Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Uyda yolg‘iz» filmidagi Kevinga kim ovoz berganligini bilasizmi? (video)

Uni yaxshi taniysiz!

Faqat ovozi orqali...

Qiyofasi 19 yil davomida siz uchun sir bo‘lgan!

U har yangi yil bayrami arafasi yoki yangi yil oqshomida televizoringiz orqali uyingizda mehmon bo‘ladi!

«Oyi, dada, qayerdasizlar?!... Bazz?... Megan? Rey? Hoooy, kim bor? Frenk amaki? Hazillashayapsizlarmi? Lilli?».

Bu monologni tanimagan tomoshabin bo‘lmasa kerak.

Ayni shu monolog nainki o‘zbek yosh tomoshabinlarining, balki kattalarning ham sevimli kinoiborasiga aylanib ulgurgan.

Anglaganingizdek, «Uyda yolg‘iz» filmidagi uyda yolg‘iz qolib ketgan bolakayning hayajoniga bizni hamdard qila olgan, uni qoyilmaqom qilib o‘zbekcha «gapirtirgan» ovozni yaxshi ko‘rib qolgandik, aslida!

Oradan 19 yil o‘tib, sog‘ingan ovozimiz egasini izlab-izlab, topdik!

Shu paytgacha Kevinni o‘zbekcha «gapirtirgan» ovoz egasi kimligini faqatgina film dublyajida ishtirok etgan aktyorlar nomi qayd etiluvchi titrdan bilardik, xolos. Biroq, ovoz egasini yaqindan hech tanimaganmiz. Bugun esa o‘sha sirli qahramon bilan yaqindan tanishamiz!

Tanishing: Jahongir Ismoilov!

«Uyda yolg‘iz» — 1,2,3-qismlari, «Boyvachcha Rich», «Uddaburon bolalar» — 1,2-3-qismlari kabi bir qator xorij bolalar filmlari, shuningdek, o‘zbek va hind filmlari dublyajida qatnashgan.

U keyinchalik, boshqa soha boshini tutgan bo‘lsa-da, qalbida mudom dublyaj san’atiga bo‘lgan muhabbat yashamoqda. Ovozi esa hamon Kevinni so‘zlatgan paytidagidek beg‘ubor, xushchaqchaq, shod!

Biz uni oradan 19 yil o‘tsa-da, Kevin obrazida gapirtirmaguncha, qo‘ymadik! 

«Uyda yolg‘iz» filmi dublyajiga qanday kelib qolgandi?

«Uyda yolg‘iz» filmi 2003-yil, «O‘zbektelefilm» studiyasida Matyoqub Orziyev rejissyorligida rus tilidan (Yo‘ldosh Abdukarimov tarjimasi) o‘zbek tiliga dublyaj qilingan.

Dublyaj rejissyori Matyoqub Orziyev film bosh qahramoni Kevin Makkalister (Makoley Kalkin)ga ovoz beradigan nomzodni uzoq izlaydi va bu borada yaqin hamkasb do‘sti, o‘sha paytda «Sport» telekanalida bolalar ko‘rsatuvi rejissyori Saidmurod Soatov bilan ham maslahatlashadi. Do‘sti hech o‘ylanmay, unga «Binafsha», «Bolalar sporti» ko‘rsatuvlarida boshlovchilik qiluvchi iste’dodli shogirdi — Jahongir Ismoilov nomzodini tavsiya etadi. Shu tariqa, 13 yoshli Jahongir Ismoilov «Uyda yolg‘iz» filmi dublyajiga jalb qilinadi.

Kevinga ovoz berish istagida omadini sinab ko‘rish uchun kelgan o‘ndan ziyod nomzodlarning bari iste’dodli bolalar edi. Dublyaj rejissyorining ko‘ngli Jahongir Ismoilov nomzodiga chopib tursa-da, boshqa bolalarning ko‘nglini ham cho‘ktirmadi, ularning qalbini ehtiyotlab, muloqot qildi. Navbat sinov topshirish uchun dadasi bilan birga kelgan Jahongirga yetganda, unga ham hammaga aytilgani singari «Rahmat! Sinov natijasini telefonda ma’lum qilamiz!» mazmunida javob qilib, xayrlashadi.

Matyoqub Orziyev Kevin obraziga ovoz berish uchun sinov topshirgan barcha bolalarning ovozini sinchiklab tinglab, o‘rganadi, tahlil qiladi va Jahongir Ismoilov nomzodida to‘xtaydi. Rejissyor tanlovda adashmagandi! 13 yoshli Jahongir esa uni hali oldinda qanday zafar kutayotganini bilmasdi!

Dublyaj rejissyori Matyoqub Orziyev film rejissyori uslubini qo‘llagandek go‘yo. Gap shundaki, Kevin roli Makoley Kalkin uchun maxsus yozilgan bo‘lsa-da, kastingda yuzdan ortiq bola ishtirok etgan. Film ijodkorlari Kevin roliga Makoley Kalkindan boshqa odam mos emasligiga ishonch hosil qilish uchungina kasting o‘tkazishgan ekan.

O‘shanda birinchi marta dublyaj studiyasiga tashrif buyurdim, birinchi marta ovozimni yozib ko‘rishdi

Jahongir Ismoilov: — Avvalambor, shu film dublyajida ishtirok etishimga sababchi bo‘lgan ustozim Saidmurod Soatovga katta rahmat aytaman! Nasib qilgan ekan, Kevinga meni ovozim tushib, tanlovdan o‘tdim. Xursandchiligimning cheki va mendan baxtiyor bola yo‘q edi o‘shanda! To‘g‘risi, kutmagan edim tanlovdan o‘taman deb. Kutilmgan joydan bunday xushxabarni eshitganda, odam hayajonlanar ekan xursandchilikdan.

Mikrofon oldidagi ilk hayajonni hamon eslayman. Garchi, ungacha bolalar ko‘rsatuvidagi chiqishlarimda orttirgan tajribam bo‘lsa-da, lekin birinchi marta dublyaj bilan yuzlashgandim. O‘shanda birinchi marta dublyaj studiyasiga keldim, birinchi marta ovozimni yozib ko‘rishdi. Shunday keyin hammasi tezlashib ketdi, dublyaj jarayoni boshlandi.

Avvaliga, bir hafta, o‘n kun rosa qiyin kechgan, yangi muhit, yangi sohaga ko‘nikishim. Ovoz berish jarayonlarida men bilan bog‘liq ko‘p uzilish, dubllar bo‘lgan boshida. Keyin sekin-sekin moslashganman.

Kevin ertalab uyg‘onsa, uyda hech kim bo‘lmaydi-ku! Dublyaj sinoviga kelganimda, ayni shu joyiga, uyda yolg‘iz unutilib, qoldirib ketilganini payqagan qahramonning holati bilan bog‘liq epizodga ovoz berdirib ko‘rishgan. Dublyaj jarayoni boshlanganida ham, yodimda eng ko‘p qolib ketgani mana shu epizod bo‘ldi. Nimaga deysizmi? Chunki, qahramonimning aka-opalari va boshqa yaqin qarindoshlari ismini aytishi oralig‘ida ma’noli pauzalar borki, bu pauzalar borgan sari Kevindagi qo‘rquv hissini ifodalashi zarur edi. Ayni mana shu epizodni rosa ko‘p dubl qilganmiz. Oradagi pauzalarni birinchi urinishda o‘xshatolmaganman. Oddiy chorlovga o‘xshab qolgan. Keyin Matyoqub aka bafurja tushuntirganlar: «Kevinning yuzida qo‘rquv bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Mana shu qo‘rquvni tomoshabin seni ovozingdan ham anglasin-da! Shuni o‘xshatmaguningacha hisobmas!» Uzoq harakat va urinishlar natijasida ayni kutilgan holatga erishganmiz.

Fe’l-atvorim Kevinniki singari sho‘x bo‘lganligi sababli ham, unga ovozim tushgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylab qolaman. Maktabda sho‘x, o‘yinqaroq bola bo‘lganman. O‘rtoqlarim ham, o‘qituvchilarim ham buni bilishardi. Balki shuning uchun ham Kevin qahramoniga tezda moslashib ketdim.

Dublyaj boshlanishidan oldin ijodiy guruh mendan «Bu filmni ko‘rganmisan?» deya so‘rashgan va film voqeasi, bosh qahramon xarakteri haqida tushuncha berib, sharhlab berishgan. Avval ham ko‘rgandim filmni, ovoz berayotganligim sababli, keyin boshqacha ko‘z bilan yana takror ko‘rganman. Qahramonimni batafsil o‘rganganman, uning xarakteriga, o‘ziga xos qiliqlariga, baqirishlariga (kuladi), gaplashish ohangiga ovozni tushirish kerak edi-da. Bu borada ustozlarim Kamoliddin Usmonov, Yo‘ldosh Abdukarimov, Komil Tursunboyev, Matyoqub Orziyevlar yaqindan ko‘mak berishgan. 

Ustoz san’atkorlar bilan yelkama-yelka, yonma-yon bir davrada, bir studiyada ishlash maroqli kechgan. Lekin 13 yoshli Jahongir uchun buni o‘ziga yarasha hayajoni, bosimi ham bo‘lgan. Ushbu film dublyajida Mirzabek Xolmedov, Obid Asomov, Noila Toshkentboyeva, Fayzulla Ahmedov, Hojiakbar Nurmatov, Oybarchin Bakirova, Barno Qodirova, Zulxumor Mo‘minova, Siddiq Sanayev kabi xizmat ko‘rsatgan, xalq artistlari ishlashgan. Ular menga yo‘l-yo‘lakay ko‘p narsani o‘rgatib ketishgan. Ya’ni, vaziyatdan kelib chiqib, unday emas, bunday desang, yaxshi bo‘ladi mazmunida. Lekin bu davrada hayajonlanmasdan iloji yo‘q edi! Dublyajning ilk kuni qiynalayotganligimni ko‘rgan rejissyorimiz, ustozim Matyoqub aka zimdan meni kuzatib, ich-ichlaridan tushunganlarini his qilib turganman. polaponning ilk parvozida ona qushning hissasi katta bo‘lganidek, ustozim ham meni qo‘llab-quvvatlab turganlar. Yonimda turib, «Sendan chiqadi, yana ozgina holat qo‘shamiz!» deya dalda, hamnafas bo‘lganlar. Qiynalish qaysi ma’noda bo‘lganki, boshida ko‘p dubllar, ko‘p uzilishlar hisobiga asta-sekin kutilgan natijaga erishganmiz. Misol uchun, ovoz berayotganda, bir vaqtni o‘zida matnni o‘zlashtirgan holda, shu bilan birga holatga kirib, qahramonning lab harakatiga monand siz ham unga labingizni tushirishingiz kerak. Qahramoningiz hissiyotlari bilan sizniki yakdil bo‘lishi, uning yuz ifodasiga mos ovoz ohangini topa olishingiz juda muhim. Dublyaj jarayoni shirasini tushunib olganingizdan so‘ng, qahramonni ham o‘zingizniki qilib olasiz. Dublyajni yarmiga kelib, menda ham shunaqa holat sodir bo‘lgan. Hammasi asta iziga tushib ketdi va men film dublyajida Kevin bilan birga yashashni boshladim.

Boshqa aktyorlarga nisbatan Obid Asomov va Mirzabek Holmedov bilan ko‘proq birga ishlganmiz. Sababi, filmda asosan shu uchlik — Kevin, Garri va Marvin ishtirok etadi va tabiiyki, ularning bir-biri bilan muloqoti ham ko‘p. Bu ikki partnyorim bilan maza qilib ishlaganman! Chunki, ularning gapirishi, xatti-harakatini ko‘rib ham, zavqingiz oshadi-da! Jarayon doim xushkayfiyatda o‘tardi. Hammaning kayfiyati zo‘r bo‘lardi, xullas! Tanaffus paytlari bu ikki inson bilan ko‘p suhbatlashardik. Ular menga o‘xshamayroq turgan, kutilgan natija chiqmayotgan joylarida «Mana bunaqa xarakter qo‘shgin-chi!», deya turtki berib yuborishardi. 

Bo‘yim kichkina bo‘lganligi sababli, mitti kursi (taburetka) qo‘yib berishgandi. Chunki, mikrofon mendan ancha balandroq joyga o‘rnatilgandi. Obid akani ham bo‘ylari baland bo‘lmaganligi bois, u kishi ham mitti kursiga chiqib, ovoz berardilar.

 Dublyajga, qahramoningizga endi ko‘nikdim deganingizda, mehringiz tushib qolganda, jarayonning tugab qolishi odamni dilgir qilardi... Hattoki, bu jarayonga qattiq o‘rganib qolganligimdan, dam olish kunlari ham borib ishlagim kelardi, ko‘ngil o‘sha yerga tortaverardi. Borgim kelaverardi dublyajga!... Ichkaridagi ijodiy muhit, aktyorlar, dublyaj jarayoni... Bir so‘z bilan aytganda, o‘sha yerda yashaganmiz!

Filmning 1-qismi dublyaji nihoyalangach, 2-qismi dublyaji boshlangunga qadar orada qisqa tanaffus bo‘lgan. O‘sha tanaffus ham menga uzoq vaqtdek tuyulgan. Ichimda bir o‘y — tezroq 2-qism dublyaji boshlansa-yu, tezroq meni chaqirishsa-da va men o‘sha muhitga tushsam!

«Uyda yolg‘iz»dagi Kevinga ovoz berganim haqidagi xabar butun maktabga ovoza bo‘lib ketgan!

Sinfdoshlarimga «Uyda yolg‘iz» filmiga ovoz berayotganimni aytib, suyunchisini ham olishga ulgurgandim. Yangi yil arafasi, qishki ta’til payti film dublyaji tugab, efirga chiqqach, hamma ko‘rgan.

Ta’til tugab, o‘qish boshlangach, maktabda kim meni ko‘rib qolgudek bo‘lsa, film haqida pichir-pichir gapirishayotganlarini sezib qolardim. Bilsam, chaqqon sinfdoshlarim bu haqda butun maktabga yoyib bo‘lishgan ekan. Shunday qilib, «Uyda yolg‘iz»dagi Kevinga ovoz berganim haqidagi xabar butun maktabga ovoza bo‘lib ketdi. Ko‘chada hamma meni «Kevin! «Uyda yolg‘iz»« deb chaqirishni boshlashdi. Buni to‘g‘ri qabul qilganman. Ochig‘i, 13 yoshli bolakay uchun bu yoqimli ham edi. O‘zimda yo‘q xursandman! Hamma taniyapti! «Ovozing qahramonga tushibdi, zo‘r chiqibdi!» degan maqtovlar qurshovida ancha paytgacha yulduzlik onlarini boshimdan o‘tkazdim.

O‘z ovozimni o‘zim tanimaganman!

Filmni televizordan ilk bor oilaviy tomosha qildik. Televizordan yangragan ovozimni o‘zim eshitdim-u, qulog‘imga boshqacha tuyuldi. Xuddiki, bu men emas! Mening ovozim emas! Keyinchalik, filmni takror ko‘ravergachgina, ovozim quloqqa moslashgan. Xullas, o‘z ovozimni televizordan eshitganda, tanimaganman.

Hozirgacha ham filmni televizorda ko‘rsatishsa, erinmasdan, har safar ko‘raman. Farzandlarim bilan birga tomosha qilamiz. Ular ham yaxshi ko‘rishadi bu filmni. Film boshlanishi bilanoq, bolalarim televizorning oldiga o‘tirib olib, «Ada, kinoingiz boshlandi! Keling, birga ko‘ramiz!», deyishadi. Orada kutilmagan savollar ham berib qo‘yishadi.

Agar bugungi kunda yana Kevinga ovoz bersam, iloji boricha, o‘sha qahramonga moslashib, ovoz berishga harakat qilardim, albatta.

Kevin bilan fikrimiz bir joydan chiqqan!

Bolalikda meni ham uyda yolg‘iz qolgan vaqtlarim bo‘lgan, albatta. Endi, bolalikka borib, odam qo‘rqadi baribir. Ota-onam bajarishim lozim bo‘lgan yumushlarni aytib ketishardi. Ayrim paytlari uyda bir o‘zim o‘tirishdan zerikib, ko‘chaga chiqib ketardim. Lekin Kevinniki singari sarguzashtlarga duch kelmaganman. Shunday bo‘lsa-da, ovoz berish jarayonida Kevinni yaxshiroq tushunish uchun uning tushib qolgan sharoitiga o‘zim qo‘yib ko‘rganman. Hatto, tasavvur ham qilib ko‘rganman uning boshidan nimalar o‘tganligini. «Agarda Kevinning o‘rnida men bo‘lganimda, nima qilardim?» degan savolni ham o‘zimga ko‘p bora berganman. Bola yoshingizda bolalarcha fikrlaysiz-da! Men ham bolalarcha o‘z tasavvurimda fikrlaganman. Xullas, Kevin bilan fikrimiz bir joydan chiqqan!

«Uyda yolg‘iz»dan keyin boshqa filmlar dublyajiga ham taklif etishdi. «Boyvachcha Rich»da yana Makoley Kalkin ijrosidagi bosh qahramonga ovoz berdim. Faqat bu safar u ham, men ham ulg‘aygan edik. Shuningdek, ko‘plab hind filmlaridagi epizodik qahramonlarga ovoz berish uchun ham chaqirishardi. Keyin yana, Valijon Shamsiyev bosh rolni o‘ynagan «Qiziljarlik Eshmat» nomli film bosh qahramoniga ovoz berdim.

Boshqa sohani tanlagan bo‘lsam-da, dublyaj doimo qalbimda. Dublyajni hanuzgacha qo‘msayman! O‘tgan yillar ichida ustozlarimiz Kamoliddin Usmonov, Yo‘ldosh Abdukarimov, Matyoqub Orziyevlar birin-ketin olamdan o‘tib ketishdi. Shu ham sabab bo‘lib, men ham dublyajdan uzilib qoldim. Keyin dublyajga qaytib bormadim... Ikki marta San’at institutining aktyorlik bo‘limiga o‘qishga topshirib, ikki marotaba urinishda ham o‘qishga kirolmaganman. Bu ham san’at yo‘nalishida ketmaganligimga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozir dublyaj ishi bo‘yicha taklif bo‘lsa, jon deb boraman! Juda xursand bo‘lardim. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, dublyajni unutganim yo‘q. Dublyajda yana ijod qilish nasib qilsa, ajabmas!

Yuzimni ko‘rishmagan bo‘lsa-da, ovozimdan tanib qolishardi

Bolalik davrimda yuzimni ko‘rishmagan bo‘lsa-da, ovozimdan tanib qolishardi. Bozor yoki odam gavjum joylarda so‘zlashsangiz, yuzingizga ko‘zlari tushmasa-da, ovozingiz eshitiladi. Shunda, «Voy! «Uyda yolg‘iz» dagi bolani ovozi-ku!» deb gapirgan sezgir odamlar ham bo‘lgan. Yoki yana boshqa odamlar yonimga kelib, «Ovozingiz tanish tuyulyaptida...? Qayerda eshitganman-a?», deb savolga tutishardi. Ularga javoban, «Ha, men o‘sha, «Uyda yolg‘iz»dagi Kevinga ovoz berganman» desam, ko‘pchilik bunga ishonmasdi. Hayron bo‘lib, «A- a- a-a, yo‘g‘e?», deb qo‘yishardi.

O‘rtoqlarim, ko‘chadagi tanish-bilishlar Kevinning ovozida gapirib berishimni iltimos qilishardi, bunga ishqibozlar ko‘p edi. Men esa ularga bu ovoz dublyaj studiyasida yozilgan, hozir o‘xshamaydi desam ham, baribir, o‘sha ovozda gapirtirmaguncha qo‘yishmasdi.

Men zavqqa to‘lib ishlagan yana bir film bu — «Uddaburon bolalar» (3 qismli) fantastik filmi. Unda ham bosh qahramonga ovoz berganman. Mazkur film dublyajida Zulxumor Mo‘minova bilan birga ishlaganmiz. Mahoratli dublyaj aktyori, rejissyori Shomahmud Shorasulovdan ham ayni shu «Uddaburon bolalar» filmi dublyajida sohaga oid ko‘p narsa o‘rganganman. U kishi tabiatan og‘ir, bosiq, kamgap inson. Lekin dublyaj jarayonida men bilan gaplashar ekanlar, butkul boshqa odamga aylanardilar. Demochimanki, menga ko‘proq yon bosib, hali bola ekanimni hisobga olib, gaplashardilar. 

Barcha ustozlarimdan butun umr minnatdorman! O‘tgan ustozlarmizning ruhlari shod bo‘lsin! Dublyajda birga ishlash nasib qilgan hozirda hayot ustozlarga sihat-salomatlik, uzoq umr tilayman! Ustozlarmizga xalqqa hali ko‘p yillar xizmat qilish nasib etsin! Biz shogirdlar ham ularning xizmatida bo‘laylik. Ular bilan ko‘rishib qolgudek bo‘lsam, maza qilib suhbatlashardim. Oradan ancha vaqt o‘tib ketdi. Ko‘pchiliklari bilan anchadan buyon ko‘rishmaganmiz. Xudo xohlasa, yana dublyajga borish nasib qilsa, ular bilan diydorlashamiz, degan umiddaman!

Ustoz Matyoqub Orziyevni xotirlab...

Matyoqub Orziyev... U kishi hozir oramizda yo‘qlar, lekin bu inson bog‘liq yaxshi xotiralarim ko‘p. Halim odam edi, rahmatli. Bu insonni ko‘p eslayman! Mana shu odamni e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi sababli, dublyaj zavqidan bahramand bo‘ldim! 

«Mana bu yerda matnni o‘qivoryapsan, o‘qimasdan, gapirish kerak!» deya muloyimlik ila dublyaj sirlarini o‘rgatardilar. Biror bir kasbga yangi kelsangiz, sizga kimdir turtki berib, yo‘l-yo‘rig‘ini ko‘rsatsa, asta o‘sha kasbni o‘zlashtirasiz. Menda ham xuddi shunday vaziyat bo‘lgan. Matyoqub akaning bir yaxshi odati bor edi. Studiyaga kelishingiz bilanoq, ovozingizni yozishga shoshmasdilar. Dublyajdan avval, bir muddat suhbatlashardik, so‘ng ishga kirishardik. Har safar kelasi gal ham vaqtliroq kelgin-a, deb tayinlardilar. Boshqa aktyorlar kelmasidan oldin studiyaga yetib borardim. Ustozim matn bilan obdon tanishtirardilar. Keyin matnni umuman chetga surib qo‘yardilar va men film voqeligiga qanday qilib sho‘ng‘ib ketganimni bilmay qolardim.

«Hozir xalq artistlari, tajribali aktyorlar keladi. Hayajonlanmagin! O‘zingni shunaqa tutginki, go‘yo sen ham xuddi o‘sha aktyorlar kabi 15-20 yildan beri dublyajni ichida yurgan odamsan! To‘g‘ri, hali yosh bolasan. Lekin ular ham seni o‘zingni shunaqa tutishingni ko‘rib, qoyil qolishsin!», deb meni ruhlantirardilar. Yana «Meni uyaltirmagin-a!», deb ham qo‘shib qo‘yardilar. Mana shu o‘rgatgan o‘gitlari, bergan qimmatli maslahatlari menga ancha yordam, dalda bergan. 

«Uyda yolg‘iz» filmi dublyaji hayotga boshqacha nigoh bilan qarashni o‘rgatdi!

 «Uyda yolg‘iz» filmi dublyaji yulduzlik onlari, zavq, xursandchilikdan tashqari, eng asosiysi, hayotga boshqacha nigoh bilan qarashni o‘rgatdi! Tasavvur qiling, maktabda o‘qib yurgan yosh bola birdaniga boshqa dunyoga tushib qoldi-da! Televideniye, dublyaj sohasiga kirib borar ekansiz, boshqa olamni kashf qilasiz! Aktyorlar, ularning salobati, ichkaridagi muhit... Bo‘layotgan suhbatlar shirasi, fayzi sizni qo‘yib yubormaydi! Bari yoqimli hislar edi! Mana shu muhitda tez ulg‘ayib qolganman, go‘yo... 

Lobar Qobilova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring