Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

5G va tezkor internet: «O‘zbektelekom»da qanday yangiliklar bor? (video)

Avval xabar berganimizdek, 25-27-sentyabr kunlari Toshkentda an’anaviy ICTEXPO 2019 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. 

ICTEXPO 2019da mamlakatimiz kompaniyalari bilan bir qatorda xorij kompaniyalari ham o‘z xizmat va texnologiyalarini taqdim etdi.

AKT haftaligining bosh texnik hamkori «O‘zbektelekom» AK eng yirik stendi bilan ham ko‘rgazmaga keluvchilarning yodida qoldi. Ulkan stendda kompaniya  hamda filiallarining innovatsion xizmatlari, oddiy foydalanuvchidan tortib korporativ mijozlar uchun foydali aksiyalari va bonuslari namoyish etildi.

Beshinchi avlod aloqa texnologiyalari bu yilgi ko‘rgazmaning bosh mavzularidan biriga aylandi. Xususan, «O‘zbektelekom» AK «O‘zMobayl» filiali ham yaqinda o‘z 5G-tarmog‘ini sinovdan o‘tkazishni boshlagandi.

— 5G standartidagi mobil aloqa — «O‘zbektelekom» AK stendining bu yilgi bosh mavzusi, — dedi «O‘zMobayl» filiali tarmoqlarni rivojlantirish xizmati rahbari Erkin Haydarov. — Stendimizga keluvchilar maxsus terminallar orqali «O‘zMobayl» filialining 5G standartidagi 1 Gbit/soniyadan yuqori tezlikka ega tarmog‘i imkoniyatlarini sinab ko‘rishdi.

«O‘zMobayl» bir paytning o‘zida ham CDMA, ham GSM standartida xizmatlar ko‘rsatuvchi O‘zbekiton bozoridagi eng yosh GSM mobil aloqa operatoridir. Filial GSM tarmog‘ini 2015-yildan beri qurib kelyapti va hozirgi kunda bu turdagi jami 9,5 mingdan ortiq baza stansiyalarini ishlatmoqda. 2019-yilning o‘zida 3,5 mingdan ortiq baza stansiyalari ishga tushirildi, yil oxirigacha jami ko‘rsatkichni 11 ming baza stansiyasiga, O‘zbekistonni operator signallari bilan qoplash darajasini 90 foizdan oshirish rejalashtirilgan.

Yuqoridagi videoreportajda «O‘zbektelekom» AK mutaxassislari kompaniyaning mobil aloqa va internet xizmatlari borasida amalga oshirayotgan eng so‘nggi yangiliklari haqida batafsil ma’lumot berishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring