Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bunday qilmang! 1-sinf o‘quvchisining ota-onasi yo‘l qo‘yadigan 8 xato

Bunday qilmang! 1-sinf o‘quvchisining ota-onasi yo‘l qo‘yadigan 8 xato

Foto: «Socportal»

1-sinf o‘quvchisining ota-onasi qanday xatolarga yo‘l qo‘ymasligi kerak? Keling, bugun shu haqda gaplashamiz.

O‘quv yili boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ko‘p ota-onalar hatto xavotirga tushib qolishgan: maktabga ilk qadamini qo‘yayotgan jondan aziz farzandi qiynalmasligi hamda tezroq moslashishi uchun unga qanday yordam bersam ekan, deya joni halak. Shunday vaziyatda nimalar mumkin emasligini bilib qo‘ysangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Xo‘sh, 1-sinf o‘quvchisining ota-onasi qanday xatolarga yo‘l qo‘ymasligi kerak?

1. Uy vazifalarini darrov bola bilan birga tayyorlash. Ayrimlar hatto bola hali yordam so‘ramasidan uy vazifalarini uning o‘rniga o‘zi bajarishga tushadi. Natijada bola o‘qish oldidagi mas’uliyatni his qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi va buni jon deb onajonisining zimmasiga yuklab qo‘ya qoladi. Bunday vaziyatda voqealar rivoji yanada jiddiy tus olishi mumkin — bolaning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi va xohishi butunlay pasayib ketadi. Agar bu o‘zidan ko‘ra onasiga kerak bo‘lsa, nima qiladi jon kuydirib?

2. Bolani qo‘rqitish. «Bog‘chadagidek seni erkalab o‘tirishmaydi», «Oldinda seni jiddiy hayot kutib turibdi, bu senga o‘yinchoq emas, u yerda senga baholar qo‘yishadi», «Endi sening multfilm va o‘yinlarga vaqting bo‘lmaydi!» kabi yoqmaydigan «pand-nasihatlar» bilan bolani qo‘rqitmang.

Bularning bari kichkintoyda xavotir va zo‘riqishni kuchaytiradi, maktabga moslashishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

3. Hammasi oson va qiziqarli bo‘ladi deb aldash. Bolani maktabda ertalabdan-kechgacha o‘yin-kulgi bo‘ladi deb ishontirish.

Deylik, u onasiga ishonadi, maktabga kelgach, muqarrar qiyinchiliklarga uchraydi — qo‘pol pedagoglar, g‘ayritabiiy kun tartibi, qiyin topshiriqlar, turli talablar va hokazo. U bunga tayyor emas. Bular uni yana-da qo‘rqitadi, chinakam reallikka duch kelganda esa o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.

4. Ideal natija talab qilish. Ideal daftar, she’rlarni to‘xtamasdan yoddan aytib berish, mukammal rasmlar chizish va hokazo.

O‘qish jarayoni boshida xato qilishi tabiiy hol, bola hamma topshiriqlarni ham to‘la-to‘kis bajarmasligi mumkin. Qoralamadagi yozuvlarni toza daftarga bir necha marta ko‘chirish — maktabda bolaning tez toliqishiga hamda undan ko‘ngli qolishiga olib keladi.

5. Kundalikda qayd etilgan yomon baholar uchun urishish. Bu oldingisiga o‘xshab ketadi, faqat yomon baholar va tanbehlar qo‘shiladi, xolos — bu hukm emas, aksincha, bolaga nimadir yetishmayotganini, uni koyish emas, yordam berish kerakligiga ishora deb qabul qiling.

6. Pedagoglar, boshqa bolalar bilan ziddiyatli vaziyatlar kelib chiqqanda o‘ylamasdan shoshilinch xulosa chiqarish. Dastlab har tomonlama shart-sharoitni o‘rganish muhim.

7. Bolaning shikoyatlarini e’tiborsiz qoldirish. Agar bola pedagoglar yoki tengdoshlari uni tinimsiz xafa qilishini aytsa, o‘zi kelishib oladi degan umidda e’tiborsiz qoldirmaslik kerak.

Afsuski, shunday vaziyatlar ham uchrab turadi, unda bola o‘zini shunchaki himoya qilolmaydi, ota-ona madadidan najot kutadi.

8. Yangi to‘garak yoki seksiyalarga yozib qo‘yish. O‘quv yilining dastlabki yarim yili shusiz ham bolajon uchun ruhiy va jismoniy yuklama.

Hatto uning o‘zi seksiya yoki to‘garaklarga borishni juda-juda xohlagan taqdirda ham, maktabdagi yangi hayotga moslashib olganiga to‘liq ishonch hosil qilmaguncha shoshilmang.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring