Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2020-yil uchun davlat budjeti ma’qullandi

2020-yil uchun davlat budjeti ma’qullandi

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yigirma to‘rtinchi yalpi majlisining kun tartibi tasdiqlanganidan so‘ng senatorlar birinchi masalani ko‘rib chiqishga kirishdi.

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov «2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni haqida ma’ruza qildi.

Ma’ruzachi dastavval 2019-yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hamda Davlat budjetining ijrosiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi yil boshida prognoz qilingan 5,4 foiz o‘rniga 5,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Jahon banki hamda Osiyo taraqqiyot banki baholari ham shuni tasdiqlamoqda. Bunda, o‘sish qurilish sohasida 11,8 foiz, sanoatda 6,4 foiz va xizmatlar sohasi 6,1 foizni, qishloq xo‘jaligida esa 3 foizni tashkil etishi kutilmoqda. 2019-yil yakunlariga ko‘ra Davlat budjeti daromadlari 112 trln. 600 mlrd. so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 42 foizga oshishi kutilmoqda.

2020-yilda YaIMning 5,5 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,5 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning 4 foiz; kapital quyilmalar hajmining kamida 10 foiz; chakana savdo aylanmasining 5,6 foiz; xizmat ko‘rsatish hajmining 5,7 foiz o‘sishi prognoz qilindi. Davlat budjeti loyihasi ushbu makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar parametlari asosida ishlab chiqildi.

Ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qariyb 100 ta maqsadli dasturni amalga oshirish rejalashtirilgan. Inflyasiya o‘sishi prognoz qilingan, hukumatda O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga doir aniq strategiya va model mavjud.

O‘zbekistonning har bir fuqarosi Davlat budjeti mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanishda ishtirok etadi. Davlat budjeti mablag‘larini shakllantirishda soliq to‘lovchi sifatida, ulardan foydalanishda davlat tomonidan taqdim etiladigan qulayliklar va xizmatlarning iste’molchisi sifatida ishtirok etadi.

2019-yildan boshlab fuqarolar tumanlar (shaharlar) budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobiga moliyalashtiriladigan tadbirlarni belgilashda ishtirok etishi mumkin. Bu maqsadlarga tuman yoki shahar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizi yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Senat a’zolari davlat nomidan yoki davlat kafolati ostida olinadigan va Davlat budjeti hisobidan qaytariladigan tashqi qarz hisobiga davlat maqsadli dasturlari xarajatlarini amalga oshirish tartibining nazorat qilinishi, 2018-yilgi Davlat dasturida «iste’mol savatchasi»ni ishlab chiqish vazifasi belgilanganligi, ammo bugungi kungacha bu to‘g‘rida aniq ma’lumot yo‘qligini o‘rtaga tashladi. 2020-yil budjetini Qonun ko‘rinishida ko‘rib chiqilayotgani, unda aholi daromadining yashash uchun zarur bo‘lgan ehtiyojni qoplashga yetkazish masalasini ham muhokama qilishdi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring