Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sahro simfoniyasi. Yurtimizning beshta shahrida katta konsert bo‘ladi

Sahro simfoniyasi. Yurtimizning beshta shahrida katta konsert bo‘ladi

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 18-27-iyun kunlari O‘zbekistonning beshta shahrida katta musiqiy loyiha — «OPEN AIR. SAHRO SIMFONIYASI» bo‘lib o‘tadi. An’anaga aylangan loyiha O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining jonli konsertlari va milliy estrada san’atining mohir va yosh san’atkorlari chiqishlarini o‘zida mujassamlashtirgan.

Loyiha Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida I.V.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi yonidagi markaziy maydonda boshlanadi. Musiqa karvoni konsertlar bilan Xiva, Termiz, Qarshi va Shahrisabz shaharlarining tarixiy va san’at maydonlarida yo‘lini davom ettiradi.

  • 18 iyun – Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi oldidagi ochiq maydonda;
  • 20 iyun — Xiva shahridagi «Ichan Qal’a» me’morchilik ansamblida;
  • 23 iyun – Termiz shahridagi Surxondaryo viloyati san’at saroyi amfiteatrida;
  • 25 iyun – Qarshi shahridagi markaziy amfiteatrida;
  • 27 iyun – Shahrisabz shahridagi «Oq saroy» obidasi oldidagi ochiq maydonda.

Barcha maydonlarda loyiha uchun tashkil etilgan konsert zallari, 3000dan 5000 tagacha o‘rindiqlar, musiqaviy chiroq uskunalari bilan yasatilgan sahna, shaharning o‘ziga xosligini aks ettiruvchi vizual ekranlar quriladi.

Konsert dasturlarining har biri viloyatlarning o‘ziga xos tomonlarini hisobga olgan holda alohida tuzilgan. Konsert dasturi mumtoz asarlar, mashhur romantik kuylar va opera musiqalari, filmlar musiqalari, raqs kompozitsiyalarining asl tanlovlari, tomoshabinlar uchun kutilmagan sovg‘a va yana ko‘plab qiziqarli «tuhfa»larni qamrab olgan besh turdagi shoudan iborat.

Open Music jahonning turli xalqlari madaniyatida aks etgan, umuminsoniy qadriyatlarni tasdiqlashga qaratilgan keng ko‘lamli dastur va tabiat hamda san’at uyg‘unligini o‘ziga xos innovatsion multimedia shaklida konsert orqali taqdim etish bilan tomoshabinlarni jalb etadi.



Eslatib o‘tamiz, Open Air Music loyihasi ikki yildan buyon tashkillashtirilmoqda. Shu davr mobaynida O‘zbekiston bo‘ylab ochiq osmon ostida 13 ta konsert dasturlari tashkil etilgan. Konsert dasturiga tashrif buyuruvchilar soni esa 100  000dan ortadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring