Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Oltin qalam»ga oltin qoida kerak!

«Oltin qalam»ga oltin qoida kerak!

Kuni kecha poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyida «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun XV tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mana shu sohani ozmi-ko‘pmi mashaqqatiyu mehnatini his qilgan holda, avvalambor barcha hamkasblarimni chin yurakdan muborakbod etaman. «Oltin qalam»ni vaqtida juda ko‘p tanqid qilganman va buni tanlov tashkilotchilari to‘g‘ri qabul qilishgan. Bu yil o‘zim ham hay’at a’zolari safida bo‘lganim uchun ularga qanchalik qiyinligini teranroq his qildim.

Bundan ikki yil oldin nufuzli vazirlikning korrupsiyaga qarshi tanloviga ham hay’at a’zosi bo‘lganimda, baholab berganlarimdan tashqari umuman munosib ko‘rilmagan bir-ikkita guruch ichidagi kurmaklarning g‘olib bo‘lganini bilgach, taqdirlash tadbiriga ham bormay qo‘ya qolgandim.

Bu gal ham «Oltin qalam» milliy mukofoti tanlovi hakamlari orasida borligimni bilganimda dastlab rad etmoqchi bo‘ldim, keyin hay’at a’zoligini, ish jarayonini o‘zim his qilib ko‘rish uchun ham rozi bo‘ldim. Ammo hakamlik qilish, o‘z hamkasblaringni ijodini yaxshi va yoki yomonga ajratish men kutgandek oson ish emas ekan. Qolaversa, o‘zimga mutlaqo notanish bo‘lgan yo‘nalish «Eng yaxshi matbuot xizmati» nominatsiyasi uchun kelgan ijodiy ishlarni baholash topshirildi. Bor-yo‘g‘i oltita ish. Nega endi o‘zim bir necha yil ishlagan bosma ommaviy axbrot vositalari emas yoki o‘zim yaxshi biladigan va kuzatib boradigan internet, televideniye, radiojurnalistikasi emas, aynan matbuot xizmati?! Jyurilar orasida mutlaqo men tanimaydigan jurnalistlar(mi) va men bir-ikki nafar taniydigan ustozlar va jurnalistlarni yetishtirib chiqaradigan oliy ta’lim muassasalaridan o‘qituvchilar ham bor edi. Har holda o‘qituvchilarning borligi yaxshi. Xolis, qolaversa ijodiy ish janri, yozilish uslubi, ish strukturasini nazariy jihatdan bizdan ko‘ra yaxshiroq baholay olishadi. Ya’ni, men televideniye, matbuot, radio, internet yo‘nalishlari bo‘yicha kim topshirdi, qancha odam topshirdi, ular orasida  men doimo kuzatib boradigan haqiqiy munosib jurnalistlar bormi-yo‘qmi,  buniyam bilolganim yo‘q. Mening hay’at a’zoligim oltita topshirilgan ishni o‘qish va baholash bilan yakunlandi. Ikkinchi bor umumiylashtirilgan majlisdan ham bexabar qoldim.

Nihoyat, kecha tanlov g‘oliblari aniqlandi. Hakamlar qanchadan-qancha ikkilanishlar orasida qolganini tushunaman. Bizga ijodiy ishlar taqsimlangan kuni aytilganidek, 100 nafar kishidan 50 kishiga mukofot berilsa, 50 kishi men ham olishim kerak edi deb yozg‘irishi tabiiy hol. Va yana o‘sha kuni aytilganidek, «shunday g‘oliblarni aniqlashimiz kerakki, yozg‘irmoqchi bo‘lgan hamkasbimiz biz tanlagan g‘olibni o‘zi ham tan olsin va o‘ziga savol bersin, men o‘shandan o‘ta olarmidim».

Xullas, kechagi tanlov natijalarini eshitib, «Oltin qalam» milliy mukofotining nizomini yana bir bor qayta ko‘rib chiqish kerak, degan qarorim qat’iylashdi. Agar e’tibor bergan bo‘lsalaringiz, bu gal bir o‘ringa ikki nomzodning qo‘yilishi anchagina ko‘paygan.

«Six ham, kabob ham kuymasin» qabilida qilingan bu usul bizga yangilik emas. Axir hech kimni norizo qilgimiz kelmaydi. Ammo mantiqan olib qarasak, xuddi shunday bir o‘ringa ikki emas, hatto uch yoki to‘rt nomzodni ham ravo ko‘rishimiz mumkin. Aynan shunday kuchlar tengligini boshqa jurnalistlarni ijodlaridan ham topsak bo‘ladi. Bu bir qarashda faqatgina songa e’tibor berilganidek bo‘lib qolmayaptimi? Men munosib ko‘rilganlarni munosib emas edi, deyishdan yiroqman. Ammo ulardan ham munosiblar bor edi, demoqchiman.

Bitta o‘rinni bir necha bo‘lakka bo‘lib tashlash oltin qalamni sindirib berishgandek tasavvur uyg‘otadi. Shuning uchun yuqorida aytganimdek, nizomni boshqatdan ko‘rib chiqish vaqti kelmadimikan?

Birinchi taklif: masalan, «Eng yaxshi gazeta», «Eng yaxshi sayt», «Eng yaxshi televideniye kanali», «Eng yaxshi radiokanal», «Eng yaxshi fotomuxbir», «Eng yaxshi bosh muharrir», «Eng yaxshi jurnalist» va oliy mukofot. Shunda bir nechta jurnalistga bir necha o‘rin berilmaydi, balki bitta e’tirofga loyiq, haqiqatan ham bir yil davomida hammani ko‘ziga ko‘ringan jurnalist g‘olib topiladi va hech kim bunga e’tiroz bildirolmaydi, u qaysi OAVdan bo‘lmasin farqi yo‘q. E’tibor beradigan bo‘lsak, qo‘shimcha rag‘batlantirish hamda homiy tashkilotlar mukofotlari uchun qatnashgan jurnalistlarning toshi og‘irroq tuyuldi menga.

Ikkinchi taklif: Biror OAVdan jyuri bo‘lgan jurnalist hisobiga o‘sha OAVdan hech kim qatnashishga haqqi bo‘lmasin. Hakamlar hay’ati a’zosi mana shu yukni yelkasiga olib rozi bo‘lsin. Ya’ni, men hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lar ekanman, men ishlaydigan joydan hech kim qatnashmaydi, qatnashganiyam G‘OLIB BO‘LMAYDI.

Uchinchi taklif: Ijodiy ishlar orasida o‘zim kuzatganim aytaylik «Eng yaxshi matbuot kotibi» nominatsiyasini oladigan bo‘lsak, ular orasida butun respublika bo‘yicha faoliyat olib boradigan biror vazirlikni matbuot kotibi va yoki bir universitetning matbuot kotibi qatnashdi. Bu xuddi ringda 100 kiloli va 50 kiloli vaznlari to‘g‘ri kelmaydigan sportchilar bahs boylashganidek gap. Aytaylik, har yili ana shunday katta bir tashkilotning matbuot kotibi va bir tumanning matbuot kotibi qatnashadi, demak har yili hech qanday mubolag‘asiz qamrovi keng bo‘lgan nufuzli tashkilotning matbuot kotibi g‘olib bo‘laveradi. Bu nominatsiyani ham o‘ylab ko‘rish kerak.

To‘rtinchi taklif: an’analardan voz kechish kerak.

Menimcha, birorta «Oltin qalam» olmagan bosh muharrir qolmadi hisob. Go‘yoki bosh muharrirmi, demak mukofot olishi kerak, «falonchi muharrir qolib ketdi, shungayam berib qo‘yaylik», deyilgandek go‘yoki...

Yana bir gap — islohotlarni yozgan jurnalistlarga juda ko‘p urg‘u berilgan. O‘zi tanqid qilishga zo‘rg‘a erishdik, e’tiborni tanqidiy-tahliliy ruhda yozilgan maqolalarga qaratsak. Chunki har bir jurnalist islohotlarni bajonidil va bemalol har kuni to‘lqinlanib yozishi mumkin. Yutuqlar o‘zimizniki, ammo tanqidni faqat jasoratli jurnalistgina yoza oladi.

Eng oxirgi taklifim. Ssenariyni yana bir bor o‘ylab ko‘rish kerak. Juda ko‘p ortiqcha tabriklar va konsert dasturiga o‘rin berilgan. Eng oliy o‘rinni ko‘pchilik intiqib kutadi va eng oxirida aniq bo‘ladigan oliy o‘rin e’lon qilinguncha tadbirning boshidagi zavqu shavq pasayib qoladi.

Barno Sultonova

P.S: Bundan keyin hech qaysi tanlovga hay’at a’zosi bo‘lmaslikka qaror qildim. Qarorim qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q, deb o‘ylayman... Bu mening shikoyatim emas, bu meni tanlovim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring