Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2020-yildan «Chekni talab qil va sovg‘a yutib ol» ommaviy aksiyalari o‘tkaziladi

2020-yildan «Chekni talab qil va sovg‘a yutib ol» ommaviy aksiyalari o‘tkaziladi

Foto: «Loyalty»

Coliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, tadbirkorlar soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, mazkur huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorni olganidan 10 kunda moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lasa, tadbirkorlar mazkur huquqbuzarlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.

2020-yil 1-yanvardan:

  • qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashga o‘tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organlarida majburiy hisobga olinadi va bu qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishning sharti hisoblanadi;
  • QQSni to‘lashga o‘tishda ushbu soliq summasi QQSni to‘lashga o‘tilgan sanadan avvalgi oxirgi 12 oyda xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralarning qoldiqlari bo‘yicha realizatsiya hajmiga mos ulushda hisobga olinadi;
  • QQSni to‘lashga o‘tish yoki yagona soliq to‘lovini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma QQSni to‘lashga o‘tiladigan oy boshlanishidan oldin 10 ish kunidan kechiktirmasdan beriladi.

Qaror bilan Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiya doirasida 2021-yilga kelib daromad solig‘i to‘lovchilarni 1,5 baravar, QQS to‘lovchilarni 2 baravar hamda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i to‘lovchilarni 2 baravar ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qaror bilan Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Unga muvofiq, soliqlarni keyinchalik bo‘lib-bo‘lib foizi bilan qaytarish orqali kamaytirishni nazarda tutuvchi «investitsiyaviy soliq kreditlari» instituti joriy etiladi.

Shuningdek, chet el fuqarolari O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tishda xarid qilgan tovarlari uchun to‘langan QQSni qaytarish («tax free») tartibi belgilanadi.

Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor moliyaviy jarimalar to‘g‘risidagi qarorni olganidan, jarimalarning 50 foizini 10 kunda ixtiyoriy to‘lasa, uni jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etish tartibi ishlab chiqiladi.

2019-yil 1-dekabrgacha buxgalteriya hisobining yagona axborot tizimi (Tizim) joriy qilinadi.

Mazkur Tizim buxgalteriya hisobini amalga oshirish hamda soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasida ma’lumotlar almashish imkonini beradi hamda soliq hisobotini topshirish tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Bundan tashqari, «UzTrans» yagona interaktiv axborot tizimi bazasida «Yuk tashishlar monitoringi» axborot platformasi ishlab chiqiladi.

Mazkur platforma yuk tashuvchilar tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi.

2020-yil 1-yanvardan:

  • Tizimdan foydalanuvchi tadbirkorlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ushbu dasturiy mahsulotni qo‘llagan davrida tekshirilmaydi;
  • yuk tashuvchi tadbirkorlar tovarning kuzatuv hujjatlarini Axborot platformasida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazadi.

2020-yil 1-yanvardan «Chekni talab qil va sovg‘a yutib ol» ommaviy aksiyalari o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring