Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yo‘qotilgan Aleksandriya: Amudaryo qirg‘og‘idagi Iskandar Maqduniy qal’asi

Yo‘qotilgan Aleksandriya: Amudaryo qirg‘og‘idagi Iskandar Maqduniy qal’asi

2019 yilning 22-27 avgust kunlari Toshkent, Termiz va Samarqand shaharlarida «O‘zbekiston — buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din madaniyat» meros haftaligi bo‘lib o‘tadi. Ushbu haftalik doirasida 24-25 avgust kunlari Termiz shahrida «O‘zbekiston — sivilizatsiyalar chorrahasi» nomli xalqaro arxeologiya forumi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Aytish kerakki, meros haftaligi mehmonlarini Termizda ko‘plab hayratga soluvchi kashifiyotlar kutmoqda. Ulardan biri Oksiana Iskandariyasi – O‘zbekiston hududidagi eng qadimiy arxeologik yodgorliklaridan biri Kampirtepa shaharchasi bilan bog‘liq. Bu miloddan avvalgi IV asr oxiri va miloddan avvalgi I asrga qadar mavjud bo‘lgan Amudaryo sohilidagi (qadimda Oks) port shahar xarobalaridir.

Haftalik ishtirokchilariga akademik E.Rtveladze boshchiligidagi nufuzli o‘zbek olimlari tomonidan so‘nggi yillarda olib borilgan ulkan ishlar natijalari ilk marta aynan shu yerda e’lon qilinadi.

Ko‘p yillar davomida ilmiy jamoatchilik vakillari «Oksiana Iskandariyasi qayerda - Eski Termizdami, Oy-xonumdami yoki Kampirtepada?» degan savol atrofida munozara olib borishgan. Kongress davomida jahon ilm-fan hamjamiyati, jamoatchilik va OAV vakillarini qadimiy grek tarixchisi va geografi Ptolemey asarlarida yodga olingan va ellinistik madaniyatning Markaziy Osiyodagi g‘aroyib yodgorligi sanalgan afsonaviy Oksiana Iskandariyasi Kampirtepa shaharchasi ekani borasidagi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ma’lumotlar kutmoqda.

Ushbu taxminni tasdiqlovchi arxeologik ma’lumotlar orasida eng avvalo, Oks bo‘ylab g‘arbdan sharqqa 400 metrdan ortiq masofaga cho‘zilgan port-shaharning o‘lchamlari, shuningdek, mustahkam frurion – eshikli, ko‘cha va ibodatxonaga ega, θησαυρὸς (qurbonliklar, muqaddas narsalarni saqlash joyi), mayoqli portni o‘z ichiga olgan nekropol va bandargoh, rivojlangan shaharsozlik tuzilmasi, savdo nuqtalari va hunarmandlar ustaxonalaridan iborat kemalar to‘xtaydigan joy alohida ahamiyat kasb etadi.

Olimlar tomonidan uch shaharcha – Oy-Xonim, Eski Termiz va Kampirtepaning tahlil etilgan ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, faqat Kampirtepadagina ikkita shahardan farqli ravishda makedoniyalik Iskandarning miloddan avvalgi 329–327 yillarda maydoni o‘lchamlari bo‘yicha katta, rivojlangan shaharsozlik tuzilmasiga, qudratli istehkomlar va kapital inshootlarga ega Transoksianaga yurishi haqida guvohlik beruvchi ishonchli materiallar olingan. Bu afsonaviy Oksiana Iskandariyasi ekani ehtimoli bor.

Qal’a jar bilan qurshab olingan asosiy harbiy inshoot, qal’a devori va minorali «quyi shahar» va mahkamlanmagan shahar chekkasidan iborat. Arxeologlar bu yerdan ilk ellinistik, grek-Baqtriya va Kushon-Yuechji davriga tegishli yaxshi saqlangan madaniy qatlamlarni topishgan. Ko‘p sonli topilmalar, shuningdek shahar arxitekturasining o‘ziga xosligi Kampirtepada bir necha asrlar davomida turli madaniyat va dinlar tinch-totuvlikda mavjud bo‘lgani haqida guvohlik beradi.

Bu yerda zardushtiylar, buddaviylar, ma’jusiylar, shuningdek boshqa mahalliy dinlar vakillari yashashgan. O‘zbek ilm-fani tarixida ilk marta Meros haftaligi ishtirokchilariga Oksiana Iskandariyasining 3D shaklidagi installyasiyasi taqdimoti o‘tkaziladi. U qadimiy shaharchani tiklaydi va ushbu arxeologik yodgorlik bilan uning ilk ko‘rinishida batafsil tanishish imkonini beradi.

Shuningdek, keng jamoatchilikni tarix va madaniyatning mashhur yodgorliklari bilan tanishtirish uchun cho‘ntak kitobchasi – pocket book shaklidagi «Oksiana Iskandariyasi (Kampirtepa)» va «Kushonlar: sulola, xalq, yozuv» risolalari taqdim etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring