Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

WAGE dasturi tadbirkor ayollarga nima beradi?

WAGE dasturi tadbirkor ayollarga nima beradi?

http://Smashingtrade.com

Ayol tadbirkorlikni dastlab nimadan boshlashi kerak, to‘siqlar bilan qanday kurashish mumkin, ularni qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilotlarning vazifalari nimalardan iborat? Bugun Toshkentdagi Hilton mehmonxonasida «Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha milliy rejalar muhokamasi»ga bag‘ishlangan davra suhbati aynan shu mavzu doirasida bo‘lib o‘tdi.

WAGE dasturi haqida eshitganmisiz? «Women and Girls Empowered» (WAGE) – Markaziy Osiyodagi ayollarning iqtisodiy faoliyatda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, mamlakat va mintaqaviy darajada ayollar tashkilotlari uyushmalarini yaratish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli mintaqaviy dasturdir.

O‘zbekistonda mazkur dastur 2022 yil boshidan Britaniya menejment universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ayollar biznes birlashmalari salohiyatini kuchaytirish, ayollarning iqtisodiy huquqlari, imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash, gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish.

–Ushbu dastur orqali biz nafaqat ayollarni tadbirkorlikka o‘qitamiz, balki nazorat o‘rnatib huquqlarini himoya ham qilamiz. Tadbirkor bo‘lish osongina ishbilarmonga aylanish, degani emas. Uning oldida turli to‘siqlar paydo bo‘ladi. Avvalo, ularni oila a’zolari qo‘llab-quvvatlashi lozim. Keyin esa o‘z ustida tinimsiz ishlash, texnologiyalardan xabardor bo‘lishi kerak. Ushbu dastur doirasida O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha Ekspert kengashi tuzildi. Ayni paytda O‘zbekiston Ekspertlar kengashi tarkibiga 27 ta tashkilot, jumladan, tadbirkorlik birlashmalari (tadbirkor ayollar uyushmalari vakillari), fuqarolik jamiyati, ilmiy muassasalar va tahlil markazlari vakillari kiradi, – deydi «Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasi rahbari Gulnora Mahmudova. – Yil davomida Britaniya menejment universiteti negizida Ekspertlar kengashi tomonidan tadbirkor ayollar, xalqaro tashkilotlar vakillari, gender ekspertlari, fuqarolik jamiyati vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar ishtirokida tadqiqot ishlari olib borildi. O‘rganishning ikkinchi bosqichida Ekspert kengashi a’zolari mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 700 nafarga yaqin xotin-qizlar bilan maslahat uchrashuvlari o‘tkazdi.

Ekspertlar kengashi faollarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining milliy kun tartibi ishlab chiqilgan va tadqiqot jarayonida tadbirkor ayollar tomonidan aniqlangan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar shakllantirishning 4 ta ustuvor yo‘nalishi belgilangan.

Bular: tadbirkor ayollar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, tadbirkor ayollarni moliyalashtirish imkoniyatlari, ayollar va qizlarning biznes va IT ko‘nikmalarini, bilim, xabardorligini rivojlantirish strategiyasini takomillashtirish, genderga asoslangan zo‘ravonlikka barham berish.

Ma’lumot o‘rnida: ayni paytda Ekspertlar kengashi tomonidan elektron tijorat asoslari bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda, qo‘llanma asosida mamlakatimizning turli hududlarida tadbirkor ayollar uchun treninglar o‘tkaziladi. Ekspertlar kengashi a’zolari tomonidan moliyaviy savodxonlik, axborot texnologiyalari, loyihalarni boshqarish asoslarini o‘rgatish bo‘yicha treninglar tashkillashtirilmoqda. Ushbu treninglar asosida ayollar uchun interaktiv elektron platforma ishlab chiqiladi. Yaqin kelajakda «Ayollar tadbirkorligi» kun tartibidagi tavsiyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring