Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Terminator» prodyuseri navbatdagi filmini O‘zbekistonda suratga olmoqchi

«Terminator» prodyuseri navbatdagi filmini O‘zbekistonda suratga olmoqchi

Foto:«O‘zbekkino»

AQShlik mashhur prodyuser Lourens Alan Kasanoff O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi a’zolari hamrohligida Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarini o‘zining navbatdagi filmi uchun lokatsiyalar tanlash maqsadida ko‘zdan kechirdi.

Yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik natijasida O‘zbekistonda Gollivud blokbasterining bir qismini suratga olish ishlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi AQSh kinoijodkorlarining yurtimizda mazkur filmni tasvirga olishini tashkil qilish va AQShdan kelgan kinoijodkorlarga tasvirga olish jarayoni davomida to‘liq ko‘mak ko‘rsatish masalasida kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, Lourens Kasanoff «Mortal Combat» franshizasi asoschisi, «Terminator», «Lego-yulduzlar jangi» kabi filmlar prodyuseri hisoblanib, «Terminator 2: Judgment Day» (Terminator 2: Qiyomat kuni) kartinasi uchun Oskar mukofotiga sazovor bo‘lgan. U Arnold Shvarsenegger bosh qahramon rolini ijro etgan va Jeyms Kemeron rejissyorlik qilgan «True Lies» (Chin yolg‘onlar) filmida ijrochi prodyuser vazifasini bajargan.

Lourens Kasanoff 1990 yil kinorejisser Jeyms Kemeron bilan birgalikda «Lightstorm Entertainment» kinokompaniyasiga asos soladi. Ushbu kinokompaniya shu kungacha «Titanik», «Avatar» singari filmlar prodyuserligi bilan shug‘ullangan. Lourens 200 ortiq filmlar yaratilishda ishtirok etib, kinobiznesda milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘plagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi kinoturizmni rivojlantirish, xorijiy kinokompaniyalar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida filmlarni tasvirga olish ishlarida qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakat kinolokatsiyasini xorijda keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 iyuldagi PQ-3880-son qaroriga asosan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, «O‘zbekkino» milliy agentligi va kinematografiyani rivojlantirish markazi tizimida tashkil qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring