Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kinokarvon»ning viloyatlarga safari aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda

«Kinokarvon»ning viloyatlarga safari aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda

«O‘zbekkino» Milliy agentligi tashabbusi bilan taniqli kinoijodkorlardan tashkil topgan «Kinokarvon» guruhi Samarqand viloyatiga safarini yakunlab, Navoiy va Buxoro viloyatlariga yo‘l oldi. «Kinokarvon» dasturidan hududlarda taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, fotosessiyalar va yangi filmlar namoyishlari o‘rin olgan. Namoyishlarda filmlar ijodkorlari ham ishtirok etishadi.

Xabaringiz bor, 26 mart kuni «Kinokarvon» guruhi Samarqand shahar 71-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida «Mening qahramonim» mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Samarqand shahar «Sharq yulduzi» kinoteatrida ijodiy uchrashuv, «Hayrat» filmining premerasi, 27 mart sanasida Samarqand shahar yoshlar markazi binosida «Men terrorchi emasman», 28 mart kuni Payariq tumani madaniyat markazi va Urgut tumani «Urgut» kinoteatrida ijodiy uchrashuv o‘tkazilib, «Men terrorchi emasman» filmi taqdim etildi.

Eslatib o‘tish joizki, «O‘zbekkino» Milliy agentligining «Kinokarvon» loyihasi joylarda aholini tomonidan juda iliq kutib olinmoqda. Bu loyiha tomoshabinlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, shu kabi namoyish va uchrashuvlarni ko‘paytirish takliflari kelib tushmoqda. Loyiha joylarda aholining kayfiyatiga va yuqori madaniy hordiq chiqarishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

5 aprel kuni «Kinokarvon» guruhi ijodkorlari bilan Navoiy shahridagi Yoshlar markazida «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan «O‘zbekfilm» DUK tomonidan suratga olingan «Muqimiy» filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.

Fotih Jalolovning «Muqimiy» filmi tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Namoyishdan so‘ng, «Kinokarvon» guruhidagi ijodkorlar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. So‘ngra, Navoiy viloyati markaziy xiyobonda bolalar va o‘smirlar uchun agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Muxammadali Iskandarovning innovatsion «Sinemobil» kinoteatrida «Men terrorchi emasman» filmi namoyish etildi. Namoyishdan so‘ng, ijodkorlar bilan suhbatlar tashkil etildi.

6 aprel kuni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi «Nafosat» madaniyat markazida ijodiy uchrashuv hamda fantastik musiqali komediya janrida Ergash Mo‘minov tomonidan suratga olingan «Orzular qanotida» badiiy film namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Karmana tumanidagi Musiqa va san’at maktabida multfilmlar namoyishi hamda animatorlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Bolalar va o‘smirlar zamonaviy multfilmlarni yaratish jarayonlari va animatsiya san’ati sirlaridan bahramand bo‘lishdi. Navbahor tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabida ham kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuv va «Muqimiy» badiiy filmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Nurota tumanidagi «Nurafshon» kinoteatrida esa ijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvdan so‘ng agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan «Imom Abu Muso at-Termiziy» tarixiy-badiiy film namoyish etildi. Navoiy davlat konchilik instituti zalida esa Zulfiqor Musoqovning «Hayrat» filmi taqdimoti o‘tkazilgan bo‘lsa, Konimex tumani madaniyat markazida Jahongir Qosimovning «Ibrat» tarixiy-badiiy filmi namoyish etildi.

7 aprel kuni Kinokarvon Buxoro viloyatiga yo‘l oladi. Buxoro viloyatida ham bir qator namoyish va ijodiy uchrashuvlar rejalashtirilgan. Xususan, Buxoro viloyati Yoshlar markazida «Hayrat» filmini namoyishi, Peshku tumani Musiqa maktabida «Abu Muso at-Termiziy» filmi, Shofirkon tumani «Shofirkon» kinoteatrida «Muqimiy» filmi, Rometan tumani «Bog‘i turkon» madaniyat uyida «Ibrat» filmi, «Qorako‘l» yoshlar teatrida «Orzular qanotida» filmlari namoyish etildi. Taniqli kinoijodkorlar bilan davra suhbatlari, mahorat darslari va fotosessiyalar tashkil etiladi.

8 aprel kuni «Kinokarvon» vakillari oliy ta’lim muassasalari uchun filmlar namoyish etadi. Buxoro davlat universitetida «Muqimiy», Buxoro Muhandislik texnologiya institutida «Orzular qanotida», Buxoro viloyati Tibbiyot institutida «Hayrat», Toshkent irrigatsiya institutining Buxoro filialida «Ibrat», Buxoro viloyati Tibbiyot texnikumida «Abu Muso at-Termiziy» filmlarining namoyishlari ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kinoijodkorlar guruhiga «Sinemobil» kinoplatformasi ham hamrohlik qiladi.

Kinokarvon Buxoro safaridan so‘ng Qashqadaryo viloyatiga yo‘l oladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring