«Ma’naviy ekspertiza» bekor qilindi
Media mahsulotlarini «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Ijtimoiy tarmoqlarda media mahsulotlarini «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazish joriy etilganligi yuzasidan xabarlar tarqalgandi.
Adliya vazirligi tomonidan mazkur masala o‘rganilganda unda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi umummajburiy kuchga ega bo‘lgan huquqiy normalar belgilanganligi aniqlangan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq vazirlik va idoralarning shunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bu turdagi hujjatlar tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Shu bois, media mahsulotlarini «ma’naviy ekspertiza»dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilinganligi va ijrodan chaqirib olinganligi ma’lum qilinadi, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari tomonidan turli manbalarda tarqatilgan media mahsulotlarning amaldagi qonunchilikka zidligi aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy fikrlar tarzida vakolatli organlarga belgilangan tartibda taklif kiritib borish maqsadga muvofiqligi haqida tavsiyalar berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter