Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ektor Kuper: «Yaponiyadan uch ochko olish uchun maydonga tushamiz»

Ektor Kuper: «Yaponiyadan uch ochko olish uchun maydonga tushamiz»

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Yaponiya bilan uchrashuv oldidan OAV xodimlari savollariga javob qaytardi.

«Ertaga Osiyoning kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushishimizni his qilib turibmiz. Bu biz uchun muhim uchrashuv. Navbatdagi bosqichdagi taqdirimizga ta’sir qiladigan o‘yin hisoblanadi. Biz bahsda g‘alaba uchun maydonga tushamiz. 1/8 finalda esa kimga qarshi o‘yin o‘tkazishimizning farqi yo‘q. Biz faqat ertangi o‘yin haqida emas, pley-off haqida ham o‘ylayapmiz. Ba’zi futbolchilar ikkita o‘yinda ham ishtirok etishdi. Charchoq alomatlari bor futbolchilarga ertaga dam olish imkoniyatini yaratib berishimiz mumkin. Ammo, bu biz uch ochko uchun maydonga tushmoqchi emasmiz degani emas. Yaponiyaga qarshi o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni o‘tkazmoqchimiz», dedi murabbiy.

Tarkib haqida

Ertaga hisobida sariq kartochkasi bor futbolchilarimizni ham o‘ylaymiz. Agar ular yana ogohlantirish olsalar, 1/8 finalda o‘ynay olmaydilar. Misr terma jamoasida ishlagan vaqtimda Afrika kubogida bunday futbolchilarni maydonga tushirishga qaror qilgandim. Keyinchalik bu xato qaror ekani ma’lum bo‘ldi. Ushbu xatoni O‘zbekiston terma jamoasida takrorlamayman. Bu yerda ishga boshqacha yondoshayapman. Tarkibimizdagi 23 nafar futbolchining barchasi o‘yinga tayyor. Ular maydonga tusha oladilar.

Yaponiyani yengish siri

Agar Yaponiyani mag‘lub etishning qandaydir sirini bilsam, uni albatta qo‘llagan bo‘lardim. Biz qisqa vaqt ichida o‘yinni rivojlantirishga, jamoani shakllantirishga harakat qildik. Raqib kuchli. Tezkor futbolchilarga ega, yaxshi pressing uyushtira oladi. Bizning birinchi navbatdagi vazifamiz ularga imkoniyat bermaslik. Har qanday vaziyatga tayyor tura olishimiz kerak.

Pley-off bosqichi haqida

Menga 1/8 finalda kimga qarshi o‘ynashimizning farqi yo‘q. To‘g‘ri, balki Avstraliya kuchli terma jamoadir. Ammo, bu yerda har bir jamoa «syurpriz» qila oladi. Siz Osiyo Kubogida g‘olib bo‘lishni xohlasangiz, istalgan raqib bilan o‘ynashingiz lozim. Qayerda ishlashimdan qat’i nazar men uchun qoidalarim o‘zgarmaydi – Yevropa, Amerikami, Osiyomi. Men har bir o‘yinga g‘alaba uchun chiqaman.

Tarix yoki statistika bilan o‘zini xursand qilish, albatta yaxshi. Ammo, bitta uchrashuvda bu katta ahamiyatga ega emas. O‘yin paytida biz bu haqida o‘ylamaymiz. Futbolda barcha narsa maydonda hal bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring