Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Restavratsiyami yoki ta’mirlash? Buxorodagi Arkning qulab tushgan devori esingizdami? (foto)

Restavratsiyami yoki ta’mirlash? Buxorodagi Arkning qulab tushgan devori esingizdami? (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Bundan bir necha kun avval (kunlar ancha sovuq edi) ishdan uyga qaytar ekanman, Eskishahardagi Ko‘kaldosh madrasasining so‘l qanoti o‘rab qo‘yilganiga ko‘zim tushdi. Navbatdagi ta’mirlash ishlari boshlab yuborilibdi. Ha, ha, navbatdagi.

Men tarix fakultetini bitirganman. Shu sababli tarixiy obidalarga, ularning ta’miriga imkon qadar e’tibor qaratishga urinaman. Menimcha, Ko‘kaldosh madrasasining so‘l qanoti, hisob bo‘yicha beshinchi marta ta’mirlanayotgan bo‘lsa kerak. Ammo buni isbotlashning imkoni yo‘q.

Aslida tarixiy binolar restavratsiya qilinishi shart. Restavratsiya bir-ikki haftada, emas yillar davomida olib boriladi. Bizda esa buning aksi. Na mutaxassis jalb etiladi, na bir reja bilan ish ko‘riladi.

Ko‘kaldosh madrasasining so‘l qanoti bundan avval shoshmashosharlik bilan ta’mirlangan edi. Ishni haqiqiy ustalar emas, balki JEK xodimlari olib borgan edi, menimcha. Chunki naqshlar bir-biriga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Ishonmaganlar hozir ham borib ko‘rishlari mumkin. Ota-bobolarimiz shunaqangi san’at asari yaratishganki, naqshlar simmetrik ravishda joylashtirilgan. Ammo ta’mirlovchilar shoshmashosharlik bilan ishlaganlari yaqqol ko‘rinib turardi.

Shu gaplarni yozdimu «kimgadir tuhmat qilmadimmi?» degan xayolga bordim va internetga kirib Ko‘kaldosh madrasasi haqida «Tarix.uz» saytidagi ma’lumotlar bilan tanishdim. Ta’mirlovchilarning niyati xolis bo‘lganiga ishonch hosil qildim.

Ko‘kaldosh madrasasi Toshkent shahridagi tarixiy obidalardan biri sanaladi. Madrasa aslida 1551—1575-yillarda qurilgan. Bunga dalil sifatida tarixchilar 1569—1570-yillarda yozilgan vaqfnomani keltiradilar. Biroq 1866—1886-yillarda ro‘y bergan zilzila natijasida peshtoqining yuqori qismi qulab tushadi va madrasa vayronaga aylanadi. 1902—1903-yillarda Toshkent shahri aholisining xayriya mablag‘lari hisobidan ta’mirlash ishlari olib boriladi. Mablag‘ yetishmasligi sababli ishlar to‘xtab qolib, yodgorlik o‘zining avvalgi holatiga qaytarilmadi. Ko‘kaldosh madrasasi va uning yonidagi Xo‘ja Ahror Valiy jome’ masjidi 1865 yilda general Chernyayev boshchiligidagi rus qo‘shini Toshkentni zabt etishida qattiq shikastlandi.

1886 yili rus muhandislari tomonidan xonaqolar va jome’ masjid ta’mirlanishi natijasida o‘zining dastlabki me’moriy ko‘rinishini tamoman yo‘qotdi.

Vaqt o‘tishi bilan o‘zaro urushlar, kuchli zilzilalar, binolarning turli maqsadlarda ishlatilishi, bir necha bor ta’mirlanishi va qayta tiklanishi tufayli madrasa haqiqiy go‘zalligini, muhtashamligini asta-sekin yo‘qotib borgan.

Ayniqsa, XVIII asrning boshlarida madrasa tashlandiq holatga kelib qolgan. Shu asrning oxirida esa karvonsaroy sifatida foydalanilgan. Kommunistik mafkuraning hukmronligi davrida madrasa binosi umuman qarovsiz qolib ketgan: xonalar omborxona, yotoqxona, ustaxona vazifasini o‘tagan.

Tabiiy yemirilish darajasida ham ta’mirlash ishlari olib borilmadi. Davlat tomonidan olib borilgan ta’mirlash ishlaridagi suiiste’molchilik va mas’uliyatsizlik madrasaning yanada ayanchli holatga tushishiga olib keldi.

Madrasani qayta tiklash to‘g‘risida 1974-yilda qabul qilingan loyihalar loqaydlik sababli surunkasiga bajarilmay keldi.

Mustaqillik davrida madrasaning sharqiy tomonidagi jome’ masjid yonidan o‘tgan suv quvurining yorilishi natijasida madrasani ikki marta suv bosib, janubiy qismi zaxlab, sho‘rlanib ketdi. Ushbu devorlar ostida poydevor bo‘lmaganligi sababli 2002 yilda qaytadan g‘ishtlari almashtirilib, yangi poydevor qo‘yildi.

Ko‘kaldosh madrasasi SSSR Ministrlar sovetining 1990 yil 29 dekabrdagi 4372-qaroriga asosan 1991 yil 3 iyunda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi (hozirgi O‘zbekiston musulmonlari idorasi) tasarrufiga topshirildi. Shu vaqtdan boshlab madrasani butkul ta’mirlash uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Mustaqillik davrida Erkin Saidahmedov ilk bor o‘z mablag‘i hisobidan keng ko‘lamli ta’mirlash ishlarini boshlab berdi. So‘ngra bu xayrli ishni Naim ota Jo‘rayev davom ettirib, ko‘zga ko‘rinarli darajaga yetkazdi. Naim ota davrida madrasaning shimoliy va janubiy peshtoqi, ichki va tashqi tomonlari dastlabki holatiga keltirildi.

Keyinroq madrasaning g‘arbiy qismidagi xonaqolarning barchasi hamda shimoli-g‘arbidagi tahoratxona buzilib, loyihada ko‘rsatilganidek binoning birinchi qavati poydevor asosida qaytadan bunyod etildi. So‘ngra 1954-yildan beri ta’mirlanmagan eshik-derazalar ta’mirdan chiqarildi. Madrasaning sharqiy qismidagi binolarning ikkinchi qavati tiklanib, usti yopildi.

1996-yilgacha bajarilgan tiklash va ta’mirlash ishlari asosan xalqning xayr-ehsoni hisobiga bajarilgan. 1996-yildan boshlab ta’mirlash ishlari shahar hokimining yordami hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi va madrasaga tushgan xayr-ehsonlar orqali amalga oshirilgan.

Mustaqillik davridagi ta’mirlash ishlarida buxorolik Ahror Asqarov va Madaniyat vazirligi yodgorliklarni saqlash instituti muhandisi, Ko‘kaldosh madrasasi qurilish loyihasi muallifi va ta’mirchi usta Mirobid Mirzoahmedov kabi insonlar katta xizmat qildilar.

Restavratsiya masalasida fikrlarimni davom ettiradigan bo‘lsam, Amir Temur xiyobonidagi yuridik universitet binosi ham shoshmashosharlik bilan ta’mirlanganiga guvoh bo‘lamiz. Tarixiy binoga akfa romlarini o‘rnatishni aslo oqlab bo‘lmaydi.

Yoki bo‘lmasam, Vestminster universiteti va bu o‘quv dargohi qarshisidagi «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi joylashgan tarixiy binolar ham ko‘ngildagidek ta’mirlangan deb bo‘lmaydi. Bu binolar zamonaviylashtirilgan go‘yo. Haqiqiy bino haqida tasavvurga ega bo‘lmoqchi bo‘lganlar «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasining ortiga o‘tishlari kerak bo‘ladi. Shu o‘rinda mazkur binoda bir vaqtlar O‘zbekiston tarixi muzeyi joylashganini eslatib o‘tish kerak.

Tilga olingan bu ikki bino qurilishini ikkiga bo‘lish mumkin. G‘ishtlariga e’tibor qaratilsa, ikki qavati Rossiya imperiyasi davrida, uchinchi qavati esa sovet davrida qurilganiga guvoh bo‘lasiz. Old tomonidan qarasangiz, bu bilinmaydi. Chunki binolar g‘isht rangi bilan bo‘yalgan. Go‘yo shu bilan xorijliklarni jalb qilmoqchi bo‘lamiz. Ammo chet elliklarni aldab bo‘lmaydi.

Fikrimcha, tarixiy binolarni ta’mirlashni «JEK xodimlari»ga ishonib bo‘lmaydi. Restavratsiyada shoshmashosharlik bo‘lishi kerak emas.

Yana bir gap: negadir bizda Ko‘kaldosh singari tarixiy ob’yektlarni yog‘ingarchilik mavsumidayam ta’mirlanaverishini hech tushunmayman. Kuz, qish, bahorda tarixiy ob’yektlarni ta’mirlashga ruxsat berishni, yumshoq qilib aytganda, ajdodlarning merosiga hurmatsizlik deb bilaman.

Bundan bir necha yil avval rasmiy matbuotda tarqalgan xabar yodingizdami? Hukumat Buxorodagi Arkning qulab tushgan devorini tiklash uchun mablag‘ ajratgani yoritilgan edi. Lekin o‘shanda hech kim o‘sha qulab tushgan devor bir-ikki yil ilgari ta’mirdan chiqarilganiga e’tibor qaratmagan edi. Devor shoshmashosharlik bilan ta’mirlangani bois qulab tushgan.

O‘zbek me’morchiligida Samarqand, Buxoro, Xorazm uslubi bor. Samarqand me’morchiligida bino qurilganidan so‘ng naqshlar beriladi. Buxoroda esa g‘ishtlarning o‘zidan san’at asari yaratilgan. Minorai kalon, Somoniylar maqbarasi bunga misol bo‘la oladi. Xivada esa binolarga naqshli plitalar qoplab chiqilgan.

Biz san’at asarlarini san’at asari kabi ta’mirlashni o‘rganishimiz kerak. Tarixiy binolarimiz xuddi Alisher Navoiy teatri restavratsiya qilinganidek ta’mirlanishi lozim.

Har bir davrda qurilgan binolar o‘sha davrni eslatib turishi shart. Agar «O‘zbekiston» mehmonxonasi, O‘zbekiston tarixi (avvalgi Lenin) muzeyi, Rassomlar uyushmasining ko‘rgazmalar zali qora oynalar bilan «bezatilgani»da bormi... ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lardik.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring