Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2019 yilning besh oyida tez tibbiy yordamga 4 mln.dan ortiq murojaat bo‘lgan

2019 yilning besh oyida tez tibbiy yordamga 4 mln.dan ortiq murojaat bo‘lgan

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan  matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda aytilishicha, tez tibbiy yordam xizmatining maxsus sanitar avtotransport parki qariyb 1500  ta yangi avtomashinalarni harid qilish evaziga batamom yangilanib, ularning umumiy soni 2400 ga yetkazildi. Natijada tizimning maxsus avtotransportga bo‘lgan talabi mamlakatimiz tarixida birinchi marta to‘liq hajmda qoplandi. Yangi harid qilingan 231 ta zamonaviy reanimobil 4,1 million AQSh dollari miqdoridagi zarur asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlandi. Keyingi bosqichda yana 1200 ta tez tibbiy yordam mashinasini to‘liq va 712 ta avtomobilni qo‘shimcha jihozlash rejalashtirilgan.

Tez tibbiy yordam xizmatini avtotransport bilan to‘liq ta’minlanishi brigadalarning chaqiriqlarga kechikishi holatlarini keskin kamaytirdi. Kechikish holatlarini yanada kamaytirish maqsadida mavjud 2400 dan ortiq brigadadan 1513 tasi  uzoq hududlarda joylashgan aholi punktlariga yaqinlashtirildi. Tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash jarayonini markazlashtirish natijasida bir chaqiriqning dori vositalari bo‘yicha qiymatini har yili kamida ikki barobar oshirib borishga erishildi va joriy yilda ushbu ko‘rsatkich  5800 so‘mni tashkil qilmoqda.

Anjumanda ta’kidlanishicha, Shoshilinch tibbiy yordam tizimi sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik va kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilma hisoblanadi. Birgina o‘tgan yilda ushbu tizim muassasalariga jami 13 milliondan ziyod bemorlar murojaat qilgan bo‘lib, shulardan 9,8 million nafarga yaqini  «103» xizmati bo‘yicha va 3,3 millionga yaqini statsionar tuzilmalarga murojaat qilishgan. 2019 yilning o‘tgan besh oyi mobaynida esa umumiy murojaatlar soni 4 millionda ziyodni tashkil etib, 1,2 milliondan ortiq bemorga statsionar muassasalarda yordam ko‘rsatilgan.  

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning filiallari va subfiliallarida yiliga 300 mingdan ortiq bemorga statsionar sharoitda murakkab xirurgik amaliyotlar o‘tkazilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring