Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-martdan mahalla raislarining oyligi oshiriladi

1-martdan mahalla raislarining oyligi oshiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani va unda Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda mahalla institutining iqtisodiy-moliyaviy asoslarini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Joriy yil 1-martdan mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari oylik ish haqi o‘rtacha 1,35 baravarga oshirilishi begilandi.

Mahalla xodimlari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashning yagona mezoni ishlab chiqiladi va samaradorlik reytingi joriy qilinadi. Barchaga o‘rnak bo‘ladigan mahallalar aniqlanib, munosib rag‘batlantirib boriladi.

«Har bir oila tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz», «Hunarmandchilik» dasturlari doirasida mahallalarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun arzon kredit mablag‘lari ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobiga sartaroshxona, novvoyxona, shuningdek, hunarmandchilik, tikuv, qandolatchilik sexlari, otalar choyxonasi, guzar maskanlari tashkil etiladi.

Moliya vazirligiga mahallalarni qo‘llab-quvvatlashning iqtisodiy-moliyaviy asoslarini puxta ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular faoliyatiga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari endilikda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va osoyishtalikni ta’minlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tomorqalardan unumli foydalanish, yer uchastkalarini noqonuniy egallashning oldini olish, hududni obodonlashtirish kabi masalalar bilan shug‘ullanishi ta’kidlandi.

Fuqarolar yig‘inlarining faoliyatiga xos bo‘lmagan 50 dan ortiq vazifa bekor qilinishi, profilaktika inspektorlariga yuklatilgan ortiqcha topshiriqlar ham keskin qisqartirilishi belgilandi.  Mahalla raisiga qo‘shimcha huquqlar berilib, maqomi va obro‘si kuchaytirilishi qayd etildi.

Mutasaddilarga «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish, mahallaga va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini shakllantiradigan sahna asarlari va badiiy filmlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha ta’sirchan tizimni shakllantirish maqsadida profilaktika inspektori ko‘rib chiqadigan ma’muriy huquqbuzarliklar sonini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vazirligiga profilaktika inspektorlariga yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, tayanch punktlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, bu vazifaga munosib xodimlarni qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fuqarolar yig‘inlari komplekslarini qurish, bo‘sh turgan binolarga mahalla idoralarini joylashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Mahallalarda ahillik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yosh avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda keksalar tajribasidan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Mahalla va oila masalalari bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda amaliyotga joriy etish maqsadida «Oila» va «Mahalla ziyosi» markazlari negizida «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari mahallalar milliy mentalitetimiz ko‘zgusi ekanini, jamiyat hayotida katta o‘rin tutishini ta’kidlar ekan, Navro‘z bayramiga hamohang tarzda 22-mart sanasini «Mahalla tizimi xodimlari kuni» deb e’lon qilishni taklif etdi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, nuroniylar va faollar fikr bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring