oladi. Lekin uning asosiy datchigi dastlabki sozlamalar bo‘yicha maksimal aniqlikda suratga olmaydi. Ya’ni, standart rejimda ISOCELL Bright GW1 datchigidagi to‘rtta piksel bittaga jamlanadi va 16 MPlik sifatli fotosurat oladi. 64 megapiksellik rasmga tushirish uchun kamera sozlamalari orqali alohida rejimga o‘tiladi; bu tarzda olingan bitta suratning hajmi naq 21 megabaytni tashkil etadi.

Kameraning ikkinchi moduli keng burchakli – 8 megapiksellik va 119 darajali ko‘rish burchagiga ega. Uchinchi datchik 2 MPlik bo‘lib, tasvirga olinayotgan sahnaning chuqurligini aniqlashga xizmat qiladi. To‘rtinchi sensor ham 2 megapiksellik aniqlikda bo‘lib, faqat makros’yomka uchun qo‘llanadi.

Qolgan jihatlari

Realme XT diagonaliga 6,4 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan, uning tasvir aniqligi Full HD+ formatida. Barmoq izi ham ekranning o‘ziga integratsiya qilingan, yana 16 MPlik selfi-kamera uchun ekranning yuqori qismi o‘rtasida kemtik mavjud.

Smartfon Snapdragon 712 protsessori bazasiga qurilgan, uni 4, 6 va 8 GBlik tezkor, 64 va 128 GBlik doimiy xotiralarga ega variantlarda taklif etishadi.

Realme XT akkumulyatorining tok sig‘imi 4000 mA/soatni tashkil etadi va u 20 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvat ola biladi. Quloqchin uchun standart 3,5 millimetrlik audiojek mavjud, biroq kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli qo‘llanmagan.

Realme XT asosiy xususiyatlari:

  • Displey: 6,4 dyuymlik, AMOLED, Ful HD+
  • Protsessor: Snapdragon 712
  • Xotira: 4/6/8 GBlik (LPDDR4X) tezkor hamda 64/128 GBlik (UFS 2.1) ichki
  • Kamera: 64+8+2+2 MPlik asosiy hamda 16 MPlik old kameralar
  • Akkumulyator: 4000 mA/soatlik, VOOC 3.0 tezkor quvvatlash
  • Operatsion tizim: ColorOS 6.0.1 grafik qobig‘i ostidagi Android 9.0
  • Aloqa: Ikkita SIM-karta, Bluetooth 5.0

Realme XT narxlari hali ma’lum qilinmadi, qurilmani sentyabrning ikkinchi yarmida sotuvga chiqarishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring