Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zerikdingizmi? Karantin vaqtida ayrim maslahatlar

Zerikdingizmi? Karantin vaqtida ayrim maslahatlar

Koronavirus pandemiyasi tufayli jahondagi ko‘plab davlatlarda karantin joriy qilindi. Hukumat vakillari aholidan karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘rashmoqda. Bu sarguzasht sevar odamlar uchun zerikish va qiyinchilik tug‘dirayotgandek tuyilishi mumkin. Ammo, uyda qolish chindan mushkul ish degani emas.

Dunyoning qayerida istiqomat qilishingizdan qat’i nazar, sizga uyda qolish bo‘yicha maslahat berishayotgan bo‘lsa, bunga halol ravishda rioya qiling. Chunki, bugungi vaziyat haqiqatda siz va siz orqali atrofingizdagi insonlar salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘durmoqda.

Ehtimol, hozir xorijga safar uyushtirish, yangi odamlar bilan tanishish, hatto ko‘chada sayr qilish, do‘stlar bilan uchrashish imkoniyati bo‘lmayotgandir. Biroq, bu o‘tayotgan vaqtingizda mo‘’jizalar kashf etishingizga halaqit bermaydi.

Shunday qilib, Erasmus karantin davrida zerikish bilan qanday kurashish borasida ba’zi maslahatlari bilan o‘rtoqlashadi.

To‘g‘ri, Erasmus odatda odamlar bilan muloqot qilish, kuchli kommunikatsiya aloqalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shunday bo‘lsa-da, siz yotoqxonada yoki umumiy kvartirada yashayotgan bo‘lsangiz ham, uyda qolish orqali turli soha madaniyati bilan tanishishning ajoyib usullari mavjud.

Ovqat pishiring (o‘rganing)

Kim oshpazlik mahorati bilan uy sharoitida tayyorlangan mazali taomdan zavqlanmaydi?

Demak, siz italyan do‘stingizdan «Spaghetti Carbonara» qanday tayyorlanishini o‘rganish vaqtingiz keldi. Yoki siz ularga «Croque Monsier» nafaqat oddiy nonushta menyulari uchun emas, balki muzlatgichingizdagi bor narsalardan osongina ovqat qilishingiz mumkinligini o‘rgatish imkoniyati hamdir.

So‘nggi yillarda, gastronomiya turizmi ancha rivojlandi. Garchi ayni paytda gastroturizm qila olmasangiz ham, hech bo‘lmaganda yaxshi va o‘zingiz uchun yangi bo‘lgan taomlar tanavvulidan lazzatlaning. Oshxonadan foydalanish va pishirish mahoratiga ega bo‘ling.

Qo‘shiq va raqs

Boshqa madaniyatlar bilan bog‘liq ba’zi qiziqarli narsalar bu ularning qo‘shiqlari va raqslaridir. U an’anaviy yoki an’anaviy bo‘lmasligi ham mumkin.

Xullas, divanni siljiting va yashash xonangizda raqs maydonchasi uchun joy ajrating. Tan oling, siz doimo «Sirtaki»ni qanday qilib to‘g‘ri ijro etishni yoki ehtimol «yodel»ni o‘rganish ishtiyoqingiz bo‘lgan. Agar bular haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, internetni yoqing va ular sizga manzur bo‘lishi aniq. Umuman olganda, musiqa juda ko‘p muammolarni hal qilishi mumkin. Unutmangki, qo‘shiq va raqs karantin kunlarida siz uchun yaxshi hamroh vazifasini bajara oladi. Shunday ekan, sevimli qo‘shiqlaringiz va raqs ijrolaringizdan zavqlaning.

Kinofilm marafonlari

Ha, ehtimol siz qiziqarli kinofilmlarni allaqachon ko‘rib bo‘lganman dersiz. Xavotir olmang. Xalqaro do‘stlaringizdan o‘zlarining sevimli filmlari yoki seriallarini siz bilan baham ko‘rishi va kinofillm marafonlari tashkil qilinishini so‘rashingiz mumkin. Yana bir yaxshi g‘oya – seriallarni tomosha qilish. Xuddi Garri Potterning barcha qismlarini tomosha qilish uchun dam olish kunlari kerak bo‘lganidek. Bir necha popkorn va adyolni olingda filmlar ummoniga sho‘ng‘ing.

Uy o‘yinlari tashkil qiling

Barcha talabalar uylarida kamida bitta stol o‘yinlari yoki kartalar bo‘lishi kerak. Ulardan foydalaning. Qiziqarli o‘yinlar va xotira mashqlarini tashkil qiling.

Agar siz yolg‘iz yashasangiz va atarofingizdagilar bilan kamroq aloqada bo‘lishingiz zarur hisoblansa, buning chorasi bor. Izolyasiya kunlarini qanday o‘tkazish bo‘yicha ham ba’zi maslahatlar bilan quyida tanishib chiqing:

Virtual muzey va Pazllar

Parijga sayohatingiz bekor qilindi. Afsus, buning og‘ir ekanligini biz ham his qilyapmiz. Ammo siz muzeylarga onlayn tashrif buyurishingizni bilarmidingiz? Le Louvre, Guggenheim, Britaniya va shu kabi boshqa bir qator muzeylarda mana shunday imkoniyat mavjud. Xullas, internetni yoqing va ushbu muzeylarning virtual olamidan bahramand bo‘ling. Virtual muzeylar ham xuddi o‘zingizni o‘sha muzeyda bo‘lganingizdek taassurot uyg‘ota oladi.

Yana bir ajoyib g‘oya – siz borishni istagan shaharlaringiz aks etgan pazllarni sotib olish. Agar siz uyda ko‘p kun turishingiz shart bo‘lsa, o‘nlab pazllarni tiklash orqali vaqtingizni chog‘ o‘tkazishingiz mumkin.

Kitob mutolaasi

Kitoblar o‘qing. Uyda qolish xotirangizni yaxshilash, dunyoqarashingizni boyitish uchun yaxshi narsalar qilish imkonidir. Axir, buning uchun kitobdan yaxshiroq nima ham bor?

Mabodo, uyingizdagi barcha kitoblarni o‘qib tugatgan bo‘lsangiz kitob do‘koniga borishning hojati yo‘q. Koronavirusning tarqalishi paytida perlego.com o‘z kutubxonoasidan bepul foydalanish imkoniyatini bermoqda. Bu yerdan siz 300,000 ta elektron darsliklardan foydalanish huquqiga egasiz. Shunday ekan, o‘qish davrida berilgan topshiriqlar va tezislarni yakunlay olmaslik uchun UZRli sababga ega emassiz.

Yangi tilni o‘zlashtiring

Qayta tushuntirishga hojat yo‘q. Hozirgi kunda internetdan til o‘rganishning ko‘plab usullari mavjud. Shu vaqtga qadar siz ulardan faol foydalana olmagansiz.

Shunday qilib, onlayn darslarni qidirib toping, til dasturlarini yuklab oling yoki hattoki bunga Erasmus talabasini jalb qilgan holda, o‘zaro til darslarini almashib faol muloqot olib boring.

Bundan tashqari, haqiqatan siz uchun foydali bo‘lgan onlayn kurslar va seminarlarlarda ishtirok etishingiz ham mumkin.

Uyda mashq qiling va sog‘lom bo‘ling

Xuddi shu narsa jismoniy mashqlar uchun ham ta’lluqlidir. To‘g‘ri, uyda mashq qilish ko‘cha bo‘ylab yugurish yoki sevimli sport zalingizdagi sharoitlar bilan bir xil bo‘lmaydi. Lekin, uy sharoitida ham mashq qilishning boshqa usullarini topishingiz mumkin. Buning uchun sport murabbiylarining onlayn video darslarini qidiring va kamida 30 kunlik mashg‘ulotlarga sodiq qoling. Bu sizga sog‘lom bo‘lishdan tashqari, karantin davrida ruhiy xotirjamlikka yordam beradi.

Yodda saqlang! Vaqtingizni uyda o‘tkazish hayotingizdagi eng yaxshi kunlaringiz sifatida xotirada qolishi mumkin. Ya’ni, buni siz hech qachon qila olmagan ba’zi ishlarni qilish uchun beqiyos imkoniyat sifatida ko‘ring. Hech qachon o‘rganmagan kichkina narsalar bilan mashg‘ul bo‘ling. Masalan, gitara chalish, rasm chizish, she’r yoki qo‘shiq yozish, rubik-kubikni yechish, Legos bilan nimadir qurish, onlayn darslar va hakazo.

Qolaversa, siz xonangizni, ish stolingizni, shkafingizni tozalashingiz, shaxsiy kompyuteringizdagi fayllarni tartibga keltirishingiz, parollaringizni yangilashingiz va karantindan keyingi qilinajak ishlaringiz rejasini tuzib chiqishingiz ham o‘zingiz uchun foydalidir.

Nima qilsangiz ham, xotirjam bo‘lish, o‘zingizni va boshqalarni kasal bo‘lishdan himoya qilish qanchalik muhim ekanligini unutmang.

Qo‘lingizni tez-tez yuving, odamlar bilan muloqotda masofalanishni saqlang.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring