Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Prokuratura qarori yakuniymi yo tuhmat masalasi alohida ko‘rib chiqiladimi?

Prokuratura qarori yakuniymi yo tuhmat masalasi alohida ko‘rib chiqiladimi?

Ehtiroslarga berilmasdan, voqeani tahlil qilib ko‘ramiz.

Zamhokim va jurnalistlar: voqea aslida qanday bo‘lgandi?

Kun.uz muxbirlari bir tadbirkor murojaatini o‘rganish uchun Olmazor hokimligiga borganida hokim o‘rinbosari A.Vahobov muxbirlarga qarata “o‘zbekmisan” deya baqirib tashlanib qolgan.

Ertasi kuni Toshkent shahar hokimligi “zamhokim”ning intervyusini e’lon qildi. U Kun.uz nashri muxbiri 6 oy avval undan 1 gektar yer olishni iltimos qilgani, buning evaziga katta miqdorda pora va’da qilganini, u esa rad javobini berganini aytdi. 6 oy o‘tgach, muxbir yana o‘sha masalani so‘ragani uchun, unga tashlanganini ma’lum qildi.

Kun.uz nashri bayonot bilan chiqib, bu gaplar tuhmatligi, muxbir R.Isroilov tuman hokimi o‘rinbosari bilan hayotda ilk marotaba ko‘rishib turgani, ilgari hech qachon o‘zaro ko‘rishmagani bildirib, qolganini tegishli organlar ixtiyoriga havola qilgandi.

Jurnalist R.Isroilov esa Bosh prokuror nomiga murojaat yo‘llab, zamhokim unga og‘ir jinoyatni sodir etishda (pora berish) ayblab, tuhmat qilganligi, shu sababli unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragandi.

Bosh prokuratura esa mazkur holatni Toshkent shahar prokuraturasi tekshirish o‘tkazayotganligini bildirgandi.

Qisqacha shu.

Prokuraturaning qarori

Toshkent shahar prokuraturasi ushbu holatni o‘rganib, hokim o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilibdi. Ya’ni zamhokimning hokimiyat binosida jurnalistga tashlanganlik holatini jinoyat emas deb topgan.

Aslida ushbu qaror huquqiy jihatdan noto‘g‘ri emas. Ya’ni haqiqatdan videolavhaga muhrlangan harakat uchun jinoiy javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Jurnalistga tashlanib, kamerani o‘chirishni talab qilish uchun Jinoyat kodeksida biror jinoiy jazo belgilanmagan. Bu ish uchun balki nari borsa mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish mumkindir. Jinoiy va ma’muriy javobgarlik o‘rtasida farq bor.

Agar Toshkent shahar prokuraturasining qarori huquqiy jihatdan noto‘g‘ri bo‘lmasa, unda nega ijtimoiy tarmoqlar yana norozilik bildiryapti? Sababi juda oddiy, chunki zamhokimning jurnalist pora taklif qilganligi haqida aytgan gaplari bo‘yicha hozircha hech qanday izoh berilmagan. Qarorda ham bu holat umuman eslanmagan.

Jamoatchilik haqli savol beryapti: zamhokim gaplari uchun javob bersin, nega masalaning bu qismini unutib qo‘yyapmiz?

Olmazor hokimligining kulgili xulosasi

Olmazor hokimligi xizmat tekshiruvi o‘tkazib, A.Vahobovning harakatlarini kasb etikasi va xizmat lavozimi majburiyatlariga to‘liq rioya qilgan, deb topibdi.

Bu ham kulgili, ham qayg‘uli.

Bizda savollar bor:

  • Nima uchun zamhokim harakatlarini Olmazor hokimligining o‘zi tekshirdi?
  • Masala jiddiyligini hisobga olib, nega Toshkent shahar hokimligi tekshirib, xulosa bermadi?
  • Axir odob-ahloq qoidalarini buzganligi ko‘rga hassaday ko‘rinib turgan bir paytda, holatni o‘rganishni Olmazor hokimligiga topshirish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Shu qarorni qabul qilgan "kottakonlar" Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan «Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari»ni hech qo‘liga olib ko‘rganmikin, qiziq?

Yoki hokimlarning kasb etikasi uchun jurnalistga hamla qilish oddiy holatmi?

Endi nima bo‘ladi?

Toshkent shahar prokuraturasining bu qarori yakuniy qarormi yoki tuhmat masalasi alohida yana ko‘rib chiqiladimi, bunisidan xabarsizman. Lekin ko‘rilishi shart va zarur!

Bu yerda masala aniq va tiniq:

  • pora taklif qilgani rost bo‘lsa, jurnalist javobgarlikka tortilsin, axir bu korrupsiya!
  • agar bu tuhmat bo‘lsa, unda zamhokim javobgarlikka tortilsin, axir bu muttahamlik!

Lekin shaxsan men zamhokimning intervyusidagi gaplariga ishonmadim, ishona olmadim.

Voqealar rivojini kuzatib boramiz. Ishqilib, zamhokimning ushbu qilmishiga mutasaddilar hech narsa bo‘lmaganday ko‘z yumib, oxirida jamoatchilikka qarab – “ko‘zni yuming, ko‘zga aylansin ko‘ngil” deyishmasa bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring