Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tarixga qiziquvchi tadbirkor mehmonxona qurish asnosida qadimiy bino qoldiqlarini topdi (foto)

Tarixga qiziquvchi tadbirkor mehmonxona qurish asnosida qadimiy bino qoldiqlarini topdi (foto)

Buxoro shahrining «Mehtar anbar» ko‘chasida olib borilayotgan qurilish ishlari jarayonida quruvchilar tarixiy topilmaga duch kelishdi. Bu haqda yosh tarixchi Madrahim Turdiyev Xabar.uz’ga ma’lum qildi.

Manbaaga ko‘ra, tadbirkor Muhammad Boltayev tomonidan 6 sotxli tashlandiq maydonda uy mehmonxonasi barpo etish maqsadida qurilish ishlari olib borilayotgan paytda tarixiy topilmaga duch kelingan. Tadbirkor tarixga qiziqishi yuqoriligi sabab uni ehtiyotkorlik bilan ochgan.

Ma’lum bo‘lishicha, qadimda bu manzil «Bozori kafsh», ya’ni oyoq kiyim sotiladigan bozor bo‘lgan. Ushbu bozorda eski hammom ham bo‘lib, bunyodkorlik qazishmalari jarayonida chiqqan bu topilma «Kafshi olak» hammomining qoldiqlari ekanligi aniqlangan.

— Buxoroning qadimgi robot qismidagi yer ostidan topilgan bu inshoot, bizning nazarimizda, XVI asrga oid hammom. Olib borilayotgan tadqiqot ishlari YuNESKO talabiga to‘liq javob beradi va bu borada aniq fikrga kelish uchun tezkor ishlar olib borilayapti. Inshoot ichidan topilgan yana bir qancha buyumlar XIX asrga oidligini isbotlaydi. Topilma tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, undan turistik manzil sifatida foydalanish mumkin. Ushbu inshootni restavratsiya qilish, maxsus oynalar orqali o‘rash va sayyohlar uchun ko‘rgazma va namoyishlar maskaniga aylantirish taklifini beraman ,— dedi Ermitaj katta ilmiy xodimi Hasan Targuyev (Rossiya).

Buxoro viloyat tarixchilar jamiyati raisi Azalshoh Hamroyevning bildirishicha, XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoroda bu kabi 18 ta hammomlar bo‘lgan. Tarixiy topilmani o‘rganishga zudlik bilan rossiyalik va mahalliy arxeologlar jalb qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring