Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Iqbol Mirzo: «Til – odam DNKsidagi ohanglar jilosidir»

Iqbol Mirzo: «Til – odam DNKsidagi ohanglar jilosidir»

Foto: Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati

Yozuvchilar uyushmasida «Onajonim – she’riyat» to‘garagi a’zolari bilan  uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv til mavzusiga bag‘ishlandi. 

– Til – odam DNKsidagi ohanglar jilosidir, – deydi shoir Iqbol Mirzo. - Darhaqiqat, til – millatga, Vatanga bo‘lgan hurmatning bosh ifodasidir. Ona tilimizni boshqa tillar bilan qorishtirish, o‘zligizimizni yo‘qotish demakdir. Chunki millatning ertangi kuni, uning bardavomligi til bilan uyg‘undir.

Shuningdek, jonli muloqot «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.

Suhbat davomida Farmonda bugungi tilshunoslikdagi muammolar va sohada oldinda bajarish lozim bo‘lgan vazifalarga yo‘l ochilgani ta’kidlandi. 

 – Bugungi kunda tilimizni buzib gapirayotganlarga biz yoshlar befarq bo‘lmasligimiz kerak, – deydi to‘garak a’zosi Komila Tursunova. – Shahrimiz bo‘ylab osilgan ayrim e’lonlarda so‘zlarni to‘g‘ri yozilmasligi, kafe, restoran, mehmonxonalar nomlarini boshqa tilda nomlanishi odamni biroz o‘yga toldiradi. Boisi, xalqimiz o‘ttiz yildirki, o‘z davlat tiliga ega va bu qonunan tasdiqlangan ham. Albatta, har bir fuqaro Vatanimizga, tilimizga daxldorlik hissini tuygan holda, o‘z munosabatlarini bildirib, o‘zbek tilining rivojiga munosib ulush qo‘shishi lozim, deb o‘ylayman. 

Uchrashuvda to‘garak a’zolari tomonidan turli mavzudagi, xususan, yurt va ona tilimizni ulug‘lovchi she’rlar aytildi. Uchrashuv so‘nggida O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzo yig‘ilganlarga yangi she’rlaridan o‘qib berdi. 

 Zulayho Ahmadjonova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring