Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

San’at sohasida xalqaro ekspert Senatga murojaat yo‘lladi

San’at sohasida xalqaro ekspert Senatga murojaat yo‘lladi

Husniddin Ato

Taniqli musiqashunos va san’at sohasida xalqaro ekspert Husniddin Ato O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatiga murojaat yo‘lladi.

Murojaatda qonunchilik idorasi tomonidan qabul qilingan to‘ylar va oilaviy tantanalarga oid hujjatda an’anaviy va xalq musiqa merosi vakillari manfaatlari inobatga olinmagani qayd etilgan.

Avval xabar qilinganidek, joriy yil 14 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati kengashlari qo‘shma qaror  bilan «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi Nizom tasdiqlandi.

Mazkur hujjatda to‘ylar, oilaviy tantanalar va marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Husniddin Atoga ko‘ra, bugun mamlakatimizdagi to‘ylar 99 foiz holatda estrada ijrochilari ishtirokida o‘tadi. Ushbu sharoitda xonanda yoki guruhlarga ikkitagacha cheklov qo‘yilishi an’anaviy yo‘nalishda ijod qilayotgan san’atkorlarning marosimlarga chaqirilish imkonini keskin kamaytiradi.

«Bizningcha, to‘y va oilaviy marosimlarda an’anaviy va mumtoz yo‘nalishdagi ijrochilar soni cheklanmasligi kerak. Faqat shu yo‘l bilan bebaho merosimizni targ‘ib etishimiz va kelajak avlodga yetkazishimiz mumkin», – deydi murojaat muallifi.  

Ekspertning xavotir ila qayd etishicha, bugun zamonaviy estrada va an’anaviy musiqa bir qozonda qaynamoqda. Oqibatda, hamisha davlat muhofazasiga muhtoj bo‘lib kelgan an’anaviy musiqa vakillarining nasibasi qirqilmoqda.

Murojaatda mamlakat Senatiga to‘ylarga oid hujjatga an’anaviy va mumtoz yo‘nalishdagi san’atkorlarga oid alohida band kiritish tavsiya qilingan.

Murojaat muallifi 2018-yil 24-martda ham Senatga san’atni rivojlantirish bo‘yicha maktub yo‘llagani, ammo takliflari e’tiborsiz qoldirilganini eslatib o‘tgan.

O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda «Transglobal World Music Chart» (TWMC) a’zosi bo‘lgan Husniddin Ato milliy musiqiy merosni muhofaza qilishda mustaqil ijodkorlar roliga alohida ahamiyat berishga undab keladi. Xususan, an’anaviy va xalq musiqa merosini targ‘ib etishda  xususiy sektorga davlat tashkilotlari bilan teng imkoniyat va imtiyozlar berilishi lozim deb hisoblaydi.

U rahbarlik qilayotgan «OXUS Culture» jamiyati o‘zbek mumtoz musiqasini dunyo bo‘ylab targ‘ib etmoqda. San’atkorlar guruhi hozirga qadar dunyo bo‘ylab o‘nlab konsertlar o‘tkazgan. Mazkur jamiyat, shuningdek, xorijda va mamlakatimizda muntazam ravishda doston va maqom kechalari ham uyushtirib kelmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring